Sport | 11:09 / 23.01.2025
18479
19 daqiqa o‘qiladi

«Siti» superkambek qurboni, «Real» 5 ta gol urdi, «Bavariya»da yirik mag‘lubiyat. Kun o‘yinlari

2:0 hisobidagi ustunlikni boy bergan «Siti» so‘nggi tur oldidan 25-o‘ringa tushib qoldi, «Arsenal» va «Inter» deyarli 1/8 finalda, «Real» kamida 1/16 final masalasini hal qildi. Chorshanba oqshomidagi asosiy voqealar, gollar va YeChL jadvalidagi vaziyat.

Foto: Reuters

«PSJ» — «Manchester Siti» 4:2
Gollar:
Dembele (56), Barkolya (61), Nevesh (78), Ramush (90+4) — Grilish (50), Holand (53). 
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Ruis (Zair-Emeri, 61), Vitinya, Nevesh, Barkolya (Ernandes, 81), Li Kan In (Dembele, 46), Due (Ramush, 61).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Diash (Lyuis, 46), Akanji, Nunesh (Stounz, 78), Kovachich (Gundo‘g‘an, 70), Silva, Savio (Grilish, 46), de Bryuyne (Makeyti, 70), Foden, Holand.
Ogohlantirishlar: Diash (9), Mendesh (23).

Bir kun oldin «Barselona» va «Atletiko» amalga oshirgan kambeklar turning markaziy uchrashuvida ham davom etdi. «PSJ» birinchi bo‘limda ustunlikka erishdi, ammo hisobni ocha olmadi, 45-daqiqada Barkolya bilan kombinatsiya uyushtirgan Hakimi darvozani ishg‘ol etdi, ammo hujum vaqtida Mendesh ofsaydda bo‘lgani tufayli gol inobatga olinmadi.

Ikkinchi bo‘limda esa parijliklar uch daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yuborishdi. Bu mavsumda APLda ham, YeChLda ham gol ura olmagani uchun tanqidlar ostida qolgan Jyek Grilish munosib javob qaytardi. U avvaliga hisobni ochdi, keyin Holand gol urgan hujumda asosiy ishni bajardi.

Ammo mehmonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Yetti daqiqadan keyin tabloda ikkita ikki porlab turardi. Bredli Barkolya — ushbu kambek homiysi. U avvaliga qanotdan oldinga yurib, jarima maydoni markazidagi Usmon Dembeleni golli pas bilan ta’minladi, keyin esa o‘zi o‘ng qanotda paydo bo‘lib, hisobni tenglashtirdi. Keyin esa «Siti» himoyasi sochilib ketdi — standart vaziyatda kichik bo‘yli Mendesh g‘alaba golini urdi.

«PSJ» ajoyib himoyalandi, yana ikki bor darvozani ishg‘ol etdi va zarbalar soni bo‘yicha «shaharliklar»ni katta farq bilan ortda qoldirdi – 26:9 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 9:6, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha – 16:7). Parijliklarning keyingi ikki goli ofsayd holati tufayli hakam tomonidan bekor qilindi, ammo VAR qo‘shimcha daqiqalarda Ramush gol urgan vaziyatda to‘p unga raqib futbolchisidan kelganini ko‘rsatib berdi - 4:2.

Bu g‘alaba evaziga parijliklar 22-o‘ringa ko‘tarilib oldi,
Gvardiola jamoasi pley-off hududini tark etdi! So‘nggi turda «Siti» uyda «Bryugge» bilan o‘ynaydi, «PSJ» esa «Shtutgart» mehmoni bo‘ladi. Ammo top-24 ga kirish uchun ikki jamoada ham imkoniyat yomon emas.

Vinisiusda 100-gol

«Real» — «Zalsburg» 5:1
Gollar:
Rodrigo (23, 34), Mbappe (48), Vinisius (55, 77) — Bidstrup (85). 
«Real» – Kurtua, Mendi, Ryudiger (Ramon, 78), Asensio, Valverde, Bellinghem (Alaba, 64), Sebalos (Guler, 64), Modrich, Vinisius, Mbappe (Endrik, 72), Rodrigo (Dias, 72).
«Zalsburg» – Blasvix, Terzich, Blank, Baydu, Dedich, Glux (Gurna-Duat, 82), Bidstrup, Kapaldo (Kavamura, 82), Yyeo (Diambu, 63), Dagim (Ratkov, 88), Dorjyeles (Piontkovski, 63).
Ogohlantirish: Vinisius (42).

