«Barsa» yirik g‘alabaga erishdi va yana «Real»dan uzoqlashdi
Milliy jamoalar o‘yinlaridan keyin yetarlicha dam olishga ulgurmagan futbolchilar maydonga tushgan o‘yinda kataloniyaliklar yana bir futbolchisini yo‘qotdi. Bungacha Kubarsi va Kasado safdan chiqqandi.

Foto: Reuters
La Liga. 27-turdan qoldirilgan o‘yin
«Barselona» — «Osasuna» 3:0
Gollar: Ferran Torres (11), Olmo (21-pen), Levandovski (77)
«Barselona» — Shesni, Balde (Martin, 83), I. Martines, E. Garsiya, Kunde, Pedri (Viktor, 84), De Yong (Torre, 46), Olmo (Lopes, 28), Gavi, Ferran Torres (Levandovski, 68), Yamal.
«Osasuna» — Errera, Krus, Errando, Katena, Areso (Penya, 84), Arnais (Boyomo, 46), Munos (Ruben Garsiya, 34), Ibanes, Monkayola, Oros (Gomes, 61), Raul Garsiya (Budimir, 60).
Ogohlantirishlar: Errera (18), Katena (38), E. Garsiya (40), Krus (50)
Yaqinda «Real» ham tig‘iz taqvimdan shikoyat qilgandi. Madridliklar o‘yinlar orasidagi tanaffus yana 72 soatdan kam bo‘lsa, chempionat o‘yinlarini boykot bilan tahdid qilgandi. «Barselona»da ham grafik ularnikidan yaxshiroq emas. Aniqrog‘i — yomonroq ham, chunki 8 mart kuni «Osasuna»ga qarshi o‘tkazilishi kerak bo‘lgan, ammo ko‘k-anorranglilar klubi tibbiy shtabi a’zolaridan birining o‘limi tufayli bekor qilingan o‘yin payshanba kuni kechqurun o‘tkazildi. Yakshanba kuni esa «Barsa»ni «Jirona»ga qarshi derbi kutmoqda va futbolchilarda tiklanish uchun to‘liq uch kun ham bo‘lmaydi. Qolaversa, milliy jamoa o‘yinlaridan keyingi payshanbada hech bir chempionatda o‘yinlar o‘tkazilmagan, hatto juma kungi taqvimlar maksimal darajada yengillashtirilgandi.
Kataloniyaliklar baxtiga Ispaniya milliy jamoasi Millatlar ligasi chorakfinalidagi javob o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazgan, «Qizil furiya» bosh murabbiyi Luis de la Fuente overtaymlar va penaltilar seriyasi kuzatilgan o‘yinda Olmoni qiynamagan va asosiy vaqt oxirida uni Pedriga almashtirgandi. Kubarsi esa Niderlandiyaga qarshi birinchi o‘yindayoq jarohat olgandi. Ya’ni Hansi Flikda mudofaa markazida Inigo Martines va tayanch yarimhimoyachisi Erik Garsiyani tushirishdan boshqa variant qolmagandi.
Shu bilan birga, Millatlar ligasi chorakfinalida ishtirok etgan Kunde, de Yong va Yamal (u oxirgi o‘yinda ikki soat davomida maydonda bo‘lgan) boshlang‘ich tarkibda tushishdi. Hali kichik jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmagan Levandovski zaxira o‘rindig‘ida qoldirilib, hujum markazida Ferran Torres tushdi.
Milliy jamoalar yig‘inlaridan endigina qaytib kelgan Arauxo tabiiyki zaxira o‘rindig‘ida qoldi. Ronald Urugvayning Boliviyaga qarshi safar o‘yinida maydonga tushmadi, ammo okeanortiga safardan keyin dam olish uchun vaqt bo‘lmadi. Rafinya esa o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi, chunki u ishtirok etgan Argentina — Braziliya o‘yini Kataloniyadagi o‘yin boshlanishidan atigi 18 soat oldin yakunlangandi. Jamoa mavsumdagi eng sermahsul futbolchisiga «o‘n kunda to‘rt o‘yin» grafigida dam berishi mantiqiy qaror edi. «Osasuna» va «Jirona»ga qarshi o‘yinlardan keyin ko‘k-anorranglilarni Ispaniya kubogi yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi o‘yin (2 aprel) va «Betis» bilan la liga o‘yini (5 aprel) kutmoqda. Jamoa uchun biroz yengillik — faqat kubok o‘yini safarda bo‘ladi (bir yarim soatlik parvoz), Chempionlar ligasi chorakfinalida «Borussiya»ga qarshi birinchi o‘yin ham uyda o‘tkaziladi.
