Kambag‘al oilalar qo‘llab-quvvatlanadi

2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi. Bu haqda prezidentning “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab:

  • qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi;
  • davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llanadi.
  • kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi;
  • “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Haydovchilar uchun yengilliklar

O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan, haydovchilarga yengillik yaratishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi. Qarorda keltirilgan ayrim o‘zgarishlar 2025 yil 1 iyundan ishga tushadi.

Jumladan, 2025 yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” bundan mustasno.

Haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.