Qamalda qolayotgan G‘azo ahli, Putinning Kiyevga navbatdagi tahdidi va Gurjistondagi to‘qnashuvlar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
BMTning Falastinlik qochqinlar va ularga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA hisobotiga ko‘ra, Isroil G‘azoga oziq-ovqat kirishini hamon cheklab kelmoqda.
UNRWA hisobotiga ko‘ra, Isroil G‘azoga zarur oziq-ovqatning bor-yo‘g‘i 6 foizini kiritishga ruxsat bermoqda, bu ikki milliondan ortiq falastinlik uchun jiddiy inqiroz keltirib chiqarmoqda.
Nonvoyxonalar yopilmoqda, oziq-ovqat, ichimlik suv va tibbiy vositalar yetishmovchiligi ortib bormoqda. Davom etayotgan qamal, havo hujumlari, artilleriya otishmalari, uylarning vayron qilinishi va qishloq xo‘jaligi yerlarining buzilishi — bugungi G‘azodagi vaziyatni yaqqol aks ettirmoqda. Qahatchilik iskanjasida qolgan falastinlik oilalar kasallik va sovuq qish sharoitida tiqilinch qochoqlar lagerlarida yashashga majbur bo‘lmoqda.
G‘azoda falastinliklar xavfsiz boshpana yo‘qligi tufayli chiqindixonalarda vaqtincha chodirlar o‘rnatishga ham majbur bo‘lmoqda.
2023 yil oktyabrida boshlangan mojaro natijasida G‘azo aholisining deyarli barchasi ko‘chirilgan. Davom etayotgan humanitar qamal esa oziq-ovqat, suv va tibbiy vositalar tanqisligini yanada chuqurlashtirib, bu inqirozni og‘irlashtirmoqda.
BMT amaldagi har qanday cheklovlarni bekor qilish va humanitar yo‘laklarni ochishga chaqirmoqda, aks holda, ommaviy ocharchilik va azob-uqubatlar yanada kuchayishi mumkin.
Isroilda tanqidga olingan sulh
Isroilning o‘ta o‘ng millatchi vaziri Betsalel Smotrich Bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumati tomonidan Livan bilan imzolangan sulhni keskin tanqid qildi. Uning fikriga ko‘ra, Isroil sulh imzolashga «majbur qilingan» va «Hizbulloh»ni yenga olmagan.
Uning ultrao‘ng lager bo‘yicha hammaslagi Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa sulh bitimiga qarshi ovoz bergan yagona hukumat a’zosi bo‘ldi. U kelishuvni «dahshatli» deb atadi. Ben-Gvirga ko‘ra, kelishuv Livan bilan chegaradosh hududlar uchun kutilgan natijani bermaydi.
Radikal siyosatchi Eliyahu ham mazkur kelishuvga qarshi fikr bildirib, unda muhim shartlarning, jumladan, «Hizbulloh»ning qurolsizlantirilishi va bufer zonasi yaratish masalalarining yo‘qligini tanqid qildi.
«Biz hududga katta zarar yetkazdik, bu — yaxshi. Ammo uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash uchun aniqroq qarorlar qabul qilishimiz kerak», — degan Eliyahu. Uning ta’kidlashicha, Isroil janubiy Livanning okkupatsiya qilingan hududlarini bo‘shatmasligi va qo‘shinlarini bu yerdan chiqarmasligi lozim.
Isroildagi so‘z erkinligi
Isroil hukumati Haaretz gazetasi bilan hamkorlikni to‘xtatish haqida rezolyutsiya qabul qildi. Unga ko‘ra, davlat idoralari va tashkilotlar mazkur nashr bilan hamkorlik qilmasligi, unda reklama joylashtirmasligi talab qilinadi.
Mazkur rezolyutsiyani taklif qilgan aloqa vaziri Shlomo Karxi Haaretz nashrini «davlat dushmanlarini qo‘llab-quvvatlash»da va «Isroilning dunyodagi qonuniyligi hamda o‘zini himoya qilish huquqiga putur yetkazish»da aybladi. 24 noyabr kuni Karxi mazkur qarorning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi.
So‘nggi qaror esa Haaretz bosh muharriri Amos Shokenning Londonda o‘tkazilgan konferensiyada Isroil hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy qilishni taklif etganidan so‘ng qabul qilingan. Shoken o‘z nutqida, «Isroilning o‘zi terrorchi deb atovchi Falastin erkinligi uchun kurashayotganlarga qarshi hamda yahudiy manzilgohlarini himoya qilish uchun xarajatlari butun dunyoga ayon bo‘lishi kerak», deya ta’kidlagan.
Haaretz gazetasi Isroildagi eng qadimiy va nufuzli nashrlardan biri bo‘lib, u hukumatning harbiy harakatlari va falastinliklar bilan bog‘liq siyosatini mudom tanqid ostiga olib keladi.
Gazeta tahririyati Netanyahuning ushbu rezolyutsiyasini «Demokratiyani izdan chiqarishga qaratilgan yana bir qadam», deb baholadi.
Suriyadagi janglar
Suriyadagi prezident Bashar Asad rejimiga muxolif kuchlari 28 noyabr kuni Halab viloyatining g‘arbiy qismlarida keng ko‘lamli hujum boshlab, hukumat qo‘shinlaridan 32 ta aholi punktini tortib olgan.
Jangarilar jumladan, Urm ul-Qubra, Anjara, Bashnatra, Kafr-Basma, Basratun, Haur, Al-Qosimiya, Ajil, Bala va As-Salum qishloqlarini hamda 46-baza deb nomlangan harbiy obektni egallashgan.
Bu harakatlar natijasida muxolifat kuchlari Halab shahridan taxminan 5 kilometr masofagacha yaqinlashib kelishdi. Hujum davomida muxolifat kuchlari og‘ir harbiy texnikalarni qo‘lga kiritib, hukumat qo‘shinlarining o‘nlab askarlarini asirga oldi. Ular orasida Asad rejimiga ko‘mak berish uchun kelgan rossiyalik askarlar ham bor.
Suriyadagi fuqarolik urushi 2011 yilda hukumatning demokratik islohotlar talab qilgan namoyishlarni kuch bilan bostirishi ortidan boshlangan edi. Shundan buyon mamlakatdagi ziddiyatlar davom etmoqda.
Eron va AEXA ziddiyati
Tehron xalqaro darajadagi bosimga qaramasdan, Furdu va Natanz obektlarida uran boyitish quvvatlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning maxfiy hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, Eron Furdu va Natanz obektlariga qo‘shimcha 32 ta kaskad o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Ular har biri 174 sentrifugadan iborat. Shuningdek, 1152 ta zamonaviy IR-6 sentrifugadan iborat eng yirik kaskad ishga tushiriladi. Hozirgi paytda mazkur obektlarda 10 mingdan ortiq sentrifuga ishlab turibdi.
Tehronning mazkur harakatlari yaqin kunlarda Jyenevada Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan o‘tkazilishi kutilgan muzokaralar arafasida amalga oshirilmoqda. Bu uchrashuvda G‘arb bilan muloqotni tiklash masalasi muhokama qilinadi.
Eron yaqinda AEXAga uran boyitish darajasini 60 foizgacha cheklash taklifini bildirgan, biroq agentlik Tehronga qarshi rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatda Eronning agentlik bilan hamkorligini kuchaytirish talabi ilgari surilgan.
Putinning yangi tahdidlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning yangi «Oreshnik» ballistik raketasi bilan Kiyevdagi «qaror qabul qilish markazlari»ga zarba berish ehtimoli borligini bildirdi. Bu bayonot Ukraina tomonidan Rossiya hududlariga g‘arb qurollari bilan uzoq masofali hujumlar amalga oshirilganidan so‘ng yangradi.
Putin «Oreshnik» raketasi nishonni 4000 darajagacha qizdirib, uni to‘liq yo‘q qilish qobiliyatiga ega ekanligi ta’kidladi. U raketa yuqori darajada himoyalangan va chuqur joylashgan obektlarni, ya’ni bunkerlarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega ekaniga urg‘u berdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, garchi raketa ommaviy qirg‘in quroli sanalmasa-da, keng ko‘lamda ishlatilganda yadroviy qurolga teng ziyon yetkazishi mumkin.
Ushbu raketa ilk marta 21 noyabrda Dnepr shahridagi «Pivdenmash» zavodiga qilingan hujumda qo‘llangan edi.
Rossiya mudofaa vazirligi va Bosh shtab Ukrainadagi maqsadli obektlarni, jumladan, Kiyevdagi harbiy obektlar, mudofaa sanoati korxonalari yoki qaror qabul qilish markazlarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Putin, shuningdek, «Oreshnik» raketasi seriyali ishlab chiqarilayotgani va dunyoda uning muqobillari yo‘qligini ta’kidlagan.
Gurjistondagi namoyishlar
Gurjiston hukumati yevrointegratsiyani muzlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgach, mamlakat poytaxti Tbilisida muxolifat norozilik namoyishi o‘tkazdi. Namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.
Namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatildi. Hukumat miting qonun doiralaridan tashqariga chiqqanini ta’kidladi.
Namoyishchilar parlament oldida barrikadalar qurib, maydonga qaytishga harakat qilishdi. Politsiya ularni tarqatishga urinib, turli vositalar qo‘lladi. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi namoyishchilar turli narsalar uloqtirib, uch politsiya xodimini jarohatlaganini ma’lum qildi.
Gurjiston mediasi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va qalampir gazidan jabrlangan namoyishchilar haqida xabar berdi. Elene Xoshtariya kabi yetakchilar ham jarohatlangan. TV Pirveli rahbariyati operator Niko Kokaya jarohatlanishi uchun vazirlikni javobgar, deb atadi.
Gurjistondagi ushbu voqealar namoyishchilarning noroziligi va hukumatning qattiq pozitsiyasi o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatib berdi. Mamlakatdagi vaziyat xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida.
Mavzuga oid
13:10 / 02.12.2024
Suriyadagi janglar, Ukrainaga Yevropadan yordam va BRIKSga tahdid qilgan Tramp - kun dayjesti
14:04 / 30.11.2024
Muxolifat qo‘liga o‘tgan Halab, yon berishga tayyor Zelenskiy va qora ro‘yxatdan chiqarilayotgan «Tolibon» - kun dayjesti
13:48 / 28.11.2024
G‘azodagi sulh istiqboli, Qrimga raketa hujumi va Rossiyani tark etayotgan migrantlar - kun dayjesti
13:21 / 27.11.2024