Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Apple kompaniyasi SpaceX bilan hamkorlikni boshladi
Bu orqali kompaniya iPhone qurilmalari Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimini qo‘llab-quvvatlashiga erishmoqchi. Mazkur tizim mobil aloqa yo‘q joylarda matnli xabar yuborish imkonini beradi.
Apple iPhone foydalanuvchilariga Starlink tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini taqdim etish uchun SpaceX kompaniyasi va T-Mobile operatori bilan yashirin hamkorlik olib bormoqda, deb xabar beradi Bloomberg.
Agentlikning yozishicha, 27 yanvar kuni «ommaga oshkor qilinmagan holda» Starlink’ni qo‘llab-quvvatlovchi funksiyaga ega yangilangan dasturiy ta’minot chiqarilgan. Beta-sinov dasturiga hozircha kam sonli iPhone foydalanuvchilari ulangan.
Beta-sinovda ishtirok etayotgan ilk foydalanuvchilar T-Mobile’dan matnli xabar olgan. «Siz T-Mobile Starlink’ning beta-versiyasidasiz. Endi dunyoning deyarli istalgan nuqtasidan sun’iy yo‘ldosh orqali matnli xabar yo‘llashingiz mumkin. Foydalanishni boshlash uchun qurilmangizni iOS 18.3 ga qadar yangilang», deyiladi xabarda.
Bloombergʼning tushuntirishicha, bu quyidagi tartibda ishlaydi: iPhone mobil aloqa yo‘q zonaga kirib qolsa, u SpaceX sun’iy yo‘ldoshlariga ulanishga urinadi. Hozircha sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali faqat matnli xabarlar yuborish mumkin. Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh aloqasining imkoniyatlaridan mobil aloqa mavjud hududlarda foydalanib bo‘lmaydi.
SpaceX va T-Mobile kelajakda dasturni ma’lumotlar almashinuvi va ovozli chaqiruvlarga qadar kengaytirishni rejalashtirmoqda.
2024 yil oktyabrda AQShning Aloqa bo‘yicha federal komissiyasi SpaceX va T-Mobile kompaniyalariga «Helen» to‘fonidan jabr ko‘rgan Shimoliy Karolina hududlarida aloqani ta’minlashda Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanishga ruxsat bergan edi.
Mavzuga oid
08:55
iPhone 18 Pro haqidagi maxfiy hujjatlar sizdirildi
20:00 / 03.07.2026
Gadjetlar qimmatlamoqda: chiplarning global taqchilligi smartfon va noutbuklar narxini oshiryapti
20:25 / 29.06.2026
Apple MacBook va iPad’dan keyin iPhone narxlarini ham oshirishi mumkin
18:16 / 29.06.2026