Jahon | 18:00 / 25.03.2025
3647
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning yarmi Belarusdagi kabi diktaturani orzu qiladi – Lukashenko

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda har bir inson o‘z fikrini aytish imkoniyati va konstitutsiyaviy huquqiga ega, «ammo belaruslarning ko‘plab ajdodlari tomonidan yaratilgan barcha narsani yo‘qqa chiqarishga chaqirish kerak emas».

Foto: president.gov.by

Dunyoning yarmi Belarusdagi kabi diktaturani orzu qiladi, chunki bu «haqiqiy amallar va odamlar manfaatining diktaturasi», dedi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.

«O‘zini demokratiya etaloni deydiganlarga qaraganda bizda demokratiya ko‘proq. Belarus davlat taraqqiyot modeli psevdoliberal qadriyatlar tizimiga chorlov bo‘lib qoldi. Biz chekinmayotganimiz va ochiqdan-ochiq egilmasligimiz raqiblarimizni g‘azablantirmoqda», dedi Lukashenko Minsk shahridagi inauguratsiya chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda har bir inson o‘z fikrini aytish imkoniyati va konstitutsiyaviy huquqiga ega, «ammo belaruslarning ko‘plab ajdodlari tomonidan yaratilgan barcha narsani yo‘qqa chiqarishga chaqirish kerak emas».

«Biz so‘z erkinligidan o‘z mamlakatimizni yo‘q qiladigan to‘qmoq sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaymiz», deb ta’kidladi Lukashenko.

O‘tgan yil oxirida, Belarus prezidenti mamlakatda «haqiqatan ham diktatura borligini» tan oldi. Biroq, u «barqarorlik, xavfsizlik, tartib, mehribonlik va mehmondo‘stlik diktaturasini» nazarda tutganini tushuntirdi. Bundan oldinroq, Lukashenko diktaturani Belarusning gullab-yashnashi sababi deb atagan edi. Uning aytishicha, agar davlatni qattiqqo‘llik bilan boshqarmaganida «odamlar yalang‘och qolgan bo‘lardi».

Mavzuga oid

E`lonlar