Jahon | 23:28 / 25.03.2025
13285
13 daqiqa o‘qiladi

“Titanik”dan “Kursk”kacha – eng yirik kema halokatlari

“Titanik”ning aysbergga urilib cho‘kib ketganiga aprelda 113 yil to‘ladi. Insoniyat undan keyin ham xato qilishda davom etdi va oqibatda yana yirik kemalar halokatga uchrab, odamlar halok bo‘ldi. Ushbu materialda eng yirik kema halokatlari haqida so‘z yuritamiz.

2025 yil 10 mart kuni Shimoliy dengizning Britaniya sohillarida AQSh bayrog‘i ostida harakatlangan Stena Immaculate neft tankeri hamda Portugaliyaning Solong konteynerovozi bir-biri bilan to‘qnashib ketdi.

To‘qnashuv ertalab Angliya sharqidagi Xall shahri yaqinida Sharqiy Yorkshir qirg‘og‘ida sodir bo‘lgan. Konteynerovoz langar tashlab turgan neft tankeriga borib urilgan. Oqibatda har ikki kemada ham yong‘in chiqqan va 32 kishi jarohat olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘qnashuvdan keyin yuzaga kelgan yong‘inning foto va videolari tarqaldi. Ularda tanker ustidagi qora tutunni ko‘rish mumkin.

Quyida suv transporti tarixida yuz bergan eng yirik halokatlarni sanab o‘tamiz. Shubhasiz ular orasida eng ko‘p odam o‘lgan hodisa “Titanik” kemasining halokatga uchrashi hisoblanadi.

Taniqli Hollivud rejissyori Jyeyms Kameron tomonidan 1997 yilda suratga olingan “Titanik” filmi ushbu hodisani yanada mashhur qilib yubordi.

1. “Titanik”

20-asr boshlarida Transatlantika yo‘nalishida Yevropa va Amerika orasida kemalar qatnovi bo‘yicha keskin raqobat yuzaga keldi. Turli kompaniyalar bir biridan o‘zish uchun yirik kemalar qurdira boshladi. “Titanik” ana shu raqobat paytida qurilgandi.

“Titanik” 1911 yilda suvga tushirilgan. Uning qurilishida bir vaqtning o‘zida 1 500 kishi mehnat qilgan. Kemaning uzunligi 269, eni 28, balandligi 18 yarim metr bo‘lgan.

1912 yil 10 aprel kuni “Titanik” Angliyaning Sauthempton shahridan Nyu Yorkka qarab harakatlana boshlaydi. Bu uning Transatlantika bo‘ylab birinchi qatnovi edi. O‘shanda kema bortida 1 314 nafar yo‘lovchi va 908 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

14 aprel kuni tunda soat 23:39 da “Titanik” yirik aysberg bilan to‘qnashadi. Shunda uning korpusi teshilib, kemaga suv kira boshlaydi. Ekipaj eng avval ayollar va bolalarni qutqarishga kirishadi. 712 kishi qutqariladi. 1 496 kishi halok bo‘ladi.

O‘sha paytda dunyodagi eng yirik yo‘lovchi kemalardan biri bo‘lgan “Titanik” 2 soat 40 daqiqa ichida cho‘kib, okeanning tubiga, 3 750 metr chuqurlikka o‘rnashadi. Uning qoldiqlarini 1985 yilda amerikalik tadqiqotchi, okeanologiya professori Robert Ballard boshchiligidagi ekspeditsiya qidirib topadi.

2. “Luzitaniya”

“Luzitaniya” kemasi ham Britaniya kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u “Titanik”dan sal avval, 1906 yilda qurilgan, 1907 yilda suvga tushirilgan. Kemaning uzunligi 240, eni 26, balandligi 18 metr bo‘lgan. “Luzitaniya” ham Britaniya va AQSh orasida qatnab, yo‘lovchi tashigan.

1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlanadi. Bu urushda Britaniya, Fransiya va Rossiya ikkita imperiya – Germaniya hamda Avstriya-Vengriya ittifoqiga qarshi urushgan.

Urush boshlanganidan so‘ng Atlantika okeani shimolida suzish birmuncha xavfli bo‘lib qoladi. Biroq Britaniya kemalari yo‘lovchi va yuk tashishda davom etadi.

1915 yil 7 may kuni Nyu York-Liverpul yo‘nalishida suzayotgan “Luzitaniya”ga Irlandiya qirg‘oqlari yaqinida nemis submarinasi torpedo bilan zarba beradi. “Luzitaniya” shikastlanib, cho‘ka boshlaydi.

O‘shanda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan 763 kishi qutqariladi. 1 197 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida amerikaliklar ham bor edi. Bu hodisa AQShning Birinchi jahon urushiga qo‘shilishiga sabab bo‘lgan.

