Xalq iste’dodi, vaqti va imkoniyatlarini yo‘qotayotgan muammo
Qish fasli O‘zbekiston uchun yilning eng og‘ir davriga aylanib qolgan. Chunki yillar davomida hal qilinmay kelayotgan gaz tanqisligi sababli millionlab odamlar o‘z huquqlari va hayot sifatidan mahrum bo‘lyapti. Bu muammo isimayotgan uylar yoki “zapravka”larda uzoq navbatlarning mavjudligi bilan cheklanib qolmay, balki umummilliy iqtisodiyotga ham ulkan zarar keltiradi. Agar bunday vaziyat davom etsa, xalq nafaqat iqtisodiy, balki psixologik buzilishlar bilan ham to‘qnash keladi.
Issiqxonalar og‘ir ahvolda
Yaqinda Samarqand viloyatidagi issiqxonalar ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda 56 gektar maydonni egallagan 34 ta issiqxona faoliyati to‘xtab qolgani ma’lum bo‘lgan. Bu asosan gaz ta’minotidagi uzilishlar tufayli sodir bo‘lgan. Natijada endi necha ming tonnalab mahsulot yetishtirilmaydi, tadbirkorlar moliyaviy zarar ko‘radi. Bu o‘z navbatida bozorlarimizda mahsulot tanqisligi va narxlarning oshishiga olib keladi. Demak, holat faqat tadbirkorlarning zarariga emas, balki aholining hayot sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday muammolar so‘nggi yillarda vodiy viloyatlarida ham ko‘p kuzatilgan. Issiqxonalar ishlamasligi oqibatida yuzlab ish o‘rinlari yo‘qotilgan.
Umidsiz va asabiy odamlar
Aytmoqchi bo‘lganimiz, gaz tanqisligining iqtisodiy oqibatlari emas. Bu muammoning yillar davomida bartaraf etilmayotgani tub mohiyatimizga, ruhiyatimizga zarba beryapti. Kunlar sovidi deguncha, gaz quyish shoxobchalarida soatlab navbat kutayotgan odamlarni ko‘ramiz. Mavjud manzaradan yurak bezillab qoldi. Odamlar asabiy va umidsiz.
Hisob-kitob qilib ko‘rsak: o‘rtacha bitta “zapravka”da 200 kishi 4 soatdan kutsa, bu 800 soatlik yo‘qotilgan vaqt demakdir. Agar mamlakat bo‘ylab minglab nuqtalarda shu holat davom etsa, aniqki, millionlab soatlar shunchaki yo‘qotilmoqda. Bu odamlarning nafaqat vaqtini o‘ldiradi, balki ijtimoiy va oilaviy hayoti ham izdan chiqishiga sabab bo‘ladi.
Bu vaqtni nimalarga sarflash mumkin edi?
800 soatda 4000 ta ko‘chat ekish mumkin ekan. Bu esa tabiat uchun o‘lchab bo‘lmas foyda degani.
800 soatda 20 dan ortiq badiiy-falsafiy kitob o‘qish mumkin ekan. Bu ham hazil gap emas, albatta.
Har kuni ikki soatdan shug‘ullansa, 800 soatda uchta dasturlash tilini o‘rganib olish mumkin ekan.
Yoki shu o‘layotgan vaqtda yangi biznes rejalar ishlab chiqilib, yangi loyihalar amalga oshirilishi mumkin.
“Yashalmayotgan” umrlar
Biroq bu paytda dunyo ahli gaz kutib o‘tirmayapti. Amerika kompaniyalari fazoni zabt etish bilan shug‘ullanmoqda. SpaceX kabilar kelajak texnologiyalarini yaratayotgan bir paytda, Yaponiyada robototexnika sohasida yangi ilmiy ishlanmalar amalga oshirilyapti. Yevropa mamlakatlari esa energiya mustaqilligiga erishish, ekologik va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan strategiyalarni amalga oshirishga intilmoqda.
Yechim bormi?