Boshlang‘ich tarkibga kirishining o‘zi bilan Mbappe Lionel Messiga tegishli bo‘lgan rekordlardan birini o‘ziniki qildi, u endi 26 yoshu 33 kunligida Chempionlar ligasida 80 uchrashuv o‘tkazgan eng yosh futbolchi. O‘yinning o‘zi esa «Real» uchun kutilganidan ko‘ra qiyinroq boshlandi, «Zalsburg» bosh murabbiylikka «Bohum»ning sobiq ustozi Tomas Letch kelganidan keyin o‘zgara boshlagan, natijada birinchi bo‘limning birinchi yarmida «Real» raqib darvozasiga zarba bera olmadi. Avstriyaliklar jamoasi o‘yinida balans paydo bo‘lgan, ammo bu o‘yinda saviyadagi farq o‘z so‘zini aytdi.

Darajadagi farq birinchi golli hujumda yaqqol ko‘rinib qoldi, Vinisius Junior to‘pni jarima maydoniga uzatdi va to‘p Bellinghem orqali burchakka aniq zarba yo‘llagan Rodrigoga yetib bordi. Bu pallada braziliyalik vinger asosiy yevrokubokdagi gollari soni bo‘yicha «Qirollik klubi»ning o‘tmishdagi qahramonlari — Amansio va Santilyana bilan tenglashib oldi. Ko‘p o‘tmay bunday gollari sonini 22 taga yetkazib, ularni ortda ham qoldirdi. Rodrigoning ijrosi ajoyib chiqdi, ammo hujumdagi eng chiroyli harakat Bellinghem to‘pni tovoni bilan oshirishi bo‘ldi.

Keyin esa gollar yomg‘iri darvozabondan to‘pni olib qo‘ygan Mbappe ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishi hamda Vinisiusning dubli bilan davom etdi. Braziliyalik hujumchining zarbalaridan biri uning uchun «Real» futbolkasida urilgan 100-golga aylandi. Karlo Anchelotti shogirdlari 1/16 uchun yo‘llanmani kafolatladi, oxirgi turda «Brest» maydonida kuchli sakkizlikka kirish imkoni ham bo‘ladi.

Kannavaroning debyutida yirik mag‘lubiyat

«Arsenal» — «Dinamo» Zagreb 3:0
Gollar:
Rays (2), Haverts (66), Edegor (90+1). 
«Arsenal» – Rayya, Zinchenko (Tirni, 74), Gabriel, Kivyor, Timber (Parti, 59), Rays, Jorjinio, Edegor, Martinelli (Batler-Oyyedeji, 90+3), Haverts (Trossar, 74), Sterling (Nvaneri, 58).
«Dinamo» Zagreb – Nevistich, Per-Gabriel (Xoja, 75), Ristovski, Torrente, Berno, Mmae, Baturina (Shpikich, 87), Ademi (Mishich, 59), Rog (Kachavenda, 59), Stoykovich (Pyatsa, 75), Kulenovich.
Ogohlantirishlar: Ademi (38), Sterling (47), Timber (51), Kachavenda (69).

Yangi yil arafasida Zagrebning «Dinamo» klubi boshqaruviga tayinlangan Fabio Kannavaro debyutini o‘ta qiyin bahsda o‘tkazdi, ilk daqiqalardanoq uning jamoasi mag‘lubiyatga mahkum ekani ko‘rinib qoldi. Birinchidan, «Arsenal» xorvatlar bilan solishtirganda — boshqa galaktika. Ikkinchidan, «kanonirlar» top-8 yo‘llanmasini oxirgi turga qoldirmaslikka bel bog‘lagandi. Va londonliklarning ilk hujumlaridan biri Havers jarima maydoni markazida bo‘sh turgan Raysga to‘pni tashlab berishi bilan yakunlandi.

Angliyalik havbek uchun bu asosiy yevrokubokdagi birinchi gol bo‘ldi. Mikel Arteta jamoasi to‘liq tashabbusga egalik qilishda davom etgan bo‘lsa-da, bo‘lim oxiriga qadar hisob o‘zgarmay qoldi. Lekin ikkinchi bo‘limda barchasi kutilgan ssenariyda davom etdi. Birinchi golda ham to‘pni jarima maydoniga yetkazib bergan Gabriel Martinelli bu safar Haversning bosh bilan urgan goliga assistentlik qildi, oxirgi daqiqalarda esa Edegor hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Keyingi turda «Jirona»ga qarshi kechadigan safar uchrashuvi «Arsenal» uchun amalda quruq rasmiyatchilikka aylandi.

