Jahon | 18:00 / 27.03.2025
1110
2 daqiqa o‘qiladi

Der Spiegel AQShning yuqori martabali amaldorlariga oid shaxsiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud ekanini aniqladi

Jurnalistlar Tramp jamoasining yuqori martabali amaldorlarini Instagram, LinkedIn, Dropbox va Signal akkauntlariga bog‘langan mobil telefon raqamlari va elektron pochta manzillarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Pit Hegset / Foto: AFP

Germaniyaning Der Spiegel nashri jurnalistlari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidagi ayrim yuqori martabali amaldorlarga oid shaxsiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud ekanini aniqladi.

Qayd etilishicha, jurnalistlar Instagram, LinkedIn, Dropbox va Signal akkauntlariga bog‘langan mobil telefon raqamlar va elektron pochta manzillarini, hatto ayrim holatlarda parollarni ham aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Shaxsiy ma’lumotlari ochiq manbalarda tarqalganlar orasida Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols, mudofaa vaziri Pit Hegset, shuningdek, Milliy razvedka boshlig‘i Tulsi Gabbard ham bor. Ularning barchasi The Atlantic bosh muharriri Jyeffri Goldberg tasodifan qo‘shib qo‘yilgan Signal messenjeridagi maxfiy chatga oid mojaro figurantlari hisoblanadi.

Der Spiegel’ga ko‘ra, jurnalistlar aniqlagan ma’lumotlar do‘st bo‘lmagan davlatlarning razvedka xizmatlari tomonidan o‘z maqsadlarida foydalanilishi mumkin.

The Atlantic bosh muharriri Jyeffri Goldberg 14 mart kuni Tramp ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlari Yamandagi husiylarga zarbalarni muhokama qilgan maxfiy chatga qo‘shib qo‘yilganini ma’lum qildi. Chat ishtirokchilari orasida vitse-prezident Jyey Di Vens va Pentagon rahbari Pit Hegset ham bo‘lgan.

Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols ma’lumotlar sizib ketishi bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan — chatni o‘zi ochganini e’lon qilgan. Chatga qo‘shilish taklifi Goldbergga Uols nomidan kelgan.

Tramp Uolsni lavozimdan olmasligini ma’lum qilib, jurnalistning maxfiy chatga qo‘shilib qolishi husiylarga qarshi operatsiyaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini bildirdi.

Mavzuga oid