O‘zbekiston | 19:50 / 28.03.2025
2840
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtko‘l tumani «korrupsiyadan xoli hudud»ga aylantiriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisida bu bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishi belgilandi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda parlament palatalarining mas’ul qo‘mitalari raislari boshchiligida alohida ishchi guruhlar tuzilib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joylardagi real holatni o‘rganish borasida ishlar olib borilayotgani alohida qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida keng qamrovli o‘rganishlar olib borilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha mutasaddilarning tegishli axborotlari eshitildi.

Hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashishda ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi tizimlarida ko‘plab masalalar e’tibordan chetda qolayotgani ma’lum qilindi. Sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlar tomonidan qayd etilgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

To‘rtko‘l tumanini «korrupsiyadan xoli hudud»ga aylantirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishi belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash bilan birgalikda mazkur loyiha doirasida barcha mutasaddi vazirlik, idoralar faoliyatini muvofiqlashtirgan holda, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashi qayd etildi.

Mavzuga oid