Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyot yerdan urib tushirilgani haqida taxminlar yangramoqda
Samolyot fyuzelajida o‘qqa tutilganlik belgilari – turli teshiklar borligi aniqlandi. Z-kanallar u Grozniy shahri aeroporti yaqinida o‘qqa tutilganini taxmin qilmoqda.
Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarboyjon havo yo‘llariga qarashli Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti yerdan urib tushirilgan bo‘lishi mumkin, deb da’vo qilmoqda rossiyaparast Z-kanallar. Samolyot fyuzelajining dum qismidan olingan videolavhalarda turli teshiklar borligi ko‘rinadi. Rossiyaparast harbiy blogerlar bular zenit-raketa o‘qlari yoki parchalarining shikastlovchi elementlari izlari, deb taxmin qilmoqda. The Insider ushbu tafsilotlarni umumlashtirdi.
Nashrning yozishicha, samolyot yerdan zenit raketasi bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani Fighterbomber, «Belorusskiy silovik», «MIG Rossii» va «Voyevoda veshchayet» kanallari istisno qilmayapti.
Samolyot Ozarboyjon poytaxti Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga uchgan edi, biroq avariya signalini berib, Qozog‘iston hududiga favqulodda qo‘nishni so‘radi va u yerda halokatga uchradi.
Rasmiy versiyaga ko‘ra, samolyot Grozniyga tuman tufayli qo‘nolmagan. Biroq ekipaj mintaqaga dronlar hujumi uyushtirilgani va aeroportga qo‘nish taqiqlangani uchun yo‘nalishni o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.
«Rybar» kanali samolyot qulagan joydan olingan videoni sharhlar ekan, fyuzelyajdagi teshiklar «zenit raketasining zarba beruvchi elementi izlari»ga o‘xshashligini yozdi: «Samolyotning o‘zi Grozniyga yo‘l olgandi – o‘sha paytda mintaqada Ukraina dronlari reydi kuzatilayotgan va ular urib tushirilayotgan edi. Shimoliy Osetiyadagi Vladikavkaz va qo‘shni Ingushetiya ustida bir nechta dron urib tushirildi».
Samolyotda tirik qolgan yo‘lovchilardan biri RT telekanali bilan suhbatda portlash ovozini eshitganini, bu tashqi ta’sir oqibatida bo‘lishi mumkinligini aytdi: «Portlash bo‘ldi – men uni samolyot ichida bo‘lgan demasdim. Men o‘tirgan joyning yonida g‘ilof ko‘chib tushdi».
Ushbu versiyaning boshqa tasdig‘i yo‘q. Rossiya Federal havo transporti agentligi aviahalokatning rasmiy sababi qushlar galasi bilan to‘qnashuv va oqibatda bortdagi kislorod bakining portlashi deb e’lon qildi. Samolyotda jami 67 kishi bo‘lgan, hozir 29 kishi tirik qolgani ma’lum.
Mavzuga oid
08:36
AQSh Helsinki komissiyasi Rossiyada nomaqbul deb tan olindi
00:31
Apple o‘zining onlayn do‘konidan mustaqil OAV ilovalarini o‘chirib tashlayotganiga izoh berdi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
22:27 / 25.12.2024