Zagrebliklar esa top-24 uchun nazariy jihatdan imkoniyat saqlab qolgan, ammo yo‘llanmani qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ladi. Oxirgi turda Kannavaro jamoasi uyda «Milan» bilan o‘ynaydi.

Milanda barcha mamnun

«Milan» — «Jirona» 1:0
Gol:
Leau (37). 
«Milan» – Menyan, Teo, Pavlovich, Gabbiya, Emerson (Kalabriya, 4), Fofana, Binnosir (Pulishich, 75), Leau, Reynders (Terrachchano, 75), Musa, Morata (Abraham, 64).
«Jirona» – Gassaniga, Blind, Kreychi, David Lopes, Franses, Errera (Portu, 77), Romeu, Hil (Danjuma, 72), van de Bek (Asprilya, 72), Tsigankov (Martin, 72), Abel Ruis (Stuani, 72).
Ogohlantirishlar: Kalabriya (41), Hil (59), Teo (80), Martin (82).

«Milan» Chempionlar ligasini ikki mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Ammo bu safar to‘rtinchi daqiqadayoq jarohat tufayli Emerson safdan chiqishi «Milan» turnirda qatorasiga beshinchi g‘alabasiga erishishiga to‘sqinlik qila olmadi. O‘yin «Jirona» ssenariysi bo‘yicha ketishi ham mumkin edi, ammo Ernandesning qulay vaziyatda xato zarba berishiga van de Bek xuddi shunday harakat bilan javob qaytardi. Niderlandiyalik yarimhimoyachi dribling bilan qulay vaziyatga chiqib bordi, ammo Menyanni alday olmadi. Shundan keyin rossonerilar olov bilan o‘ynashishni bas qilishdi va Binnosir bo‘sh hududga yetkazib berilgan ajoyib pasi bilan Rafael Leauni o‘yin qahramoniga aylantirdi. Milanliklarning portugaliyalik yulduzi bu mavsumni avvalgilaridek yorqin o‘tkazmayotgan bo‘lsa-da, YeChLda u oldingi uch turnirda urganiga teng golni (3) urib bo‘ldi.

Ammo uning goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmasligi ham mumkin edi va Hil aylanma zarbasi bilan olis burchakni aniq nishonga oldi. Mezbonlar baxtiga bu hujumda ispaniyalikning butsasi sherigi uzatma berayotganida ofsaydda qolgani aniqlandi. Qolgan vaqt davomida natija o‘zgarmay qoldi va Serjiu Konseysau o‘z jamoasi bilan guruh bosqichini top-8 da yakunlashi mumkin. «Jirona» esa turnir bilan xayrlashdi.

«Sparta» — «Inter» 0:1
Gol:
Martines (12).
«Sparta» Praga – Vindal-Yyensen, Sorensen, Panak, Vitik, Rinesh (Zeleni, 70), Lyachi, Kayrinen, Sadilek, Vizner (Suxomel, 79), Birmanchevich (Xaraslin, 74), Olatunji (Krasniki, 79).
«Inter» – Zommer, Bastoni, de Vrey, Pavar, Dimarko (Augusto, 71), Mxitaryan, Aslani (Zelinski, 71), Barella (Frattezi, 63), Dumfris (Darmian, 64), Tyuram, Martines (Torimiy, 82).
Ogohlantirishlar: Dumfris (6), Olatunji (52), Aslani (67).

Chorshanba oqshomida Milanning qora-ko‘k qismi ham bayram qildi. Pragada Lautaro Martines hayratlanarli gol muallifi bo‘ldi. Bastonining uzatmasidan keyin argentinalik hujumchi o‘tkir burchakdan turib to‘pni gazonga cho‘pchitgan holda to‘sin ostiga aniq yo‘lladi. Endi u 14 gol bilan «Inter»ning YeChLdagi eng yaxshi to‘purari Adrianoga tenglashib oldi. Guruh bosqichidagi yetti o‘yindan oltitasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Simone Indzagi jamoasi endi to‘rtinchi o‘rinda va guruh bosqichini «Monako»ga qarshi uy uchrashuvi bilan yakunlaydi. 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinda bir ochko ham mezbonlar kuchli sakkizlikda qolishini kafolatlaydi.

