Vashingtondagi aviahalokat. Yangi tafsilotlar
Vashingtondagi samolyot va harbiy vertolyot to‘qnashgan aviahalokatda barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari — jami 67 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Tramp halokatda Bayden va Obamani ham ayblagan. Fojiadan bir necha kun o‘tib voqeaning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi.

Tramp Vashingtonda American Airlines yo‘lovchi samolyoti va armiya vertolyoti to‘qnashuvi oqibatida hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi. Samolyotda 60 yo‘lovchi va ekipajning to‘rt nafar a’zosi, vertolyotda esa uch nafar harbiy bor edi. AQSh prezidenti kun oxirida Oq uydagi brifingda chiqish qilib, Vashingtonda American Airlines samolyoti va Black Hawk vertolyoti halokatidan hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi. U butun tun davomida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti o‘tkazilgani, unga barcha mavjud resurslar jalb etilganini bildirgan. “Bu mamlakatimiz poytaxtida va xalqimiz tarixida dahshatli fojia bo‘lgan qorong‘i va og‘riqli kecha edi. Bizni bevaqt tark etgan har bir kishi uchun qayg‘uramiz”, — degan Tramp.
Qutqaruvchilar Potomak daryosida aviahalokat qurboni bo‘lgan 40 kishining jasadini hamda bir necha kishining jasad qoldiqlarini aniqladi, ularning ayrimlari sohilga chiqib qolgan, deb xabar berilgan. Tergovchilar hisoblashicha, samolyotdan xavfsiz chiqarib olish mumkin bo‘lgan jasadlarning barchasi chiqarib olingan, ammo laynerning hozirda yetib borish qiyin bo‘lgan dum qismida yana bir necha kishining jasad qoldiqlari qolayotgan bo‘lishi mumkin, degan mahalliy nashrlar o‘z manbasiga tayanib.
Shuningdek, yo‘lovchi samolyotda Rossiyaning kamida uch fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. “Elchixonamiz ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu samolyot halokati qurbonlarining uch nafarida Rossiya pasporti bo‘lgan. Yana bir kishi, to‘rtinchi shaxsda ham Rossiya fuqaroligi bo‘lgani haqida taxmin bor, bu ma’lumot tekshirilmoqda”, — degan u. Shuningdek, samolyot yo‘lovchilari orasida amerikaliklardan tashqari Xitoy va Filippin fuqarolari ham bo‘lgan.
Aviahalokat qurbonlarining 14 nafari figurali uchish bo‘yicha sportchilar bo‘lishgan. Shundan yo‘lovchilarning olti nafari Bostondagi klubga aloqador. Avvalroq Rossiya nashrlari ham samolyotda rossiyalik figurachilar — 1994 yil Rossiya terma jamoasi safida figurali uchish bo‘yicha juftlik bahslarida jahon chempioni bo‘lgan Vadim Naumov va Yevgeniya Shishkova bo‘lganini yozgandi.
Aviahalokat ro‘y bergan kuni Vashingtondagi ayeroportda dispetcherlar yetarli bo‘lmagan, deb xabar berdi The New York Times gazetasi AQSh Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasining (FAA) dastlabki hisobotiga tayanib. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, navbatchi dispetcherlar soni “kun vaqti va trafik hajmiga monand darajada bo‘lmagan”. Shu kuni ayeroportdagi navbatchi aviadispetcher odatda ikki kishi shug‘ullanadigan ishlarni yolg‘iz o‘zi bajargan. Aeroport hududidagi vertolyotlar harakatini muvofiqlashtirish uchun ham, uchib kelayotgan va uchib ketayotgan samolyotlar uchun ham bir dispetcher mas’ul bo‘lgan, deb yozadi AP ham boshqarma hisobotiga asoslangan holda. Kunduzi bu ish bilan ikki dispetcher mashg‘ul bo‘lgan, ammo harakat sekinlashgach, bu ishlarga birgina dispetcher qolgan. Odatda bunday smena soat 21:30 dan boshlangan, ammo shu kuni dispetcherlarning roli ertaroq birlashtirilgan.
Armiya vertolyoti yo‘lovchi samolyotga urilganining sababi keragidan yuqoriroqda parvoz qilganidir, deb yozadi The New York Times. Vertolyotlarga Reygan ayeroporti yaqinida 61 metrdan yuqori bo‘lmagan masofada uchishga ruxsat beriladi, ammo to‘qnashuv paytida u 91 metrdan balandroqda bo‘lgan. American Airlines bosh direktori Robert Isom vertolyot unga kelib urilganida samolyot odatiy qo‘nishni amalga oshirayotgan bo‘lganini aytgan.
Aviatsiya sohasi ekspertlari anchadan buyon Vashington ustidagi havo kengligi tig‘iz bo‘lgani tufayli aviahalokat ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirib kelgan.
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, pik vaqtlarda aeroportdagi tirbandlik hatto tajribali uchuvchilar uchun ham muammo tug‘dirgan, ular boshqa yuzlab yo‘lovchi samolyotlar, harbiy aviatsiya hamda muhim obektlar atrofidagi taqiqlangan zonalarni inobatga olishi kerak bo‘lgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp aviahalokatda o‘zidan oldingi prezidentlar — Jo Bayden va Barak Obamani ham ayblagan, uning fikricha, ular tomonidan targ‘ib qilingan turli xillik, tenglik va inklyuzivlik siyosati havo kengligida muammolarga olib kelgan. U hech qanday dalil keltirmagan holda aviadispetcherlar uchun standartlar juda yumshoq bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Obama davrida FAA go‘yoki xodimlarning “juda oq tanli” ekanligi haqida direktiva chiqargandi.
NYT qayd etishicha, Tramp jurnalistlar uchun brifing chog‘ida qisqacha qilib halokatda armiya vertolyoti uchuvchilari aybdor ekanini aytgan, ammo keyin ishga qabul qilishdagi xilmaxillik dasturlar mavzusiga qaytgan. Jurnalistlardan biri undan tergovchilar aviahalokat sabablarini o‘rganishni endigina boshlaganiga qaramay, nima uchun bunday xulosaga kelganini so‘raganida, AQSh prezidenti shunday degan: “Men sog‘lom fikrlayapman, ko‘pchilikda esa bunday emas. Biz istardikki, bunday ishlar bilan dohiyona odamlar shug‘ullansin. Ayrim ish turlari uchun bizga yuqori malakali mutaxassislar kerak”. Uning fikricha, aviadispetcherlar “eng yuqori zehnga ega odamlar” bo‘lishi lozim.
AQShda kecha samolyot bilan bog‘liq yana bir halokat sodir bo‘ldi.
31 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 18:30 da Filadelfiya shahrida bortida olti kishi bo‘lgan tibbiy samolyot savdo markazi yaqinida qulab tushdi. Portlash uylar va avtomobillarga zarar yetkazgan.
Samolyotda bo‘lgan 6 nafar insonning hammasi halok bo‘lgan. New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, ularning barchasi Meksika fuqarolari bo‘lgan. “Bizda tirik qolganlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q va olovning intensivligi, vayronalar va halokat turiga asoslanib, biz tirik qolganlar borligiga shubha qilamiz”, degan Air Ambulance vakili.
Tavsiya etamiz
«Ba’zilar uchun genotsid daromadli» - BMT eksperti butun dunyoni Isroil bilan savdoni to‘xtatishga chaqirdi
Jahon | 18:56 / 04.07.2025
40 daraja issiq: bunaqa paytda xodimlar qanday huquqlarga ega?
Jamiyat | 17:15 / 03.07.2025
Issiqdan qanday saqlanish kerak? – JSST tavsiyalari
O‘zbekiston | 16:06 / 02.07.2025
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya «Tolibon»ni tan oldi, Tramp Putindan xafa – hafta dayjesti
Jahon | 17:13
-
Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezidentni yana hibsga olishni so‘ramoqda
Jahon | 17:11
-
Yaman husiychilari Isroil poytaxti aeroportiga raketa zarbasini berdi
Jahon | 16:07
-
Havo harorati qanday o‘lchanadi? Toshkent observatoriyasidan reportaj
O‘zbekiston | 16:01
Mavzuga oid

17:55 / 30.06.2025
Hindistondagi Boeing Dreamliner halokatiga sabotaj sabab bo‘lishi mumkin

17:11 / 22.06.2025
Qozog‘istonda yengil motorli samolyot halokatga uchradi. Qurbonlar bor

21:10 / 13.06.2025
Hindistonda Dreamliner qulashi: aviahalokat sababi nima bo‘lishi mumkin?

18:43 / 12.06.2025