Jahon | 00:26 / 11.12.2024
4640
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Tomahawk raketasini muvaffaqiyatli uchirgan dunyodagi uch davlatdan biriga aylandi

2,5 ming kilometrga uchishga qodir Tomahawk raketasi qurollanishdagi zamonaviy tizim hisoblanib, kemalarga uzoq masofadan aniq zarbalar berish imkoniyatini taqdim etadi.

Foto: Avstraliya qirollik floti

Avstraliya Amerika tomonidan ishlab chiqarilgan Tomahawk raketasining birinchi uchirilishini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Avstraliya Qirollik harbiy-dengiz floti zamonaviy va kuchli harbiy kemalar flotini yaratishda muhim yutuqlarga erishdi. Avstraliya qurollanishga Tomahawk qanotli raketasini qabul qilib, uni muvaffaqiyatli uchirgan dunyodagi uchinchi davlatga aylandi», — deyiladi xabarda.

Hobart sinfiga kiruvchi HMAS Brisbane esminetsi AQSh g‘arbiy sohillaridagi sinov vaqtida Tomahawk raketalarining birinchi sinovini amalga oshirgan.

2024 yilgi Milliy mudofaa strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, Entoni Albaniz boshchiligidagi hukumat Avstraliya Qurolli kuchlari uchun uzoq masofaga uchishga mo‘ljallangan qurollarni xarid qilishni jadallashtirish ustida faol ishlamoqda.

Ta’kidlanishicha, 2,5 ming kilometrga uchishga qodir Tomahawk raketasi qurollanishdagi zamonaviy tizim hisoblanib, kemalarga uzoq masofadan aniq zarbalar berish imkoniyatini taqdim etadi. Unga ega bo‘lish Avstraliya mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada kuchaytirib, potensial tahdidni tutib qoladi va fuqarolar himoyasini ta’minlash imkoniyatini oshiradi.

Avstraliya AQSh va Buyuk Britaniya bilan nafaqat Tomahawk raketalarini sotib olgan uch davlatdan biriga, balki uni muvaffaqiyatli uchirgan mamlakatga ham aylandi.

Taxminlarga ko‘ra, Avstraliya Harbiy-dengiz kuchlarining kelajakdagi platformalari, xususan, Virjiniya sinfidagi suvosti kemalari uchun 200 dan ortiq Tomahawk raketalarini sotib oladi.

Mavzuga oid