Biz tengi yigitlar bolaligida Jyeyson Stethemning fantastik kinolarini ko‘rib katta bo‘lgan. Ayniqsa uning yollanma qotil sifatida o‘ynagan kinolari tillarda doston bo‘lardi. O‘shanda biz Stethemning kinolarini ko‘rib, bunaqa qotilliklar faqat kinoda bo‘lsa kerak deb o‘ylardik. Ulg‘ayib dunyo «aqldan ozib bo‘lgani», hayotda ham bunaqa insonga xos bo‘lmagan ishlar bo‘lishi tushunib yetdik. Shu kunlarda suiqasd haqida tarqalgan ikkita xabar misolida diplomatiya inqirozini muhokama qilsak.

«Bayden ma’muriyati Putinni o‘ldirmoqchi bo‘lgan»

Amerikalik teleboshlovchi Taker Karlsonni tanisangiz kerak. Biz u haqda bir nechta videolar qilganmiz. Ularni ko‘rsangiz, Karlson kimligini bilib olasiz.

Teleyulduz Karlson Moskvada: uning har qadamini yoritishdi 

Bir so‘z bilan aytganda Karlson – Trampning do‘sti, respublikachilar partiyasining eng mashhur a’zolaridan biri, Fox News telekanali sobiq boshlovchisi.

Konspirologik qarashlarni ilgari suruvchi bu amerikalik jurnalist o‘zgacha fikrlovchi odam ekanini iddao qiladi. Karlson okean ortida Rossiyaning manfaatlari uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mana shu rossiyaparast amerikalik yaqinda navbatdagi konspirologiyani trendga chiqardi. Bir podkastda chiqish qilgan Karlson sobiq prezident Bayden ma’muriyati Rossiya prezidenti Putinni o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytdi. «Blinken katta urushni boshlashni shunchalik xohlardiki... Bayden ma’muriyati esa Putinni o‘ldirishga harakat qildi», dedi Karlson. U so‘ziga hech qanday isbot keltirmadi.

Men bu gap aytilgan podkastni ko‘rarkanman, uning boshlovchisi kim ekan deb qiziqdim (u siyosatchidan ko‘ra ko‘proq reperga o‘xshaydi) va juda ajoyib ma’lumotlarni topdim: podkastchining ismi – Mett Taybbi. U Rossiyada o‘qigan, rus nashrlarida ishlagan, Amerikada chop etilgan Rossiya gazetasiga muharrirlik ham qilgan. Xullas, tushundingiz.

Bu podkasterning (ha, hozir ko‘pchilik bekorchilar podkast qilavergani uchun shunaqa kasb nomi ham paydo bo‘ldi) ishlagan joylari esa ekzotikaning o‘zginasi: Rolling Stone madaniy jurnali, The Moscow Times, New York Press, Playboy va diqqat qiling, Mo‘g‘uliston milliy axborot agentligi!

Bu shovvoz 1992 yil ishlash uchun O‘zbekistonga ham kelib, yarim yil o‘tib mojaroli bir maqola ortidan mamlakatdan chiqib ketgan ekan. Bu ma’lumotlar Taker Karlsonning AQSh prezident ma’muriyati Putinni o‘ldirishga urindi degan gapi qanday minbarda yangraganini bilishingiz uchun muhim.