«Feyyenoord»dan sensatsiya

«Feyyenoord» — «Bavariya» 3:0
Gollar:
Himenes (21, 45+9 penalti), Ueda (89). 
«Feyyenoord» – Beylo, Smal, Hansko, Trauner, Niukop (Mitchell, 75), Stengs (Najye, 50), Belen, Milambo, Payshao, Himenes, Haj-Musa.
«Bavariya» – Noyyer, Devis (Gerreyru, 45+6), Kim Min Je (Pavlovich, 62), Upamekano, Laymer (Sane, 46), Goretska, Kimmix, Koman (Gnabri, 62), Musiala, Olise, Keyn.
Ogohlantirishlar: Hansko (19), Sane (88), Goretska (90+1), Keyn (90+1). 

Yomg‘irli Rotterdamda «Bavariya» o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, 30 bor zarba yo‘lladi, 13 marta burchak zarbasini amalga oshirdi va xG bo‘yicha 2,70 ko‘rsatkichini qayd etdi, ammo birorta gol urolmadi. «Feyyenoord»ning esa uchta zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borib, uchalasi ham golga aylandi. Avvaliga Santyago Himenes qarshi hujumda hisobni ochdi, bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Deyvis jarohat olib maydonni tark etdi, bir necha daqiqa o‘tib Himenes dublini nishonladi.

Tanaffusdan keyin Vensan Kompani jamoasi tom ma’noda mezbonlar darvozasini qamal qildi, ammo zarbalar yoki xato ketar, yoki kuraj ushlagan darvozabon Beylo matonat ko‘rsatardi. U yettita seyv amalga oshirib, g‘alabada asosiy ishni bajardi.

So‘nggi daqiqalarda esa Ueda hisobni yiriklashtirdi. «Bavariya» Niderlandiyada hech qanday muammoga uchramaydigandek ko‘ringandi, amalda esa og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qilishga majbur bo‘ldi.

Natijada nemislar kuchli sakkizlikni tark etib, birdaniga 15-o‘ringa quladi, «Feyyenoord» esa 11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Rotterdamliklar pley-off yo‘llanmasini nishonlamoqda, «Bavariya» esa oxirgi turda «Slovan»ni mag‘lub etib, sakkizlikka qaytishga harakat qiladi.

«Seltik» pley-offda, «Leypsig» eshikni qattiq yopib ketdi

«Seltik» — «Yang Boyz» 1:0
Gol:
Benito (86, avtogol). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Engels (41).
«Seltik» – Shmeyhel, Teylor (Valle, 69), Trasti, Karter-Vikers, Jonston, Hatate, Makgregor, Engels (Paulu Bernardu, 69), Maeda, Furuhasi (Ida, 75), Kyun (Skeylz, 90).
«Yang Boyz» – Keller, Hajam, Benito, Kamara, Atekame (Blum, 84), Lakomy, Nyasse (Lauper, 84), Almada Monteyru (Kolli, 72), Ugrinich, Males (Chaiva, 64), Ganvula (Itten, 64).
Ogohlantirishlar: Kyun (20), Ganvula (45+1), Kamara (47), Ugrinich (64), Benito (83).
Chetlatish: Maeda (89).

Birinchi bo‘limda «Seltik» omadsizlik oroliga tushib qolgandek edi. Mezbonlar shu vaqtgacha atigi bir ochko to‘plagan autsayderga bosim uyushtirdi, ammo hakam Kyogo Furuhasining uchta golini bekor qildi (ikkitasida ofsayd, uchinchisida hujum vaqtida MakGregor tomonidan fol qilingani qayd etildi). Keyin esa Arne Engels mehmonlar darvozasiga belgilangan penaltini noaniq ijro etdi. Odatda bunday holatda raqib gol urib ketadi, ammo tanaffusdan keyin Kasper Shmeyhel bir hujumning o‘zida ikki bor «Seltik»ni goldan qutqardi. 85-daqiqada esa shotlandlar nihoyat o‘z maqsadiga erishdi — «Yang Boyz»  futbolchisi Loris Benito o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

Bu g‘alabadan keyin Brendan Rodjyers jamoasi ochkolari sonini 12 taga yetkazib, pley-off yo‘llanmasini hal qildi. Uning shogirdlari hozirda turnir jadvalida «Benfika», «PSJ», «Sporting» va «Manchester Siti» kabi klublardan yuqoriroqda joylashgan.

