O‘zbekiston | 22:17 / 24.03.2025
9220
2 daqiqa o‘qiladi

112 yagona dispetcherlik xizmati barcha hududlarda ishga tushgan - Raqamli texnologiyalar vazirligi

O‘zbekistonda ayni paytda 112 yagona dispetcherlik tizimi respublikaning barcha hududlarida ishga tushgan va faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

2023 yil iyulda Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklari oldiga yagona 112 tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasini qo‘ygandi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil may oyidagi qarori bilan 112 yagona dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilangan edi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatovga ko‘ra, har bir vazifa hukumat qarorida belgilangan muddatlarda bajarilgan, ayni paytda bu tizim respublikaning barcha hududlarida ishga tushgan va faoliyat yuritmoqda.

112 yagona dispetcherlik xizmati Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatining shoshilinch xizmatlarini ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirgan holda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarorida 112 yagona dispetcherlik xizmati 2024 yil 1 iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2024 yil yakuniga qadar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyatlarda ishga tushishi belgilangan edi.

Mavzuga oid