Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan hujjat — muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.
U bilan Fuqarolik kodeksiga, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishincha muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini oshirishga hamda texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlik sub’yektlarini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining muhokamasida fraksiya a’zosi Muhsinjon Xolmuhamedov o‘z nuqtayi nazarini bildirib, mazkur hujjat iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sifatsiz mahsulotlarni bozordan chiqarish jarayonida tadbirkorlar ishtirokini rag‘batlantirish orqali samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.















