Jahon | 08:47 / 31.03.2025
11066
3 daqiqa o‘qiladi

Putinga urush kerak, Tramp buni tushunib yetgan ko‘rinadi - The Times

Foto: RIA Novosti

Rossiya rahbari Vladimir Putinning mashhurligi har doim urush hisobiga oshgan. Aynan urush — uning shaxsiy siyosati uchun ham, millionlab rossiyaliklar uchun ham siyosiy zaruratga aylangan, deb yozmoqda Britaniyaning The Times nashri.

Nashrda qayd etilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp, ehtimol, nihoyat, shun tushunib yetgan bo‘lishi mumkin: Putin Ukraina bilan urushni yakunlashga hatto yaqinlashayotgani ham yo‘q, kamida o‘zining urush boshida qo‘ygan barcha maqsadlariga erishishni istaydi.

Buni anglab yetish Tramp tomonidan Ukraina oldiga qo‘yilgan mamlakatning tabiiy boyliklari ustidan nazoratni topshirish va avval berilgan harbiy yordam uchun 100 milliard dollar to‘lash kabi «talonchilarcha» talablarni ham tushuntirib berishi mumkin.

«Tramp eng xohlamaydigan narsa — Putin bilan urishib qolish. U Putinga juda katta hurmat bilan qaraydi... Uning uchun muhimi — kelishuv amalga oshmasa, barcha aybni prezident Zelenskiy zimmasiga yuklab qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lish. Shuning uchun «qabul qilib bo‘lmas» taklifni ilgari surish — kelishuv amalga oshmay qolsa, barcha aybni Rossiyaga yoki Trampning o‘ziga emas, aynan Ukrainaga yuklashni ta’minlashning bir usuli», — deyiladi maqolada.

Maqolada ta’kidlanishicha, Tramp va Putin dunyo tabiiy boyliklarni o‘z orasida taqsimlashga urinayotgan mafiya yetakchilari singari harakat qilayotganda, Buyuk Britaniya hukumati «dunyo o‘zgardi», deb bayonot bermoqda. Ammo u hozircha bu o‘zgarishning mohiyatini anglab yetgani belgilarini namoyon etmayapti.

Bu fikrga ters o‘laroq, NBC News Tramp Putindan norozi ekani, AQSh prezidenti Rossiya neftiga qo‘shimcha boj joriy etishga tayyorligi haqida xabar qildi.

«Atigi necha soat oldin prezident Tramp menga qo‘ng‘iroq qilib, u Rossiya prezidenti Putindan norozi ekanini, shuningdek, Rossiya neftiga qo‘shimcha boj joriy etish bilan tahdid qilganini aytdi», — deya ma’lum qildi telekanal boshlovchisi Kristen Uelker.

NBC News saytida Trampning quyidagi so‘zlari ham keltirilgan. Unga ko‘ra, mazkur norozilik Ukrainadagi urush va Putin tomonidan berilgan bir qator bayonotlar bilan bog‘liq:

«Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi qon to‘kilishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasak va agar men bunga Rossiya aybdor deb hisoblasam — har holda, bunday bo‘lib chiqmasligi ham mumkin, lekin agar men shunday deb hisoblasam — men Rossiyadan keladigan butun neftga ikkinchi darajali bojlar joriy etaman», — degan Tramp.

Mavzuga oid