Jahon | 18:00 / 18.03.2025
10062
6 daqiqa o‘qiladi

Putin va Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokara o‘tkazadi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp bugun telefon orqali muloqot qiladi. Muloqot Toshkent vaqti bilan soat 18:00 dan 20:00 gacha vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Bu Tramp 20 yanvarda AQSh prezidenti lavozimiga qaytganidan beri Rossiya va Amerika yetakchilarining ikkinchi rasmiy telefon suhbati bo‘ladi. Birinchisi 12 fevralda o‘tkazilgan, unda Tramp va Putin Rossiyaning Ukraina bilan urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olgandi.

Keyin nimalar bo‘ldi:

18 fevral kuni Rossiya va AQSh delegatsiyalari Saudiya Arabistonida uchrashdi. 28 fevral kuni AQShga tashrif bilan kelgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oq uyda tinchlik kelishuvi parametrlarini muhokama qilish chog‘ida Donald Tramp bilan tortishib qolgandi. Ushbu mojarodan so‘ng AQSh Ukrainaga barcha harbiy yordamni to‘xtatdi. Yordam bir hafta o‘tgach – 11 mart kuni AQSh va Ukraina delegatsiyasi Saudiya Arabistonida uchrashganidan keyin qayta tiklandi. Ushbu uchrashuvda Ukraina AQShning Rossiya bilan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘ldi. Vladimir Putin ham umuman olganda rozi ekani, ammo o‘t ochishni to‘xtatish «uzoq muddatli tinchlikka» olib kelishi va «bu inqirozning asl sabablari»ni bartaraf etishi kerakligini ta’kidladi. 13 mart kuni Putin Moskvada Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashib, sulh parametrlarini muhokama qildi. Aynan Uitkoff o‘tgan hafta oxirida Tramp va Putin yaqin kunlarda yana qo‘ng‘iroq qilishini birinchi bo‘lib e’lon qilgandi.

Putin bilan bugungi muloqotdan oldin Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvining «ko‘plab elementlari» allaqachon kelishib olinganini aytdi. «Biz [Rossiya prezidenti bilan] yer, elektr stansiyalari haqida gaplashamiz. Ammo bularning aksariyati ikkala tomon, Ukraina va Rossiya tomonidan allaqachon muhokama qilingan. Biz allaqachon bu haqda gapiryapmiz – muayyan aktivlarni bo‘lishish haqida», – dedi Tramp 17 mart kuni jurnalistlarga.

Kreml Putin va Tramp muzokaralari mavzusini oshkor qilmayapti. Ammo Rossiya rasmiylari oldinroq Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qo‘ygan talablaridan (G‘arbda «maksimalistik» deb hisoblangan) chekinishga tayyor emasligini ma’lum qildi. Xususan, TIV rahbari o‘rinbosari Aleksandr Grushko Rossiya «xavfsizlikning metin kafolatlari»ni talab qilishini, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi ularning bir qismi bo‘lishini aytdi. Shuningdek, Rossiya hukumati Ukrainada NATO tinchlikparvar kuchlarini ko‘rishni istamasligini bildirdi.

Bloomberg agentligi yozishicha, Putin o‘tgan haftada Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffga harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlaridan biri – Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bo‘lishini aytgan.

Amalda Tramp va Putinning muloqoti «Ukrainada sulh tuzilgan taqdirda Rossiya qanday hududlar va aktivlarni saqlab qolishi»ga bag‘ishlanadi, deb yozadi The New York Times Tramp va uning ma’muriyati vakillarining yaqinda bergan bayonotlariga tayanib. Ular so‘nggi haftalarda Ukraina NATOni «unutishi» va Rossiya tomonidan bosib olingan hududining bir qismidan voz kechishi kerakligi haqida ozmi-ko‘pmi ochiq gapirishgandi.

Semafor nashri ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh tinchlik kelishuvi doirasida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, ammo bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. The New York Times gazetasi ham Oq uy Qrimni, va ehtimol, Ukrainaning RF qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilgan boshqa hududlarini ham «deyarli to‘lig‘icha» Rossiya ixtiyorida qoldirishni rejalashtirmoqda.

Ukraina ehtimoliy murosalarni muhokama qilishda qanchalik ishtirok etayotgani va ularga qanchalik qo‘shilayotgani noma’lum. Bloomberg agentligi hisoblashicha, Trampning bayonotlari «Ukraina bilan yoki usiz ko‘plab qarorlar allaqachon qabul qilinganidan dalolat beradi». AQSh prezidentini tanqid qiluvchilar «u Ukrainaning roziligisiz Rossiyaga yon berishi mumkinligi»dan xavotirlanmoqda, deb qo‘shimcha qiladi agentlik. The New York Times nashri yozishicha, Ukrainada Tramp Putinga Odessani berishga rozi bo‘lishi mumkinligidan xavotir bor.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Rossiya bilan tuziladigan har qanday tinchlik kelishuvi uchun o‘zining «qizil chiziqlari»ni belgilab bergan. «Yevropeyskaya pravda» ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev armiya miqdorini qisqartirish va NATOga a’zolikdan voz kechishga tayyor emas. Britaniyaning The Independent nashri Ukraina rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Kiyev Rossiyaga qo‘shimcha hududiy yon berishlarga rozi bo‘lmaydi – garchi Ukraina rasmiylari front chizig‘i hozirgi holatida muzlatilishi mumkinligiga «tan bergan» bo‘lsa ham. Shuningdek, The Independent ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga olib ketilgan bolalarni qaytarish, Rossiya tomonidan noqonuniy ushlab turilgan fuqarolarni ozod qilish va xalqaro xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda.

Moskva Ukraina bilan urushdagi dastlabki maqsadlaridan voz kechishga tayyor emasligi sababli, Trampning Putin bilan ikkinchi telefon suhbati «diplomatik iltifotlar va keyingi muzokaralar va’dasi» bilan yakunlanishi kutilmoqda, deb yozadi Wall Street Journal. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Tramp bilan bugungi suhbatdan keyin hech qanday bayonot berishni rejalashtirmayotganini aytdi.

Mavzuga oid

E`lonlar