Jahon | 10:15 / 25.01.2025
4213
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiyada hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi

O‘n minglab odamlar Slovakiya ko‘chalariga chiqib, ular rossiyaparast deb biladigan mamlakat bosh vaziri Robert Fitsoni tanqid qildi.

Foto: Denes Erdos/AP/dpa/picture alliance

24 yanvar, juma kuni Slovakiyada o‘n minglab odamlar mamlakat hukumati siyosatiga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi. Dpa axborot agentligining xabar berishicha, namoyishchilar bosh vazir Robert Fitsoning iste’fosini talab qilishgan. Tashkilotchilarga ko‘ra, o‘sha kuni eng katta maydonga — Bratislavadagi Slovakiya hukumati qarorgohi oldida — 60 mingga yaqin odam to‘plangan.

Boshqalar qatorida Mier Ukrajine («Ukrainaga tinchlik») tashkiloti norozilik namoyishlariga chaqirdi. Uning vakili Marian Kulich jurnalistlarga tushuntirganidek, tarafdorlari Rossiyaga nisbatan «hamkorlikka» qarshi. «Slovakiya Yevropaning bir qismidir», dedi u. Ayni paytda, dpa muxbirlarining ta’kidlashicha, avvalgi shunga o‘xshash harakatlardan farqli o‘laroq, 24 yanvar kuni Ukraina bayroqlari sezilarli darajada kamaygan. Buning o‘rniga namoyishchilar Slovakiya milliy bayroqlari va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini olib kelishdi.

Tanqidchilarning Robert Fitsoga qarshi ayblovlari

Slovakiya hukumati tanqidchilarining fikricha, Robert Fitso tobora avtoritarlashib borayotgan «rossiyaparast» yo‘nalishni davom ettirmoqda. Fitsoning o‘zi bu kabi barcha ayblovlarni rad etadi. «Bu hukumat hech qachon bizning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zoligimizni shubha ostiga qo‘yadigan qadamlar qo‘ymaydi», deb ishontirdi u.

Fitso Ukrainaga Slovakiya milliy zaxiralaridan qurol yetkazib berishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, u bir necha bor Yevropa Ittifoqining Rossiya nefti va gaziga nisbatan sanksiyalarini tanqid qilgan, uning fikricha, bu energiya manbalariga qaram bo‘lgan Slovakiya Moskvadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘radi. Shu bilan birga, Slovakiya Vengriyadan farqli o‘laroq, Ukrainaga bostirib kirishi sababli YeIning Rossiyaga qarshi qo‘llagan barcha choralarini hozirgacha qo‘llab-quvvatladi, deya eslatadi dpa.

Mavzuga oid