Jahon | 21:16 / 20.02.2025
13892
8 daqiqa o‘qiladi

«Tramp Putinga o‘xshaydi. U hech qachon haqiqatni aytmaydi va xohlaganini to‘qib chiqaradi» - Ukrainlar Zelenskiyni himoya qilmoqda

Ukrainalik siyosatchilar va oddiy aholi AQShga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda.

Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni keskin tanqid qilmoqda. Tramp uni urush boshlashda aybladi, 4 foizlik reytingga ega «diktator» deb atadi va Zelenskiy go‘yoki harbiy harakatlardan moliyaviy foyda ko‘rayotganini aytdi. AQSh prezidenti, shuningdek, Ukrainada urush paytida – mamlakat hududining bir qismi Rossiya tomonidan anneksiya qilingan va ko‘plab ukrainlar frontga ketgan yoki harbiy harakatlar tufayli mamlakatni tark etgan sharoitda saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.

Zelenskiy bunga javoban Tramp ma’muriyatini Rossiyaga nisbatan «siyosatni yumshatish»da, urushni «hududiy yaxlitlikning buzilishi» va «mojaro» deb atashda aybladi. Uning fikricha, Tramp Rossiya dezinformatsiyasi qurboniga aylangan.

Trampning Zelenskiyga ketma-ket hujumlaridan so‘ng, ukrainalik siyosatchilar Ukraina prezidentini himoya qilib chiqishdi. Politico nashri jurnalistlari shunday reaksiyalardan ayrimlarini to‘pladi.

«Ukraina — suveren davlat! Volodimir Zelenskiy — Ukraina prezidenti. Boshqasi saylanmaguncha legitim. O‘z hukumatini qachon va qanday sharoitda o‘zgartirishni hal qilishga faqat ukrainaliklar haqli. Bugun esa buning uchun sharoit yo‘q, — dedi Ukrainaning sobiq bosh vaziri va «Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush paytida saylovlar «imkonsiz va g‘ayriaxloqiy», chunki kamida ukrain harbiylari unda qatnasha olmaydi, harbiy harakatlar sharoitida esa ovoz berishni nazorat qilishning iloji yo‘q.

«Biz urushdan keyingi saylovlar ustida ishlayapmiz va demokratiyamizni ruslardan va ichki muammolardan himoya qilish uchun barcha qarorlarni oldindan qabul qilmoqchimiz. Ammo xavfsizlik va kafolat kerak», — deydi saylovlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi OPORA fuqarolik tarmog‘i boshqaruvi raisi Olga Ayvazovskaya.

Petro Poroshenkoning safdoshi va «Yevropa birdamligi» partiyasidan Oliy radaga saylangan deputat Ivanna Klimpush-Tsinsadze Zelenskiy ma’muriyatining ichki va tashqi siyosatini tanqid qilgan bo‘lsa-da, Trampning so‘zlarini «nomaqbul» deb atadi. U Zelenskiyni muxolifat bilan «ichki urush boltasini ko‘mish»ga va «milliy birlik koalitsiyasi va milliy qutqaruv hukumati»ni shakllantirishga, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari atrofida jipslashishga chaqirdi.

Ukrainaning ko‘plab shaharlari va regionlari rahbarlari 19 fevral kuni deyarli bir vaqtda o‘z telegram-kanallarida Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlagan holda o‘zaro o‘xshash postlarni e’lon qilishdi (1, 2, 3, 4, 5) — ularda prezident atrofida birlashishga chaqiriqlar yangragan.

«Bugun biz hammamiz kuchli bo‘lishimiz va ozodlik, mustaqillik, Ukraina kelajagi uchun kurashda birdam bo‘lishimiz kerak. <...> Mamlakatimiz yetakchisi, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birgalikda mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash va yerlarimizga jinoyatkorona bostirib kirgan dushmanga qarshi turish uchun hamma narsani qilmoqdamiz», — deb yozgan Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. «Bunday murakkab davrda biz — Ukraina xalqi hech qanday yon berishga bormaydigan yetakchimiz yonida turishimiz kerak. Xuddi biz kabi», — deya qo‘shimcha qildi Donetsk oblasti rahbari Vadim Filashkin.

Dnipro meri Boris Filatovning aytishicha, «na Moskvada, na Vashingtonda va na boshqa joyda birorta yolg‘onchi mavjudot» Zelenskiyga «og‘zini ochish»ga haqqi yo‘q. «Bizga Zelenskiy yoqishi yoki yoqmasligi mumkin. Biz uni so‘kishimiz ham, maqtashimiz ham mumkin. <...> Chunki u — BIZNING prezident», — deya qo‘shimcha qildi u.

Trampning amalda Ukrainani urush boshlashda va Rossiya bilan kelisha olmaslikda ayblagan bayonoti ko‘plab ukrainaliklarni «larzaga soldi», deb yozadi The New York Times. Ular AQSh prezidentining so‘zlarini «dahshatli xiyonat» sifatida qabul qilishdi.

«Men muzokaralarga ishonmayman. Tramp doim Putinning do‘sti bo‘lgan, u to‘satdan bizga do‘st bo‘lib qolganiga ishonmayman. U Zelenskiyning ortida faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi», —dedi jurnalistlarga so‘nggi 11 yil davomida urushda halok bo‘lgan ukrainalik harbiylar yodgorligiga qarab kelayotgan kiyevlik 51 yoshli Nataliya Klimyuk. Otasi urushda halok bo‘lgan va eri bedarak yo‘qolgan yana bir kiyevlik 30 yoshli Marina Ivashina ham muzokaralarga ishonmaydi. «Bu qiyin — biror yaxshi narsa bo‘lishiga ishonmayman», — degan u.

The New York Times nashri bilan suhbatlashgan tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-AQSh muzokaralari boshlanishi va Trampning tanqidlari fonida ko‘plab ukrainaliklar AQSh rahbariyatidan hafsalasi pir bo‘lmoqda, shuningdek, Vashington timsolida ittifoqchisini yo‘qotib qo‘yganidan xavotirda.

«Ko‘pchilik Baydenning qat’iyatsizligidan charchadi, ular Tramp Rossiyani urushni to‘xtatishga majbur qila olishiga umid qilishdi va biz endi ularning hafsalasi pir bo‘lganini ko‘ryapmiz, — dedi ukrainalik siyosatshunos, „Milliy qat’iyat va birdamlik platformasi“ hammuassisi Oleg Saakyan. — Ukrainaliklarga ularning hukumati yoqmasligi mumkin, ammo ular tanlov erkinligi qadriyatlariga mutaassiblarcha sodiq. Ukrainada odamlar tanlash erkinligi olib qo‘yilganidan g‘azablanadi va Tramp aynan shunday qildi, chunki u ukrainlarga saylovlar kerakligini aytdi».

Ukraina sharqidagi janglarda ishtirok etayotgan 36 yoshli ukrainalik harbiy uning mamlakati AQSh prezidentiga ishonmasligi kerak deb hisoblaydi: «To‘g‘risini aytsam, Tramp Putinga o‘xshaydi. U hech qachon haqiqatni aytmaydi va xohlagan narsasini o‘ylab topadi. Har safar askarlar Tramp nima deyayotganini eshitganda, asabi qo‘ziydi».

«Biz undan [Trampdan] dushmanimiz bilan shunchaki gaplashib o‘tirishini emas, g‘alaba qozonishimizga yordam beradigan harakatlarni kutgan edik», — dedi Rossiyaning urib tushirilgan samolyoti qulashi oqibatida uyi vayron bo‘lgan Chernihiv oblasti kengashi deputati Yuliya Grebneva. U Trampning 18 fevraldagi nutqini «umuman tushunarsiz» deb atagan, uning fikricha, unda Rossiya propagandasining aks-sadosi bor.

Ukrainalik siyosatshunos Mariya Zolkinaning fikricha, AQShni endi Ukrainaning asosiy hamkori deb bo‘lmaydi, chunki Tramp «Ukraina uchun prinsipial muhim bo‘lgan» pozitsiyalarni, jumladan, NATOga a’zolikni qurbon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp «okkupatsiyaga kart-blansh bergan».

Mavzuga oid