Fan-texnika | 20:04 / 14.02.2025
3588
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung uchga buklanadigan smartfonni yozda chiqaradi

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu 6,49 dyuymli ekran bo‘ladi, to‘liq ochilganda 10 dyuymli ekranga ega to‘laqonli planshetga aylanadi.

Foto: Samsung

Yanvar oyida Samsung kompaniyasi uchga buklanadigan displeyli telefon ishlab chiqayotganini rasman e’lon qilgan edi. Janubiy Koreya texnologik giganti hali tafsilotlarni oshkor qilmagan bo‘lsa-da, sizib chiqqan ma’lumotlar ba’zi narsalarni tasavvur qilishimizga imkon beradi.

Nufuzli insayder Ross Yang so‘zlariga ko‘ra, bu 6,49 dyuymli ekran bo‘ladi. Biroq to‘liq ochilganda qurilma 10 dyuymli ekranga ega to‘laqonli planshetga aylanadi.

Qizig‘i shundaki: akkordeon kabi buklanadigan va ekranning bir qismini ochiq qoldiradigan Huawei kompaniyasining Mate XT smartfonidan farqli o‘laroq, Samsung kompaniyasi G uslubidagi buklama mexanizmdan foydalanadi, bu esa qurilmada ochiq joy qoldirmaydi. Ushbu yondashuv smartfonning chidamliligini ta’minlashi mumkin.

Yang so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bunday qurilma uchun maxsus himoya plyonkasining yangi turini ham ishlab chiqmoqda.

Uchga buklanadigan telefonni ishlab chiqarish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, ishlab chiqarish hajmi cheklangan bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon ommaviy bozor flagmani sifatida emas, balki eksperimental premium model sifatida taqdim etilishi mumkin.

Bunday smartfon qancha turishi noma’lum. Bir narsa aniq - bu arzon bo‘lmaydi. Huawei Mate XT Xitoyda qariyb 3 ming dollarga sotilyapti, Samsung «uchbuklamasi» xuddi shunday narx atrofida bo‘lishini kutishimiz mumkin.

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma 2025 yil 3-choragida (iyuldan sentabrgacha) chiqariladi va Samsung kompaniyasining boshqa buklanadigan modellari, xususan, Galaxy Z Fold 7 va Z Flip 7, shuningdek, yanada arzonroq Galaxy Z Flip 7 FE qatoridan joy oladi.

Mavzuga oid