O‘zbekistonda elektr va gaz uchun joriy qilingan ijtimoiy limitlar juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, sovuq ob-havo sharoitida bu cheklovlar ayrim toifa aholi uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Mart oyida ham havo isib ketmagani bois, prezident tashabbusi bilan hukumat gaz uchun ijtimoiy limit 500 m³ etib belgilandi. Ilgari bu me’yor yoz oylaridagidek 100 m³ edi.
Bu orada hukumat Energetika vazirligiga mavsumiy sharoitlarni inobatga olib, gaz va elektr limitlarini o‘zgartirish vakolatini ham berdi. Bu qaror hukumat tomonidan tasdiqlandi va rasmiy manbalar orqali e’lon qilindi. Demak, endilikda har yili havo haroratiga qarab, ijtimoiy limitlar o‘zgartirilishi mumkin.
Joriy qoidalarga ko‘ra, elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh, tabiiy gaz uchun esa mart–oktabr oylarida 100 m³, noyabr–fevral oylarida 500 m³ limit belgilangan.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda isitish mavsumi biroz uzoqroq davom etadi, shu sababli bu hududlarda gaz uchun 500 m³ limit oktyabr oyidan ishga tushiriladi. Ijtimoiy limit doirasida gaz va elektr arzonlashtirilgan narxda hisoblanadi, lekin belgilangan miqdordan oshganda tariflar ancha qimmatlashadi. Shuning uchun ham bu tizim keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, muammo nimada?
Birinchi navbatda, elektr ta’minotidagi cheklovlar hamma uchun bir xil qo‘llanmoqda. Masalan, tabiiy gaz yetkazib berilmagan hududlarda fuqarolar isitish va ovqat tayyorlash uchun elektrdan foydalanishga majbur. Ular uchun 200 kWh limit kamlik qiladi. Demak, bu hududlarda yo limit oshirilishi kerak, yoki kamida 50 foizlik chegirma joriy qilinishi lozim. Chunki bu cheklovlarni hamma birdek his qilmayapti.
Gaz ta’minotida ham vaziyat murakkab. Ilgari isitish mavsumi 15 oktyabrdan 15 aprelgacha amal qilgan. Hozir esa mart oyida sovuq kunlar davom etgani uchun gaz limiti 500 m³ etib belgilandi. Lekin Energetika vazirligi buni doimiy ravishda qo‘llaydimi yoki faqat 2024 yil uchun amal qiladimi?
Aholini qiynayotgan yana bir vaziyat: ayniqsa, hovli joylarda bir uyda 2-3 xo‘jalik qo‘shilib yashaydi. Bu vaziyatda 200 kWh lik elektr limiti va 100/500 m³ li gaz limiti oy davomida urvoq ham bo‘lmaydi. Limitni xo‘jalikda yashovchi oila va odamlar soniga qarab belgilashni ham istamoqda odamlar. Chunki shahardagi kvartirada yashovchi 2-3 kishidan iborat oila va qishloq joylardagi 10-15 kishilik xonadonlar iste’moli o‘rtasida farq bor.






