Jahon | 15:58 / 30.12.2024
3536
4 daqiqa o‘qiladi

Suriya razvedkasining yangi rahbari maxsus xizmatlarni tarqatib yuborishga va’da berdi

Suriya xavfsizlik va razvedka idoralari tarqatib yuboriladi va «Suriya xalqining intilishlarini» qondirish uchun qayta tuziladi, dedi Suriya razvedkasining yangi rahbari Anas Hasan Xattob.

Foto: Middle East Images/AFP/Getty Images

28 dekabr, shanba kuni mamlakat Bosh razvedka xizmatining yangi rahbari Anas Hasan Xattobning aytishicha, Suriya xavfsizlik va razvedka idoralari tarqatib yuboriladi va ular «Suriya xalqining intilishlari»ga javob beradigan tarzda isloh qilinadi. Uning so‘zlari Suriyaning SANA agentligi tomonidan keltirilgan.

Bashar Asad rejimi davrida, Xattobning aytishicha, «xavfsizlik kuchlari xilma-xil va ko‘p edi, lekin ularning barchasi fuqarolarning erkinligini bostirish uchun ishlatilgan» va Suriya xalqi «quvg‘inlardan juda ko‘p azob chekdi».

Bashar Asad rejimi davrida suriyaliklarga nisbatan repressiya

Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar urushi davrida mamlakat qamoqxonalarida 100 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Harbiy jinoyatlarni tergov qilgan AQShning maxsus topshiriqlar bo‘yicha sobiq elchisi Stiven Rapp Reuters agentligiga intervyusida xuddi shunday raqamlarni keltirdi. 

Rappga ko‘ra, Asad rejimi «o‘lim mashinasiga aylangan davlat terrori tizimi» edi. Bashar Asad ham, undan oldin Suriya prezidenti sifatida 2000 yilda vafot etgan otasi Hofiz ham inson huquqlari guruhlari va boshqa hukumatlar tomonidan qamoqxona tizimida ommaviy qatl qilish, Suriya xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llash kabi jinoyatlarda ayblangan. Isyonchilardan Moskvaga qochgan Bashar Asad bu boradagi barcha ayblovlarni rad etyapti.

Haagadagi bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha xalqaro komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada 66 tagacha ommaviy qabrlar bo‘lishi mumkin, biroq bu ma’lumotlar hali tasdiqlanmagan.

Bashar Asad rejimi qulagandan so‘ng, mamlakatdagi jazoni o‘tash muassasalarida saqlangan siyosiy mahbuslar ozod etildi.

Suriyada minglab odamlarni o‘limga hukm qilgan sudya hibsga olindi

Suriyaning yangi hukumati sobiq harbiy sudya Muhammad Kanjo Hasanni hibsga oldi, u prezident Bashar Asad tuzumi ostidagi mashhur Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslarga o‘lim hukmini chiqargan, deya xabar beradi Suriya inson huquqlarini kuzatish tashkiloti (SOHR) 26 dekabr kuni.

Muhammad Kanjo Hasan o‘z atrofidagi 20 kishi bilan birga Asad klanining tayanch nuqtasi hisoblangan Tartus viloyatida qo‘lga olingan. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, Kanjo Hasan Sednaya qamoqxonasi mahbuslariga minglab hukmlarni, jumladan o‘lim jazosini ham chiqargan.

Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar uyushmasi (ADMSP) hammuassisi Diab Serriyaning aytishicha, Muhammad Kanjo Hasan 2011 yildan 2014 yilgacha, Suriyadagi fuqarolar urushining dastlabki uch yilida Suriya harbiy dala sudini boshqargan. Keyinchalik u butun Suriya bo‘yicha harbiy adliya boshlig‘i lavozimiga ko‘tarildi. Serriyaning ta’kidlashicha, Kanjo Hassan «minglab odamlarni» o‘limga hukm qilgan, ko‘pincha «sudlar bir necha daqiqa davom etgan».

Mavzuga oid