Jahon | 22:06 / 20.03.2025
6590
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari 900 ming kishiga yetdi

Urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni 200-250 mingni tashkil etadi - bu Rossiya uchun Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta yo‘qotishdir.

Foto: AP

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasi halok bo‘lgan va yaralanganlar bilan birga qariyb 900 ming kishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi hisobotida so‘z boradi.

Londonning baholashicha, halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni 200-250 mingni tashkil etadi — bu Rossiya uchun Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta yo‘qotishdir.

Razvedkaning qayd etishicha, Rossiya rahbariyati, jumladan, Vladimir Putin ham urush maqsadlarini o‘z askarlari hayotidan ustun qo‘yadi: Kreml yuqori darajadagi yo‘qotishlarga ko‘nikishga tayyor, agar bu urushga nisbatan aholi va elitaning qo‘llab-quvvatlashini zaiflashtirmasa hamda bu yo‘qotishlarni qoplash imkoniyati saqlansa. Ta’kidlanishicha, RF hukumati qashshoq mintaqalardagi etnik ozchilik vakillarining hayotiga kamroq ahamiyat beradi. Natijada, aynan shu hududlardan kelgan askarlar safarbarlikka nomutanosib ravishda ko‘proq jalb qilinmoqda.

«Moskva va Sankt-Peterburg kabi shaharlardagi slavyan millatiga mansub rossiyaliklar safarbarlikka ancha kam jalb qilingan. Aksincha, etnik ozchilik vakillari bo‘lgan qashshoq hududlardagi aholining ulushi ancha yuqori», — deyiladi hisobotda.

Pentagonning 2024 yil noyabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining jami qurbonlari va yaralanganlari soni 615 ming kishini tashkil etgan. O‘shanda Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarini 610 ming kishiga (200 ming kishi halok bo‘lgan, 400 ming askar yaralangan) baholagandi. 2024 yil iyunda Vladimir Putin urushning 27 oyi davomida Rossiya 135 mingga yaqin harbiysidan ayrilganini ma’lum qilgan edi.

Fevral oxirlarida BBC rus xizmati «Mediazona» bilan birgalikda urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan 95 ming 26 nafar rossiyalik askar va ofitserlarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. 24 yanvardan 21 fevralga qadar ushbu ro‘yxatga yana 5007 kishi qo‘shilgan. Shuningdek, jurnalistlar DXR va LXRdagi qurolli tuzilmalarning 21 mingdan 23,5 ming nafargacha harbiysi halok bo‘lganini hisoblagan. Gap asosan majburiy safarbar etilgan va minimal tayyorgarlik bilan frontga jo‘natilganlar o‘limi haqida ketmoqda.

Mavzuga oid