Kambag‘al oilalarga 22,5 mln so‘m grant, ijtimoiy kartaga “ko‘chayotgan” qog‘ozbozlik va yetim bolalarga g‘amxo‘rlik – 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Foto: Kun.uz
Kambag‘al oilalar qo‘llab-quvvatlanadi
Prezidentning tegishli farmoni bilan 2025 yil 1 apreldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, ushbu toifadagi oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yangi instrumentlari joriy etiladi:
- kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalari bandligi hamda ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratish;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan:
- nogironligi bo‘lgan yoshlarga parasport to‘garaklariga qatnashishi uchun yo‘l haqi xarajatlarini har oyda BHMning 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish;
- 6 oy davomida muntazam ravishda sport va san’at to‘garaklariga qatnashayotgan yoshlar uchun qiymati BHMning 10 baravaridan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholg‘u asboblarini xarid qilish;
- yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan oilalarga uy-joylarini tiklash va ta’mirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali BHMning 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda yordam ko‘rsatish.
2025 yil 1 apreldan boshlab «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa — oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etiladi. Bunda madaniy-ma’rifiy, ta’lim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari tushumlarining 25 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 apreldan boshlab «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun to‘lanadigan ssuda va subsidiyalar Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
2025 yil 1 apreldan boshlab «Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab esa «Ayollar daftari» jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi. Bunda tegishli nafaqalarni tayinlash va to‘lash uchun 6 oy muddat davomida Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolarining bandligi ta’minlangani holati inobatga olinmaydi.
Ijtimoiy transport xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi 2025 yil 1 apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025 yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari, shu jumladan, ushbu muassasalardagi «g‘amxo‘rlik» guruhlarida, umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida hamda reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchi ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bolalarga transport xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatidan foydalanganlik uchun umumiy miqdori har bir o‘quvchiga bir oyda BHMning 1,2 baravaridan oshmaydigan miqdorda, Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi o‘quvchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 100 foizini, Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilmagan oilalardagi o‘quvchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 60 foizini subsidiya shaklida qoplash nazarda tutilgan.
Subsidiya shaklidagi to‘lovlar Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi agregatorlar tomonidan ko‘rsatiladi. Xizmat faqat Agentlik tomonidan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida elektron shaklda yuritiladigan Transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatidan foydalanish bo‘yicha buyurtmalar Transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlarining mobil ilovalari orqali beriladi. Shuningdek, xizmatning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishi agentlik huzuridagi «Axborot texnologiyalari markazi» davlat muassasasining Call-markazi tomonidan ushbu xizmatdan foydalanuvchi shaxslar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali monitoring qilinadi.
Ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi
2025 yil 1 apreldan qator sub’yektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi. Bu “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida qayd etilgan.
Farmonga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar bir yoki bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, shuningdek, yagona operatorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun quyidagilar asosida taqdim etilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etiladi:
- qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
- umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma).
Bunda tanlov (tender) asosida taqdim etilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar) eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etilmaydi.
2025 yil 1 apreldan eksklyuziv huquq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga qonunlar va prezident farmon va qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga faqat quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
- konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash;
- tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish.
2025 yil 1 apreldan quyidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:
- “O‘zbekekspertiza” AJ va uning hududiy bo‘linmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish bo‘yicha;
- “O‘zInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha;
- “Milliy PR-markazi” DUKning O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translatsiya qilish bo‘yicha;
- Sag agro MTP MChJning yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha;
- “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha.
Mahallalarda oila shaklidagi bolalar uylari tashkil etiladi
2025 yil 1 apreldan boshlab ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etiladi. Bu prezidentning 2024 yil 14 noyabrda qabul qilingan “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.
Farmon bilan 2025 yil 1 apreldan boshlab ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uzoq yoki qisqa muddatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish jarayoniga nodavlat sektorni jalb etishning quyidagi tartibi joriy etilishi belgilangan:
- nodavlat tashkilotlar tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uzoq yoki qisqa muddatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish qonunchilikka muvofiq agentlik bilan tuziladigan davlat ijtimoiy buyurtmasi, autsorsing yoki boshqa turdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi;