3. “Estoniya”

Shvetsiyada yasalgan “Estoniya” paromi 1980 yilda suvga tushirilgan va dastlab uning nomi boshqa bo‘lgan. 1993 yilda uni Estoniya davlati sotib olib, nomini “Estoniya” deb o‘zgartiradi.

Paromning uzunligi 157 metr, eni 24,2 metr bo‘lib, u turli yuklarni tashishga moslashgan, bundan tashqari 1 190 nafar yo‘lovchi o‘rniga ham ega bo‘lgan.

1994 yil 27 sentabr kuni tunda “Estoniya” Tallin portidan Stokholmga qarab yo‘lga chiqadi. Ko‘p o‘tmay parom radarlardan yo‘qoladi. “Estoniya” halokatga uchragan va dengiz tubiga cho‘kib ketgandi. Oqibatda uning bortidagi 852 kishi halok bo‘ladi. 138 kishi qutqariladi.

Keyinchalik “Estoniya”ning halokatiga kuchli shamol va bo‘ron sabab bo‘lgani aniqlanadi. Ya’ni dengizda bo‘ron boshlanadi va paromni silkita boshlaydi. Shunda uning old qismida joylashgan, turli transport vositalarining paromga chiqishida asqatadigan 50 tonnalik temir “ko‘prik” (apparel) uzilib ketadi.

Shunda “Estoniya”ning old qismi teshilib, u suv bilan to‘ladi. Oqibatda parom 28 daqiqada cho‘kib ketadi. “Estoniya”ning cho‘kib ketishi tinch davrlarda sodir bo‘lgan eng yirik kema halokati hisoblanadi.

4. “Kosta Konkordiya”

2005 yilda suvga tushirilgan “Kosta Konkordiya” kruiz kemasining uzunligi 290, eni 35 metr bo‘lgan. Unda 3 780 nafar mehmon uchun joy qilingan bo‘lib, kemaga 1 100 nafar ekipaj xizmat ko‘rsatgan. O‘sha paytda u Yevropadagi eng yirik kruiz kema hisoblangan.

Kemada 15 ta paluba, 14 ta lift, 4 ta basseyn, 5 ta restoran, fitnes markaz, “Formula-1” simulyatori va 1 450 ta barcha qulayliklarga ega kayutalar bo‘lgan. “Kosta Konkordiya”ni qurish uchun yarim mlrd dollar sarflangan.

2012 yil 13 yanvar kuni kema 3 216 yo‘lovchi va 1 013 nafar ekipaj a’zosi bilan O‘rta Yer dengizi bo‘ylab sayohat qilib yurganida Italiya qirg‘oqlari yaqinida, kichik Jileo oroli oldida qoyaga uriladi.

Shunda kemaning tag qismi teshiladi va o‘sha yerdan suv kirib, u yonboshlab qoladi. Oqibatda kemada bo‘lganlardan 32 kishi halok bo‘ladi. 150 kishi turli darajada tan jarohatlari oladi. Qolganlarni qutqarishadi.

2014 yilda Amerika va Italiya kompaniyalari hamkorlikda yonboshlab qolgan kemani qoyadan chiqarib oladi. Biroq uni ta’mirlab bo‘lmaydi. Shundan so‘ng “Kosta Konkordiya” bo‘laklanadi va 80 foiz materiallari qayta ishlashga topshiriladi.

Keyinchalik “Kosta Konkordiya”ga egalik qilgan kompaniya jabrlanuvchilarning har biriga 11 ming dollardan pul beradi. Bundan tashqari, halok bo‘lgan 32 kishining har biriga hisoblab yaqinlariga 1 mln dollardan beriladi.

Halokatdan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda hodisaga 52 yoshli kema kapitani aybdor ekani aniqlanadi. 2014 yilda kapitan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

5. “Ville du Gavr”

Fransiyaning Gavr shahridan Nyu Yorkka yo‘lovchi tashigan va dastlab Napoleon III deb nomlangan bu kema 1865 yilda suvga tushirilgan. 1866 yildan u Transatlantika yo‘nalishida yo‘lovchi tashiy boshlagan.

1873 yil 22 noyabrda “Ville du Gavr” Britaniyaning “Loch Ern” kemasi bilan to‘qnashadi va 12 daqiqa ichida cho‘kib ketadi. O‘shanda kemada bo‘lganlardan 61 yo‘lovchi va 26 nafar ekipaj a’zolari qutqariladi. 226 kishi halok bo‘ladi.

Halokat tunda sodir bo‘lgani uchun har ikki kema kapitanlari bir-biriga yaqinlashayotganini sezmay qoladi. To‘qnashuv xavfini sezishganda ikki tomon ham yo‘nalishni o‘zgartirishga urinadi. Biroq to‘qnashuvdan qochishning iloji bo‘lmaydi.

6. “General Slokam”

Amerikaliklarga tegishli bu kema 1891 yilda suvga tushirilgan va Nyu York-Nyu Jyersi yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshirgan. 1904 yil 15 iyun kuni kema Nyu York yaqinidagi Ist-River bo‘g‘ozi bo‘ylab suzayotganda yong‘in kelib chiqadi. O‘shanda uning bortida 1 342 kishi bo‘lgan.

Kema palubasi va boshqa ko‘plab jihozlar yog‘ochdan tayyorlangani uchun olov tez tarqaladi. Oqibatda kemadagilarning 1 021 nafari halok bo‘ladi.

Surishtiruvlardan so‘ng yong‘inga yo‘lovchilar tomonidan oyoq ostiga sigaret qoldig‘i yoki yonib turgan gugurt tashlangani sabab bo‘lgani aytiladi. Biroq bu ishni aynan kim qilganini aniqlashning iloji bo‘lmaydi.

Keyinroq halokat yuzasidan 8 kishiga ayblov e’lon qilinadi. Ular orasida kema kapitani, ikki inspektor, kemaga egalik qiladigan kompaniya prezidenti ham bor edi. Oxir-oqibat faqat kapitan aybdor deb topiladi va u 10 yilga qamaladi.

“General Slokam” bilan sodir bo‘lgan hodisa 2001 yil 11 sentabr voqealarigacha Nyu Yorkda sodir bo‘lgan eng yirik halokat hisoblangan.

7. “Andrea Doria”

1951 yilda suvga tushirilgan “Andrea Doria” kemasi Italiya kompaniyasiga tegishli bo‘lib, asosan Transatlantika yo‘nalishida yo‘lovchi tashigan.

1956 yil 25 iyul kuni tunda kema 940 yo‘lovchi va 826 nafar ekipaj a’zolari bilan Italiyaning Genuya shahridan Nyu Yorkka qarab suzib borayotganida AQShga qarashli Nantaket oroli yaqinida Shvetsiyaga qarashli “Stokholm” kemasi bilan to‘qnashib ketadi.

Oqibatda har ikki kema shikastlanadi va ko‘p o‘tmay “Andrea Doria” cho‘kib ketadi. “Stokholm” kemasining faqat tumshuq qismi shikastlangandi. Hodisada har ikki kemada bo‘lganlardan 46 kishi halok bo‘ladi. Qolganlarni qutqarishga ulgurishadi.

To‘qnashuvga qalin tuman sabab bo‘lgandi. Tunning qorong‘isida har ikki kema kapitanlari ro‘paradan kelayotgan boshqa kemani sezishmaydi. Sezishganda esa kemalarni to‘qnashuvdan olib qochishning iloji bo‘lmaydi.

8. “Kursk” suvosti kemasi

“Kursk” Rossiyaga tegishli harbiy suvosti kemasi bo‘lib, u 1994 yilda suvga tushirilgandi. 2000 yil 12 avgust kuni kema harbiy-o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etish uchun Barens dengiziga chiqadi.

O‘quv mashg‘uloti davomida kemadagi bir nechta qanotli raketalar bilan suv yuzasidagi shartli nishonlarga zarba beriladi. O‘quv-mashqi jurnallarida “Kursk” bilan bog‘liq oxirgi yozuv soat 11:15 da qayd etiladi.

Soat 11:28 da o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etayotgan harbiy kreyserdagilar kuchli portlashni qayd etishadi. Shundan so‘ng “Kursk”bilan aloqa uziladi. Darhol uni qidirish ishlari boshlanadi.

Avvaliga vertolyotlar dengiz sathini tekshirib chiqishadi. So‘ng qidiruvga suvosti kemalari qo‘shiladi. “Kursk”ni hodisaning ertasiga suv ostidan, 108 chuqurlikdan topishadi. Kema halokatga uchragan va undagi 118 nafar harbiy dengizchilar halok bo‘lgandi.

Rossiya rasmiylari kemada bo‘lganlar portlash vaqtida halok bo‘lgan degan xabar chiqaradi. Biroq keyinchalik 21 avgust kuni qutqaruvchilar kemani tekshirayotib, 23 nafar matrosning jasadini boshqa bo‘limdan topadi.

Bu matroslarning yonidan chiqqan yozuvlarda ular ma’lum vaqt tirik bo‘lgani yozilgandi. O‘shanda kema halokatga uchragan paytdayoq Britaniya va Norvegiya flotlari Rossiyaga yordam taklif qilgan va rad javobini olishgandi.

Biroq kemani tekshirish va tepaga olib chiqish juda murakkab ishligi ma’lum bo‘lgach Rossiya baribir xorijdan yordam chaqiradi.

Shu sababli Rossiya jamoatchiligi, halok bo‘lgan dengizchilarning yaqinlari hanuzgacha Rossiya hukumatini o‘zi eplay olmaydigan ishda boshqalarning yordamini rad etgani va qutqaruv ishlarini kechiktirgani uchun ayblab kelishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid

E`lonlar