Jahon | 17:02 / 26.03.2025
2064
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar uchun maqsadli patentlar joriy qilinishi mumkin

Bunda patentga migrantning qaysi sohada mehnat qilishi aniq yoziladi va boshqa sohalarda ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foto: RBK

Rossiya Davlat Dumasiga migrantlarga Rossiyada ishlash uchun maqsadli patentlar berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Tegishli hujjat Duma ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi, deb yozdi «Vedomosti».

Tashabbuskorlar mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishi bo‘yicha qo‘mita raisi Yaroslav Nilov (LDPR) boshchiligidagi deputatlar guruhi edi. Tushuntirish xatida ta’kidlanganidek, tashabbus mehnat bozorini yanada aniqroq tartibga solishga qaratilgan, chunki hozir xorijliklar ko‘pincha o‘z mutaxassisligi bo‘yicha emas, balki shaxsiy manfaatlar asosida ish tanlamoqda.

Mualliflarning fikricha, muammo, ayniqsa, ishchilar yetishmaydigan qurilish sohasida keskin, chunki ko‘plab migrantlar kurer bo‘lib ishlashni afzal ko‘radi.

Ta’kidlanishicha, yangi mexanizm xorijliklarni o‘zi uchun qulayroq bo‘lgan sohalarga emas, balki kadrlar yetishmaydigan sohalarga jalb qilish imkonini beradi.

Qonun loyihasida maqsadli patentlar berish tartibini nazorat qilish vakolatlarini Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazish ham nazarda tutilgan. Bu, tashabbuskorlarning fikricha, migrantlarni ishga joylashtirish jarayonini yanada aniqroq nazorat qilish va ularni talab yuqori bo‘lgan hududlarga yo‘naltirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, joriy etilayotgan o‘zgarishlar mehnat migrantlari sonining qisqarishiga olib kelmaydi, balki ularning mehnat bozorida taqsimlanishini tartibga soladi.

Mavzuga oid