Jahon | 20:44 / 13.01.2025
2764
4 daqiqa o‘qiladi

Eron yadroviy dasturini rivojlantirish uchun Rossiyaga maxfiy missiyalar yuborgan - The Times

Moskva va Tehron o‘rtasida Eron parlamenti sobiq spikeri va yadroviy masalalar bo‘yicha muzokarachi - oyatullohning maslahatchisi Ali Larijoni qatnagan. Tashriflar maxfiy tarzda o‘tkazilgan, chunki har ikki davlat ham g‘arb sanksiyalari kuchaytirilishidan xavotirda.

Foto: Getty Images

Eron bir necha bor mamlakat oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning maslahatchisini Rossiyaga maxfiy diplomatik missiya bilan yuborgan, deb yozadi The Times. Bu orqali Tehron o‘zining harbiy imkoniyatlarini mustahkamlashni reja qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva va Tehron o‘rtasida Eron parlamenti sobiq spikeri va yadroviy masalalar bo‘yicha muzokarachi — oyatullohning maslahatchisi Ali Larijoni qatnagan. G‘arb razvedkasining ma’lum qilishicha, ushbu safarlar orqali Eron o‘zining yadroviy dasturini rivojlantirishda Rossiyadan yordam va ekspertiza olishni maqsad qilgan. Tashriflar maxfiy tarzda o‘tkazilgan, chunki Tehron va Moskva g‘arb sanksiyalari kuchaytirilishidan xavotirda.

Shuningdek, The Times manbalariga ko‘ra, Eron Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyotlarini qo‘lga kiritish va Isroil tomonidan yo‘q qilingan havo hujumidan mudofaa tizimlarini qayta tiklash niyatida. Bundan tashqari, Tehron Rossiyaning mintaqadagi keng ishtiroki sabab «Hizbulloh»ni qayta qurollantirish uchun logistik yordam so‘ragan.

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Rossiyaning Eron raketalari va dronlariga ehtiyojlari borligi inobatga olinadigan bo‘lsa, «Moskva Eron yadroviy dasturi bo‘yicha oldinroq tortilgan qizil chiziqni bosib o‘tishga tayyorligiga oid xavotir mavjud».

NATOning yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha sobiq direktori Uilyam Alberkning qayd etishicha, Eron yadroviy bomba yaratishda yordamga muhtoj bo‘lmasa-da, «Rossiya bilan yashirin hamkorlik qilishdan shubhasiz foyda ko‘radi». U eronlik mutaxassislar 24 soatga bo‘lsa ham Rossiyadagi yadroviy obektlardan biriga yuborilgudek bo‘lsa, ko‘p narsa o‘rganishini taxmin qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Tehron va Moskva o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash jarayonlari Yaqin Sharqda pozitsiyasini yo‘qotgan va g‘arb sanksiyalari tufayli iqtisodiy qiyinchiliklari oshib borayotgan Eronning qiyin davriga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, Eron sanksiyalar olib tashlanishi va Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan yadroviy dastur muhokamasini qayta tiklashga urinmoqda. Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadan iborat E3 deb ataluvchi guruh vakillari bilan Eron muzokaralarining ikkinchi raundi 13 yanvar kuni Jyenevada bo‘lib o‘tishi kerak; birinchisi noyabrda o‘tkazilgan edi.

Shunga qaramay, Tehron rasmiy maydonda Moskva bilan hamkorligini mustahkamlayapti — 17 yanvar kuni Moskvaga Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon tashrif buyuradi. U Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda.

Axios’ning qayd etishicha, Jo Bayden prezidentligi davrida Eronning yadroviy dasturi «sezilarli darajada oldinga siljigan». 2023 yil dekabr oxirlarida MAGATE Eron 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarish sur’atini oshirganini ma’lum qilgandi (yadroviy qurol uchun 90 foizgacha boyitilgan uran kerak bo‘ladi). 2024 yil bahorda Bayden administratsiyasi yadroviy tadqiqotlardan «jiddiy xavotiri» bo‘yicha ogohlantirish yuborgan. Shu bilan birga, Eron yadroviy qurol yaratmoqchi ekanini rad etib keladi.

Mavzuga oid

E`lonlar