Jahon | 23:03 / 14.03.2026
3721
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada Yaqin Sharqdagi urushga qarshi namoyishlar o‘tkazildi

Avvalroq Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi urushiga tanqidiy munosabat bildirgandi.

Foto: REUTERS / Alejandro Martinez Velez

Ispaniyaning 150dan ortiq shahrida Yaqin Sharqdagi urushga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Xabar qilinishicha, Madriddagi Atocha maydoni yaqinida besh mingga yaqin kishi to‘plangan. Ular "Urushga yo‘q", "NATOga yo‘q", deya hayqirishgan.

Butun Ispaniya bo‘ylab tashkil etilgan norozilik aksiyalari "Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish kerak. G‘azoni unutmaslik kerak" degan shior ostida o‘tkazilgan.

"AQSh va Isroilning mintaqadagi tinchlik va global xavfsizlikka jiddiy xatar soluvchi shafqatsiz bombardimonlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Barcha demokratlarni bu tajovuzni qoralashga, xalqaro huquqni himoya qilishga va Yaqin Sharqda G‘azodagi qatag‘onlarni to‘xtatishni ham o‘z ichiga olgan odil va mustahkam tinchlik o‘rnatish ustida ish olib borishga chaqiramiz", - deyiladi aksiya manifestida.

Namoyishlar Ispaniyaning boshqa yirik shaharlari, jumladan, Barselona, Sevilya, Saragosa, Santander va Kordova shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi urushiga tanqidiy munosabat bildirib, Ispaniya Eron bilan davom etayotgan urush — “insoniyat uchun halokat”ga qarshiligini ta’kidlagandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid