Tramp uchun duo qilgan Putin, Rossiya chegarasiga borgan ingliz shahzodasi – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 23 mart, yakshanba. Kuni kecha barchamiz Navro‘z bayramini nishonladik. Bu xalqimizning eng ko‘hna bayramlaridan biri. Navro‘z tabiatning dehqonlarga barcha ekinlarni ekishlari uchun «rasmiy ruxsati» desak ham bo‘ladi. To‘g‘ri, usta dehqonlar fevraldayoq ehtiyotini qilib ekin ekishni boshlab, hademay bozorga yangi sabzavotlarni chiqarishadi. Lekin aynan Navro‘zdan keyin ekilgan ekin bezarar hosilga kirishi ehtimoli yuqori, azaldan shunday bo‘lgan.
Iqlimchimiz Erkin Abdulahadov bir necha kun avval issiq kunlar ortidan o‘lkamizga g‘arbdan katta namlik kirib kelayotganini aytib, dehqonlarni ehtiyotkorlikka chorlagandi. Chindan hozir videoni yozayotgan vaqtimizda Samarqand osmonini bulut qoplashni boshladi. Ob-havoning avzoyiga qaraganda tabiat «bir to‘polon ko‘taradiganga o‘xshaydi». Biroq hech qanday havo siz aziz tomoshabinlar bilan birga hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni eslashga xalaqit berolmaydi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida notinch dunyomizda nimalar bo‘lganini yodga olamiz.
Iltimos, YouTube-kanalimizda joylangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu tariqa videoni imkon qadar ko‘proq odam ko‘rishiga yordam bergan bo‘lasiz.
Gaplashishdi
Haftaning eng muhim voqeasi AQSh prezidenti Tramp va Rossiya prezidenti Putinning telefonda gaplashgani bo‘ldi. Afsuski, mana shunday bechora zamonda yashayapmiz. Ikki siyosatchi cholning telefon orqali gaplashib, hokkey o‘yini o‘tkazishga kelishganini butun boshli 7 kunning eng muhim voqeasi deb qarashga majburmiz. Axir sayyoramizda oxirgi 80 yillikda kuzatilayotgan eng qonli qirg‘inbarotni tugatish mana shu ikki cholning qo‘lidan keladi xolos.
Tramp va Putin aytarli hech narsani kelishishmadi. Masalan, Putin Rossiya 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qabul qilmasligini «chiroyli qilib tushuntirdi». Evaziga shunchaki energoobektlarga zarba bermaslik «zarbdor oyligi o‘tkazishni» taklif qildi. Tramp Eron Isroilni yanchib tashlaydigan kuchga ega bo‘lmasligi kerak, dedi.
Va suhbat oxirida biri 72, biri 78 ga kirgan ikki prezident yoshlikni eslashdi. O, qanday davrlar edi, hokkey, olimpiada, SSSR, Amerika, deyishdi-da, amerikalik va rossiyalik hokkeychilar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilishga kelishishdi. Ruschasiga aytganda «dlya prilichiya» Kiyev va Moskva 175 nafardan asir almashishini e’lon qildi. Bo‘ldi, boshqa hech qanday kelishuv bo‘lmadi. Vaholanki dunyo ulardan urushni tugatishni kutayotgandi.
Isroil yangi urush boshladi
Urush hayotining mazmuniga aylangan yana bir odam Xalqaro jinoyat sudi genotsidda ayblab hibsga olishga order bergan Binyamin Netanyahu G‘azoda yangi urush boshladi. Aytarli hech qanday sababsiz, shunchaki, o‘zi va atrofidagi mulozimlari shunday qilish to‘g‘ri deb hisoblagani uchun. Hozir G‘azodagi musulmonlar uchun muqaddas oy ekani ham, o‘zining isroilliklari urushga qarshi namoyishga chiqqani ham Netanyahuni to‘xtata olmadi.
Isroilning iddao qilishicha, asirlarni qaytarish bo‘yicha ikkinchi bosqichga o‘tish uchun G‘azo bo‘lg‘asini to‘liq qurolsizlantirish kerak. Shu o‘rinda tinch aholi o‘layotganda qayerda jon saqlaganini hech kim bilmaydigan HAMAS jangchilari asirlarni ozod qilish jarayonida harbiy paradlar o‘tkazgani esga keladi. Aftidan, bunchalik ko‘p HAMAS jangchilari qurollangan holatda yurishidan Isroil ham hayratda qolib, katta ehtimol shuni bahona qilib yana urush boshlagan.
Sulhning birinchi bosqichi doirasida HAMAS Isroilga 25 asir va 8 asirning jasadini qaytardi. Evaziga Isroil qamoqxonalaridan 1800 falastinlik qo‘yib yuborildi. Hozir HAMASning qo‘lida yana 58 isroillik asir bor. Isroil ularning 34 nafari o‘lgan deb hisoblaydi. HAMAS ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumining birinchi kunlaridayoq 500 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Istanbul meri qamalishi
Haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining qamalishi bo‘ldi. 19 mart kuni Imomo‘g‘li korrupsiya va terrorchilar bilan aloqa qilishda ayblanib qamoqqa olindi. Uch soat davomida so‘roq bergan Istanbul meri barcha ayblovlarni rad etdi.
Bu qo‘lga olish nimasi bilan ahamiyatli ekani tushunarli. Imomo‘g‘li keyingi prezidentlik saylovida amaldagi prezident Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblanadi. U Jumhuriyat xalq partiyasining yagona nomzodi edi.
Turkiyada Istanbul meri bosh vazir yoki prezidentlik uchun eng asosiy nomzodlardan hisoblanadi, o‘z vaqtida Erdo‘g‘an ham shunday yo‘lni bosib o‘tgan. Chunki Istanbul merligi uchun saylovni yutish prezidentlik saylovini yutishdan oson emas.
Erdo‘g‘an Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. Turkiyada Istanbul meri qo‘lga olinishi fonida norozilik namoyishlari boshlandi. Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklandi, internet sekinlashtirildi, turk lirasi kursi rekord darajada quladi.
AQSh Yamanga hujum qildi
Hafta boshida AQSh Yamandagi husiychilar pozitsiyalariga zarbalar yo‘lladi. Husiychilar axborotiga ko‘ra, Amerika zarbalari sabab 53 kishi halok bo‘lgan. Shialar guruhi javob zarbalari berilishini ma’lum qildi. Tabiiyki, ularning raketalari Amerikagacha uchib bormaydi, husiychilar dengizda juda qulay joylashgani uchun qizil dengizdagi Amerika kemalariga hujum qilishdi. Xususan, «Harri Truman» aviatashuvchisiga 18 ta dron bilan hujum qilinganini aytishdi.
Donald Trampning aytishicha, Yamandagi husiychilarga qarshi zarbalar davomiy bo‘ladi. Oq uy Tramp husiychilar obektlariga zarbalarni onlayn kuzatib turgani aks etgan surat e’lon qildi.
Britaniya shahzodasi Rossiya chegarasida
Ushbu haftada Britaniya qirollik oilasi valiahdi, Uels shahzodasi Uilyam Estoniyadagi NATO harbiy bazasiga bordi. U yerdagi Britaniya armiyasi harbiylari bilan uchrashgan Uilyam inglizlarning «Challenger-2» tankini haydab, Rossiya chegarasiga 120 km yaqingacha bordi.
Britaniya qirollik oilasi a’zolari doim ham siyosiy voqealarga aralashmaydi. Bu gal vaziyat butunlay boshqacha. Shahzoda Uilyam Estoniyani Rossiya hujumidan himoya qilish bo‘yicha harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotida qatnashgan britaniyaliklar bilan uchrashdi. U libosiga NATO ramzi tushirilgan shevron yopishtirib oldi.
Shahzoda Uilyam Estoniyadagi ukrain qochqin bolalar maktabiga ham bordi. U bolalarga ukrain matonatidan qoyil qolganini aytgan. Tahlilchilar bir vaqtlar SSSR harbiy bazasi bo‘lgan yerga Britaniya qirollik oilasi vakilining tankda borishi jiddiy signal deb hisoblamoqda. Bilasiz, Britaniyada anchadan buyon Ukrainadaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish muhokama qilinadi. Reuters esa yaqinda rossiyalik mulozimlarga tayanib Moskva endilikda o‘zining asosiy dushmani sifatida AQShni emas, aynan Britaniyani ko‘rayotgani haqida yozgandi.
«Ozodlik haykalini qaytaring»
Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida qilayotgan ishlari sabab yevropaliklar AQSh hamon demokratiya va erkinlik tarafdorimikin deb o‘ylab qolishdi. Yevroparlamentning fransiyalik a’zosi Rafael Glyuksman AQSh rasmiylaridan Ozodlik haykalini Fransiyaga qaytarib berishni talab qildi.
AQSh ramziga aylangan haykalni Qo‘shma Shtatlardagi inqilobiy urushning 100 yilligi munosabati bilan Fransiya Amerikaga sovg‘a qilgan. Fransuz haykaltaroshi Ogyust Bartoldi yasagan 46 metrli mis haykal 1886 yil Nyu Yorkdagi Ozodlik oroliga o‘rnatilgan.
Putin Tramp uchun duo qilgan
22 mart kuni Taker Karlson AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan intervyu e’lon qildi. Unda Trampning milliarder do‘sti bir qator qiziq gaplarni aytgan. Xususan, 13 mart kuni Putin bilan uchrashuvda nimalar bo‘lganini. Uitkoffga ko‘ra, Putin Tramp Pensilvaniyada otilgan kuni cherkovga borib uning haqqiga duo qilganini aytib bergan. Tarmoqda Uitkoffning bu gaplari demokrat Kamala Harris teledebatda Trampga «Dunyodagi diktatorlar sizning prezident bo‘lishingizni so‘rab duo qilyapti» degan gapi bilan birga tarqatilmoqda.
Uitkoff intervyu davomida Kiyev prezidentlik saylovi o‘tkazishga rozi bo‘lganini aytgan. Shuningdek, Ukrainadagi Rossiya bosib olgan yerlarda ruslar yashashi, ular o‘tkazilgan referendumda Rossiya tarkibiga kirishga rozi bo‘lganini aytgan. Vaholanki, Donbassdagi urush vaqtida o‘tkazilgan referendumlarni faqat Rossiya tan olgan.
Go‘sh, sut va tuxum narxi tushmaydi
AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi dunyodagi oziq-ovqat narxlari bo‘yicha prognozlarni yangiladi. Unda aytilishicha, yil davomida mol go‘shti va sut mahsulotlari narxi oshadi, tuxum narxi ham balandligicha qoladi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, qoramollar sonining kamayishi va ozuqaning qimmatligi mol go‘shti narxi oshishi uchun asosiy omil bo‘ladi. Avvalroq dunyodagi ikki yirik mol go‘shti yetishtiradigan davlatlar Braziliya va Yangi Zelandiya ishlab chiqarishni kamaytirishi ma’lum bo‘lgandi.
Parranda go‘shti va tuxum yetishtiruvchilar uchun ham muammolar yetarli. Butun dunyoda qushlar orasida kasalliklar ko‘paygani, fermerlar bioxavfsizlikni ta’minlash uchun ko‘p pul sarflashga majbur bo‘layotgani, tuxum qo‘yadigan tovuqlar soni kamligi tuxum narxi oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda AQShdagi tuxum narxlari haqida ikki og‘iz. Prezident Tramp ishga kirishganining birinchi kunida tuxum narxini tushirishga so‘z bergandi. Lekin xuddi Amerikadagi makiyon tovuqlar Tramp bilan o‘ynashgandek o‘shandan beri tuxum narxi ko‘tarilib ketdi. Amerika tuxum import qilishni so‘rab Yevropa davlatlariga, xususan, Daniyaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Lekin Tramp Daniyaga urush ochaman deb turibdi, bundan tashqari logistika bilan bog‘liq muammo bor. Qo‘shnilardan olaman desa, Amerikaning o‘zi ikkita qo‘shnisi bor va Tramp ularning ikkisiga ham urush ochib bo‘lgan.
Daniyadagilar AQShga dushmanlik bilan javob bermay, bu so‘rovni o‘rganib chiqishlari, lekin parranda grippi sabab Yevropada ham ortiqcha tuxum yo‘qligini aytishgan. Vaziyat shunchalikka bordiki, Amerika tuxumni Turkiya va Janubiy Koreyadan import qilishga majbur bo‘lmoqda.
Dunyo bo‘ylab tuxum narxining oshishiga eng asosiy sabablardan biri go‘sht qimmatlashgani uchun tuxum iste’molining ortgani bo‘lishi mumkin.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Ko‘rsatuv oxirida barchangizning xonadoningizda tuxum ham, go‘sht ham, sut ham serob bo‘lishini tilaymiz. Buyog‘i bahor, pishiqchilik boshlanmoqda. Mehnatkash xalqimizning dasturxoni doim to‘kin-sochin bo‘lsin, dehqonlarimizga kuch-quvvat bersin. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Tavsiya etamiz
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
Kiyevga yana zarba berildi. Qurbonlar bor
Jahon | 13:57 / 23.03.2025
Yangi “inomarka”lar savdosi 2 barobardan ko‘proqqa kamayib ketdi
Iqtisodiyot | 10:04 / 23.03.2025
Yana uchta muhim o‘yin. O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
Sport | 17:29 / 22.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Zelenskiy AQShning Ukraina va Rossiya bilan kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi
Jahon | 03:47
-
Olimlar saraton va diabetni davolashda gen terapiyasining asosiy to‘sig‘ini bartaraf etdi
Fan-texnika | 03:06
-
Fransiyada ikkita samolyot to‘qnashib ketdi - video
Jahon | 23:51 / 25.03.2025
-
“Titanik”dan “Kursk”kacha – eng yirik kema halokatlari
Jahon | 23:28 / 25.03.2025
Mavzuga oid

14:43 / 16.03.2025
Dushmani o‘zgargan Rossiya, «mashina bozorga aylangan» Oq uy – hafta dayjesti

16:13 / 09.03.2025
Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti

17:40 / 23.02.2025
Urushning uch yilligi, Trampning tahdidlari va arra ko‘targan Ilon – hafta dayjesti

13:30 / 16.02.2025