Yaponiya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarning tabiiy gaz zaxirasi deyarli yo‘q yoki unga bog‘lanib qolmagan. Ular yangi energiya manbalariga tayangan holda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga erishgan. Ushbu mamlakatlar o‘zlarining energiya strategiyalarini amalga oshirish orqali tabiiy gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni kamaytirishga, ekologik xavflarning oldini olishga harakat qilgan.
Yaponiya tabiiy gazga asoslangan energiya tizimiga ega bo‘lsa-da, 2011 yildagi Fukushima atom elektrostansiyasining avariyasi sabab yanada qattiqroq energetik xavfsizlik masalalarini o‘rganib chiqdi. Shuning uchun, ular quvvat tizimini diversifikatsiyalashga harakat qilishni boshladi. Ular asosan quyosh va shamol energiyasini faol ishlatishga urinmoqda. Bu davlat so‘nggi yillarda quyosh energiyasini ishlab chiqarishni jadallashtirgan va hozirda bu Yaponiyaning umumiy energiya ishlab chiqarishining muhim qismiga aylandi.
Germaniya ham tabiiy gazga va atom energiyasiga bog‘liqligini kamaytirish maqsadida o‘z strategiyasini amalga oshirdi. Nemislar "Energiewende" deb ataluvchi keng ko‘lamli energetika transformatsiyasini boshladi. Ushbu strategik yo‘nalish, tabiiy gazni kamaytirish va alternativ manbalarga, shu jumladan, quyosh va shamol energiyasini faollashtirishga qaratilgan. Germaniyada shuningdek, yordamchi qurilmalarni yaratish va energiya saqlash texnologiyalarini ishlab chiqishga katta ahamiyat berilmoqda.
Singapur esa tabiiy gaz zaxiralariga ega bo‘lmagan davlat hisoblanadi. Ammo bu holat ularni energiya ta’minotidan uzib qo‘yolmadi. Singapurda energetika strategiyasi to‘g‘ri ishlab chiqilgan va yangi energiya manbalariga ko‘p e’tibor qaratilgan. Masalan, bu davlat yuqori samaradorlikka ega quyosh panellari va raqamlashtirilgan energiya tizimlarini joriy qilgan.
Shu bilan ushbu davlatlar o‘z energetika siyosatlarida ekologik manbalarni faol ishlatishga va jahon tan olgan texnologiyalarni joriy etishga katta ahamiyat berishgan.
Demak, endi O‘zbekistonda bu tizim tepasidagilar an’anaviy va’dalarni to‘xtatib, amaliy ishni boshlashi kerak. Aslida allaqachon biz ortda qolib bo‘ldik. Lekin umuman, O‘zbekistonda mas’ullarning aniq yechim beradigan yo‘li, strategiyasi bormi? Ularda bu savolga javob bo‘lishi, xalq oldida hisob va tushuntirish berishi kerak.
***
Mamlakat yiliga qancha gazni qayerga sotayotgani bu alohida masala. Bu gap har yili aytiladi va xulosa qilinmaydi. Negadir bu holat davom etaveradi va davom etaveryapti. Biroq qachondir to‘xtash va yechim uchun ham harakat qilish lozim.
Shubhasiz, gaz va elektr ta’minotidagi muammolarning bartaraf etilishi O‘zbekiston iqtisodiyotining yangi bosqichga o‘tishini ta’minlaydi. Samarali energiya manbalaridan foydalanish, quyosh va shamol energiyasini rivojlantirish kerak. Yangi energiya manbalariga bo‘lgan qiziqish va ularni rivojlantirish iqtisodiy va ekologik samarani oshiradi. Bundan tashqari, davlat va xususiy sektorning hamkorligi, yangi loyihalarni amalga oshirish — bu tizimni harakatga keltirish uchun zaruriy qadamlardan biridir.
Isomiddin Po‘latov,
“Jomboy tongi” gazetasi muharriri.
Mavzuga oid
22:19
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
19:58
“Bu shahar ichidagi, hamma qarshi bo‘lgan bomba edi” - Farg‘onadagi portlash haqida guvohlar nima deydi?
09:19
To‘rt viloyatda gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
19:28 / 18.12.2024