«Barsa» pamplonaliklardan sentabr oyidagi 2:4 hisobi uchun revansh olish uchun maydonga chiqdi. Bu Flikning kataloniyaliklar bosh murabbiyi sifatidagi ilk mag‘lubiyati bo‘lgandi. Va avvaliga barchasi silliq kechdi: 11-daqiqada de Yong to‘pni chap qanotga yetkazdi, Balde jarima maydoniga uzatma berdi va Torres to‘pni darvoza to‘riga mixladi. Asosan zaxira futbolchisi bo‘lib qolayotganiga qaramay, u 17 golli harakat bilan o‘zining eng sermahsul mavsumini o‘tkazmoqda (14+3). Biroz o‘tib u dublni nishonlashi mumkin edi, ammo Yamalning pasidan keyin yaqin masofadan yo‘llangan zarbani Errera bartaraf etdi.
Bo‘lim o‘rtalariga borib esa «Osasuna» darvozaboni Olmoni yiqitdi va penaltiga sababchi bo‘ldi. U avvaliga o‘z aybini yuvib, 11 metrdan yo‘llangan zarbani qaytargandi, ammo jamoadoshi Monkayola jarima maydoniga to‘p tepilmasdan kirib ketgani barchasini yo‘qqa chiqardi. Dani esa takroriy zarbada adashmadi.
Bu goldan keyin amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Ammo kataloniyaliklar uchun bu g‘alaba qimmatga tushdi: 26-daqiqada Olmo gazonga o‘tirib qoldi va o‘zini almashtirishni so‘radi.
«Barselona» o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi va follar ishladi. Shunday follardan biridan keyin belgilangan jarima zarbasini Ferran xavfli tarzda ijro etdi — to‘p to‘singa bordi, Errera o‘rnidan qimirlay olmadi. Shchensni esa o‘yinga deyarli qo‘shilmadi, qo‘shilganida ham xotirjam harakat qildi.
Ikkinchi bo‘limda Torre, Levandovski, Viktor va Martinga ham o‘yin amaliyoti berildi va polshalik hujumchi o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalandi, 77-daqiqada tezkor qarshi hujumda Fermin Lopesning uzatmasidan keyin hisobni yiriklashtirdi. Bu uning joriy mavsumda jamoa safidagi 36-goli bo‘ldi.
Flik esa Ispaniyadagi 44 o‘yindagi 33-g‘alabasiga erishdi. Germaniyalik mutaxassis g‘alabali o‘yinlar ulushi bo‘yicha Tito Vilanova (75 foiz) bilan tenglashib oldi va faqat Luis Enrike (76,24 foiz)dan ortda qolmoqda. «Barsa»ning hozirgi formasidan kelib chiqib, Hansi joriy mavsumning o‘zidayoq bu borada klub rekordchisiga aylanishini kutish mumkin. Eng muhimi esa navbatdagi uch ochko qo‘lga kiritilishi va chempionlik sari navbatdagi qadam tashlanishi bo‘ldi, o‘yinlar soni teng holatda «Real» bilan oradagi farq uch ochkoni tashkil etmoqda.
Tavsiya etamiz
Aprelda qanaqa ob-havo kutilyapti?
O‘zbekiston | 12:09 / 28.03.2025
AQShda Isroilni tanqid qilgan turk talaba qo‘lga olindi
Jahon | 22:36 / 27.03.2025
Karmanada maktab o‘quvchisi oliygohga kirish uchun muddatidan avval maksimal ballni to‘pladi
Jamiyat | 20:18 / 27.03.2025
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Putin bahorgi harbiy xizmatga chaqirishga oid farmonni imzoladi. Armiyaga 160 ming kishi olib ketiladi
Jahon | 20:00
-
Netanyahu «ShABAK» maxsus xizmatiga yangi rahbar tayinladi
Jahon | 19:13
-
1 apreldan tabiiy gazning bazaviy me’yori 100 kub metrga tushiriladi
O‘zbekiston | 19:11
-
Shavkat Mirziyoyev Xo‘jandda Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston | 18:54
Mavzuga oid

12:09
«Siti» kubok sari ketmoqda, «Barsa» raqiblarga dahshat solmoqda. Kun o‘yinlari

13:44 / 30.03.2025
«Paxtakor» Toshkentda «Dinamo»ga yutqazdi, OKMK yaqqol peshqadam

11:58 / 30.03.2025
«Real»da kambek, Shomurodov va «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

10:15 / 26.03.2025