«Leypsig» — «Sporting» 2:1
Gollar:
Sheshko (19), Poulsen (78) — Gyokeresh (75). 
«Leypsig» – Vandevordt, Raum (Klostermann, 61), Bitshiabu, Orban, Gertryuyda, Aydara (Kampl, 70), Zayvald, Simons (Nusa, 62), Baumgartner (Vermeren, 85), Openda (Poulsen, 61), Sheshko.
«Sporting» – Israel, Sen-Jyust (Inasiu, 29), Diomande, Arauxo, Fresneda (Eshgayyu, 76), Kenda, Debast (Morita, 55), Yulmand, Katamu (Bragansa, 55), Harder (Gyokeresh, 55), Trinkau.
Ogohlantirishlar: Raum (79), Vandevordt (86), Orban (87).

«Leypsig» o‘tgan turdayoq pley-offga chiqish imkoniyatlarini yo‘qotgandi. Bu turda esa olti o‘yinda 10 ochko to‘plagan «Sporting» raqib edi. Bu o‘yinda mezbonlarga hech narsa kerak emas, mehmonlarga esa ochko juda zarur edi. Amalda esa nemislar klubi o‘z muxlislari uchun o‘ynab, Chempionlar ligasida olti uchrashuv davom etgan mag‘lubiyatli seriyaga barham berdi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Viktor Dyokeresh «Sporting»ni qutqarishga harakat qildi, ammo «Leypsig» murabbiyi ham o‘yinchi almashtirishda topqirlik qildi — klub afsonasi Yussuf Poulsen to‘p uchun oxirigacha kurashib, uni darvozaga kiritib yubordi. Qatorasiga uch o‘yinda yutqazgan portugallar endi oxirgi turda hech qanday motivatsiyasi yo‘q bo‘lgan «Bolonya»ni yengishi talab etiladi.

«Shaxtyor» — «Brest» 2:0
Gollar:
Kevin (18), Sudakov (37, penalti). 
«Shaxtyor» – Riznik, Azarov, Matviyenko, Bondar, Vinisius Tobias (Konoplya, 71), Kriskiv, de Masedo, Sudakov (Bondarenko, 83), Gomes (Stepanenko, 71), Pedrinio (Zubkov, 83), Eginaldo (Traore, 55).
«Brest» – Bizot, Ndiayye, Shardonne, Pereyra Lajye, Lala, Manetti, Fernandesh (Kulibali, 85), Dumbiya (Fevr, 60), Kamara (Del Kastiyo, 60), Balde (Sala, 71), Ajork (Sima, 60).
Ogohlantirishlar: Ndiayye (22), Stepanenko (77).

«Brest» esa guruh bosqichini kuchli sakkizlikda yakunlash imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi. «Shaxtyor» «Brest»ni taslim etishi uchun bir bo‘lim yetarli bo‘ldi. Dastlabki turlarda sensatsiya ko‘targan fransuzlar so‘nggi uch turda ikkinchi bor yutqazdi. Endi jamoa 13 ochko bilan pley-offga chiqadi, ammo katta ehtimol bilan 1/8 finalda emas, 1/16 finalda o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Turnirdagi ikkinchi g‘alabasiga erishgan «Shaxtyor» ham top-24 uchun imkoniyat saqlab qolgan. So‘nggi turda ukrainlar klubi Dortmundning «Borussiya» klubi mehmoni bo‘ladi.

Kun statistikasi

  • «PSJ» asosiy yevrokubokdagi uy uchrashuvlarida qatorasiga 8-marta birinchi bo‘limda ustunlikka erisha olmadi.
  • «Leypsig» hujumchisi Poulsen YeChLda 23 o‘yin davom etgan tanaffusdan keyin gol urdi.
  • Xosep Gvardiola faoliyatida ilk bor bir mavsumdagi 31 o‘yinidan 10 tasida mag‘lubiyatga uchradi.
  • «Manchester Siti» hujumchisi Holand YeChLdagi 51-golini urdi. 26 yoshgacha bo‘lgan muddatda faqat Lionel Messi undan ko‘proq gol urgan (52).
  • «PSJ» Nosir Al-Hilayfi prezidentligi davrida turnirda 66-g‘alabasiga erishdi, bu ko‘rsatkich bilan u «Lion»ning afsonaviy xo‘jayini Jan-Mishel Ollasni ortda qoldirdi.
  • Mbappe YeChLda 51-golini urib, fransuz futbolchilar orasida Tiyerri Anrini ortda qoldirdi.

Turnir jadvalida 7-turdan keyingi vaziyat:

Mavzuga oid