Jahon | 13:56 / 19.02.2025
8959
5 daqiqa o‘qiladi

«Siz kelishuv tuzishingiz mumkin edi»: Tramp Rossiya bilan muzokaralardan keyin Ukrainani aybladi

U Zelenskiyning reytingi go‘yoki atigi «4 foiz ekani» va Ukrainada saylovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Ar-Riyoddagi muzokaralaridan so‘ng Ukrainani tanqid qildi va maslahatlashuvlarga jalb qilinmagan Kiyevning reaksiyasidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. U urush boshlanishida Zelenskiyni ayblagan.

«Men ular [muzokaralar stolida] joy yo‘qligidan xafa bo‘lishganini eshitdim. Lekin uch yildan beri o‘sha yerdasiz-ku. Sizlar [mojaroni] boshlamasligingiz kerak edi. Buni juda osonlik bilan hal qilish mumkin edi», — dedi u o‘zining Floridadagi qarorgohida BBC muxbiri savoliga javob berar ekan.

«Siz kelishib olganingizda bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Volodimir Zelenskiy bir kun avval Ar-Riyoddagi Rossiya-AQSh uchrashuvi Kiyev uchun syurpriz bo‘lganini aytgandi. U urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni Ukrainasiz qabul qilib bo‘lmasligini yana bir bor takrorladi.

Bloomberg agentligi manbaga asoslanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon muzokaralarda Zelenskiy ham bo‘lishini istagan, ammo Vashington va Moskva uchrashuv Ukraina vakillari ishtirokisiz bo‘lishini talab qilishgan.

Shuningdek, Tramp jurnalistlarga Volodimir Zelenskiyning reytingi go‘yoki «4 foizga tushib ketgani», mamlakatga saylovlar kerakligini aytdi va shu bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning asosiy tezislaridan birini takrorladi.

Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan keyin tinchlik kelishuviga erishilishiga «ishonchi ortgan».

«Ular [muzokaralar] juda yaxshi bo‘ldi. Rossiya nimadir qilishni istamoqda. Ular yovvoyi vahshiylikni to‘xtatmoqchi. O‘ylaymanki, menda bu urushga chek qo‘yish uchun kuch bor va men yana o‘ylaymanki, hammasi juda yaxshi ketmoqda», — degan Tramp.

Shuningdek, u urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilgan taqdirda Yevropa tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

«Agar ular shunday qilmoqchi bo‘lsa, bu ajoyib, men bunga butunlay roziman», — degan u.

Tramp Vladimir Putin bilan fevral oyi oxirigacha ham uchrashishi mumkinligini istisno etmagan.

U Mar-a-Lagodagi qarorgohini tark etayotganda, jurnalistlardan biri undan oy oxirigacha uchrashuv bo‘ladimi, deb so‘radi.

«Katta ehtimol bilan», — deya javob qilgan Tramp.

Avvalroq, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Ar-Riyodda Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Putin va Tramp uchrashuvining aniq sanasini aytish qiyinligini aytgan edi.

Ar-Riyoddagi muzokaralar keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin Rossiya va AQSh o‘rtasidagi birinchi oliy darajadagi uchrashuv bo‘ldi.

Shundan so‘ng Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva hech qanday tinchlik shartnomasida ham NATO davlatlari tinchlikparvar kuchlarining Ukrainada joylashtirilishiga rozi bo‘lmasligini aytdi.

«Har qanday boshqa bayroq ostidagi qurolli kuchlarning paydo bo‘lishi hech narsani o‘zgartirmaydi. Bu, albatta, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya Moskva va Vashingtonda o‘z elchilarini tayinlash va «hamkorlikni to‘liq hajmda tiklash» uchun sharoit hozirlash niyatida.

«Bu juda foydali suhbat bo‘ldi. Biz nafaqat tingladik, balki bir-birimizni eshitdik», — dedi u.

U NATOning har qanday kengayishi va unga Ukrainaning qo‘shilishi Rossiya uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid bo‘lishi haqida ilgari aytilgan gaplarni takrorladi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Rossiya urushni to‘xtatishda ishtirok etishga tayyorligiga amin ekanini aytgan.

«Bugun uzoq va mashaqqatli, ammo muhim yo‘lning birinchi qadami», — deya qo‘shimcha qildi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid