Jahon | 22:51 / 21.02.2025
2461
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya sudi «Senday» AES yadroviy reaktorlari ishini to‘xtatish to‘g‘risidagi da’voni rad etdi

Sud AES ishini to‘xtatish uchun asos topmagan va tabiiy ofatlar tufayli avariya yuz berish xavfi aniq emasligini ma’lum qilgan.

Foto: Kyodo News

Yaponiya sudi Kagosima prefekturasida joylashgan «Senday» atom elektr stansiyasidagi ikkita reaktor faoliyatini to‘xtatishni talab qilgan minglab mahalliy aholining da’vosini rad etdi, deb xabar beradi Kyodo News.

Qayd etilishicha, sud AES ishini to‘xtatish uchun asos topmagan va tabiiy ofatlar tufayli avariya yuz berish xavfi aniq emasligini ma’lum qilgan.

Salkam 3 ming kishidan iborat da’vogarlar vulqon otilishi yoki zilzila tufayli energobloklarga zarar yetishi mumkinligidan xavotirda. «Senday» AES muntazam harakatga kelib turadigan Sakuradzima vulqonidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan — bu yer yuqori seysmik faollikka ega hudud hisoblanadi.

Shunga qaramay, sud Kyushu Electric Power Co operatori tomonidan ko‘rilgan xavfsizlik choralarini ehtimoliy falokatlarning oldini olish uchun yetarli deb topdi.

Sud qaroriga javoban Kyushu Electric kompaniyasi stansiya xavfsizligini ta’minlash va tabiiy ofatlarga tayyorlik choralarini davom ettirishini bildirdi. Da’vogarlar esa ushbu qaror ustidan yuqori turuvchi instansiyaga shikoyat qilish niyatida.

Bunday qaror Yaponiyada yadroviy energetikani qo‘llab-quvvatlash ortib borayotgani fonida qabul qilindi. 17 fevral kuni Yaponiya Vazirlar mahkamasi yangi energetika rejasini tasdiqlagandi, unda 2040 yilga borib umumiy energiya ishlab chiqarishda atom energiyasi ulushini 20 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yilda «Fukusima-1» AESda ro‘y bergan avariyadan so‘ng birinchi bo‘lib «Senday» AES ish boshlagan va 2015 yilda ikkinchi energobloki reaktori ham to‘liq quvvatda ishga tushirgan edi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid