Jahon | 22:14 / 26.03.2025
5192
2 daqiqa o‘qiladi

Litvada o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlarda to‘rt nafar amerikalik harbiy bedarak yo‘qoldi

OAV yo‘qolgan harbiylar halok bo‘lgani haqida yozmoqda. Ammo hozircha bu rasman tasdiqlanmadi.

Foto: LRT

Litvadagi o‘quv mashg‘ulotlari davomida amerikalik to‘rt nafar harbiy xizmatchi yo‘qolib qoldi, deb yozmoqda LRT.

Qayd etilishicha, voqea 25 mart kuni mamlakat sharqida joylashgan Pabrade shahridagi poligonda sodir bo‘lgan. Harbiylar bilan birga M88 gusenitsali zirhli mashina ham yo‘qolgan.

Qidiruv operatsiyasiga Litva va boshqa davlatlarning harbiylari jalb etilgan, chegara xizmati va Harbiy-havo kuchlari vertolyotlari havoga ko‘tarilgan.

«Hodisa yuz bergan ehtimoliy joy aniqlandi, qidiruv va qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda», – deydi Litva armiyasi mayori Gintautas Tsyunis.

AQSh armiyasining Yevropa va Afrikadagi qo‘mondonligi askarlar yo‘qolganini tasdiqlagan. Ta’kidlanishicha, ularning barchasi bitta diviziyaga tegishli bo‘lib, poligonga rejali taktik o‘quvlarda ishtirok etish uchun borgan.

Litvaning Lrytac portalining yozishicha, zirhli mashina botqoqlikdan topilgan, harbiylarning barchasi halok bo‘lgan. Hozircha ushbu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

Mavzuga oid