- nodavlat tashkilotlar tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uzoq yoki qisqa muddatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish uchun joylashtiriladigan bolalar soni agentlik tomonidan belgilanadi;
- nodavlat tashkilotlar tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uzoq yoki qisqa muddatli g‘amxo‘rlik qilish hamda tarbiyalash xizmatining ko‘rsatilishi «Inson» markazlari tomonidan monitoring qilinadi;
- agentlikka yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uzoq yoki qisqa muddatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmasi, autsorsing va boshqa turdagi shartnomalar bo‘yicha xarajatlarni Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga ruxsat beriladi.
Yashil energiya uchun “Yashil tarif”
2025 yil 30 yanvar kuni prezidentning «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingandi.
Hujjatda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun «yashil tarif»lar joriy etilishi belgilangan.
Bunda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali ishlab chiqariladigan hamda tashkilotlarning o‘z hududlarida o‘rnatgan shamol va quyosh elektr qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun, shuningdek, aholining quyoshdan olingan va foydalanishda o‘z ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanishi qayd etilgan.
Dori vositalariga referent narx shakllantiriladi
2025 yil 1 apreldan boshlab retsept bilan beriladigan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi joriy etiladi. Bu davlat rahbarining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan.
Unda quyidagilar ko‘zda tutiladi:
- aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlarni tanlash;
- dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining xuddi shunday faol moddaga ega dori vositasining ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasi egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilishi;
- dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxini qayd etish. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas;
- tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga kiritilgan dori vositalarining referent narxlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan ariza beruvchining tegishli ariza taqdim etishidan qat’i nazar qayd etish.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 apreldan boshlab:
- Toshkent shahrida, tajriba tariqasida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish hamda arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish jarayonlari birlashtiriladi hamda buning hisobiga ushbu ishlar uchun talab etiladigan vaqt 2 baravarga qisqartiriladi;
- yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi;
- har oyda 1 ta hududda «investor kun»lari tashkil etiladi hamda hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
- ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalari uchun mahalliy budjetdan beriladigan «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi joriy etiladi;
- 2028 yil 1 yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan davlat budjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini har oyning 25 sanasiga qadar qaytarish tartibi joriy etiladi. Ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil qiladigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tatbiq etiladi;
- 2028 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi;
- paxta xomashyosi va undan tayyorlangan barcha turdagi mahsulotlar bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilganda bir vaqtning o‘zida tovar-transport yuk xatini ham rasmiylashtirish talab etiladi;
- daromadidan qat’i nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi;
- ijtimoiy karta transport kartasi, shu jumladan, jamoat transporti uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shahar yo‘nalishlari bo‘yicha tarif rejalaridan foydalangan holda imtiyozli transport kartasi vazifasini bajaradi. Bu ijtimoiy kartaning transport kartasi hamda imtiyozli transport kartasi vazifalari «Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi operatori» MChJ bilan integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi;
- «Turon» maktab teatrining ijobiy tajribasi asosida maktablarda «Iqtidor» badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etilib, jamoalar o‘rtasida «Iqtidor maktab ansambli» respublika tanlovi o‘tkaziladi;
- oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilari, shuningdek, IT-park rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga ham «IT-visa» beriladi;
- Samarqand va Toshkent shaharlarida eksperiment tariqasida autsorsing asosida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan oilalar, mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar, ikki va undan ortiq nogiron a’zolari mavjud oilalardagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi;
- fuqarolarni TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;
- dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridlari Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq lotlarga bo‘lgan holda amalga oshiriladi;
- bosqichma-bosqich nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi.
Tavsiya etamiz
Aprelda qanaqa ob-havo kutilyapti?
O‘zbekiston | 12:09 / 28.03.2025
AQShda Isroilni tanqid qilgan turk talaba qo‘lga olindi
Jahon | 22:36 / 27.03.2025
Karmanada maktab o‘quvchisi oliygohga kirish uchun muddatidan avval maksimal ballni to‘pladi
Jamiyat | 20:18 / 27.03.2025
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Sirdaryoda Siemens ishtirokida "yashil" logistika markazi tashkil etilishi mumkin
O‘zbekiston | 15:08
-
Ukraina va AQSh urush strategiyasi, «Moskva», Kursk, Baxmut va qarshi hujum bo‘yicha qanday bahslashgan? NYT surishtiruvidan asosiy gaplar
Jahon | 15:05
-
Trampni tanqid qilgan uch professor Yyel universiteti va AQShni tark etyapti
Jahon | 15:00
-
Misr O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytiradi
Iqtisodiyot | 14:53
Mavzuga oid

19:33 / 25.02.2025
Hokimlarga qo‘shimcha vakolat, avtomatik tayinlanadigan pensiya va skuter uchun “prava” – 1 martdan nimalar o‘zgaradi?

13:09 / 27.01.2025
Kambag‘al oilalarga vaucher, bog‘chalarda elektron davomat va rivojlantiriladigan elektrotexnika sanoati – 1 fevraldan nimalar o‘zgaradi?

13:12 / 26.12.2024
Elektron brasletli bo‘ladigan mahkumlar, maoshi oshadigan madaniyatchilar va yovvoyi hayvonlarga “erkinlik” – 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

16:14 / 27.11.2024