Adliya vazirligi shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida ayrim qonunlarga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyihani jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Vazirlikka ko‘ra, shaxslarning tasviridan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarda shaxsiy daxlsizlik huquqi «uni amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmaganligi» sababli cheklanmoqda. Shu sababli ushbu qonun loyihasida «shaxslarning, jumladan, bolalarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati shaffofligini, so‘z va matbuot erkinligini yanada mustahkamlash, mehnat munosabatlarida xodimlarning tasvirga bo‘lgan huquqlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida» Fuqarolik, Mehnat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda. Adliya vazirligi ushbu loyiha pasportida bu tashabbus uchun «prezident yoki hukumat topshirig‘i» asos bo‘lganini keltirgan, lekin asos bo‘lgan hujjatlarning havolasi mavjud emas.
Xususan, O‘zbekiston Fuqarolik kodeksini quyidagi mazmundagi 100-1-modda bilan to‘ldirish taklif qilingan:
«100-1-modda. Tasvirga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish
Shaxsni tasvirga (fototasvir, videoyozuv, u aks etgan tasviriy san’at obekti yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa tashqi belgilar yig‘indisi) olish (tasvirini yaratish) va undan foydalanishga faqat ushbu shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Basharti, shaxs muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, rozilik uning qonuniy vakili tomonidan, shuningdek, shaxs vafot etgan taqdirda, agar u hayotligi chog‘ida rozilik bermagan bo‘lsa, uning vorislari tomonidan beriladi. O‘n olti yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasi (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan beriladi.
Tasvirdan foydalanish deganda, uni oshkor qilish, namoyish qilish, tarqatish, saqlash, ishlov berish, chop etish tushuniladi.
Quyidagi hollarda shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish talab etilmaydi:
1) tasvirdan jamiyat va davlat manfaatlari uchun quyidagi maqsadlarda foydalanishda:
















