O‘zbekiston | 19:49 / 19.02.2025
14177
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 10 ming dollardan mukofot puli beriladi

Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, urush qatnashchilariga 10 ming dollardan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 mln so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi.

Foto: Kun.uz

«Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilari moddiy rag‘batlantiriladi.

Bir martalik pul mukofoti belgilandi:

  • Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 ming AQSh dollari miqdorida;
  • Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 million so‘m miqdorida;
  • 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 million so‘m miqdorida.

Mazkur farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlaydi.

Farmonning ijrosini nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid