Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat prezidenti Isxak Gersogga afv etish to‘g‘risida rasmiy iltimosnoma yubordi. Bu haqda 30 noyabr kuni prezident devoni xabar berdi.
Netanyahuning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida unga qarshi jarayon «deyarli olti yildan beri davom etayotgani», ammo tergov boshlanganidan beri «deyarli hech narsa sodir bo‘lmagani»ni, bu ish mamlakatni bo‘lib yuborganini, afv etish esa milliy birlikni tiklashga yordam berishini aytadi. U haftada uch marta sudga kelish talabi uni davlat boshqaruvidan chalg‘itayotganini qo‘shimcha qilgan.
«Mamlakatdagi ko‘pchilik qatori ishonchim komilki, jarayonni zudlik bilan to‘xtatish keskinlikni yumshatish va keng ko‘lamli yarashuvga hissa qo‘shishga yordam beradi – mamlakatimiz bunga juda muhtoj», – deydi Netanyahu.
Noyabr oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil prezidentiga maktub yo‘llab, uni Netanyahuni «to‘liq afv etish»ga chaqirgandi. Tramp Netanyahu «kuchli raqiblar qarshisida Isroilni dadil himoya qilgani» va uni mamlakatni boshqarishdan chalg‘itish o‘zini oqlamasligi haqida yozgan.
Isroilda prezident asosan ramziy funksiyalarni bajaradi, ammo konstitutsiyaviy qonunlardan biri unga «jinoyatchilarni afv etish va ularga nisbatan jazoni yumshatish va almashtirish» vakolatini beradi.
Shuningdek, o‘tmishda Isroil Oliy sudi prezident, agar jamiyat manfaatlari yoki «favqulodda shaxsiy holatlar» talab qilsa, sudlanmagan shaxslarga nisbatan ham afv etish huquqidan foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida qaror chiqargandi.
«Prezident devoni bu jiddiy oqibatlarga olib keladigan favqulodda so‘rov ekanini anglamoqda. Barcha tegishli xulosalar olingandan so‘ng, prezident bu so‘rovni mas’uliyat va vijdonan ko‘rib chiqadi», – deya ma’lum qildi prezident devoni. Bayonotda prezident u yoki bu qarorni qanchalik tez qabul qila olishiga aniqlik kiritilmagan.
Prezident ma’muriyati so‘rovning to‘liq matnini e’lon qildi, unda bosh vazir tomonidan imzolangan xat va uning advokatining 111 sahifadan iborat hujjati mavjud.
Netanyahu – Isroil tarixida sudga chaqirilgan yagona amaldagi bosh vazir hisoblanadi. U pora olishda, shuningdek, korrupsiya ishi bo‘yicha firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Bosh vazirga qo‘yilgan ayblovlar orasida Hollivud prodyuser-milliarderidan shaxsiy va biznes manfaatlari uchun yordam evaziga sigara va shampan vinosi olish ham bor. Bundan tashqari, Netanyahu o‘z faoliyatini yaxshiroq yoritish evaziga ba’zi ommaviy axborot vositalariga yordam berishda ayblanmoqda.


















