O‘zbekiston | 22:24 / 14.08.2025
3261
6 daqiqa o‘qiladi

Mukofotlangan elchi, e’lon qilingan mandat va Soliq qo‘mitasidagi texnik nosozlik – mahalliy dayjest

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya elchisi Oreliya Bushezni taqdirladi, texnik nosozlik sabab soliq to‘lovchilardan qariyb 400 mlrd so‘m yechib olingani ma’lum bo‘ldi, yakuniy tanlov natijalari e’lon qilindi, Qibrayda daraxtlar aholi ko‘z o‘ngida kesib tashlandi – shu va boshqa muhim xabarlar bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.

Fransiya elchisi “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi. Davlat rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati hamda ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Ikki davlat o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston–Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv yakunida elchi Oreliya Bushezga O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Mandat e’lon qilindi

2025/2026 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilindi.

Tanlov natijalarini 3 xil usulda bilish mumkin: my.uzbmb.uz saytiga abituriyentning pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritgan holda, mandat.uzbmb.uz saytiga abituriyentning ID raqamini kiritgan holda va test natijalari qaydnomasi orqali. Test natijalari qaydnomasi oliy ta’lim muassasalariga ham taqdim etiladi.

Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya arizalarini my.uzbmb.uz saytida onlayn tarzda 15 avgustdan 24 avgustga qadar berishi mumkin. Faqat abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.

O‘zmetkombinat”da rahbar o‘zgardi

Tadbirkor Bahodir Abdullayev yangi lavozimda ish boshlaydi. U «O‘zmetkombinat» boshqaruvi raisi — bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Bahodir Abdullayev 20 dan ortiq korxonani birlashtirgan BA Holding ta’sischisi hisoblanadi. U 2022 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Bahodir Abdullayev 2024 yil oktabr oyida korxonaga rahbar bo‘lgan Dilshod Ahmedov o‘rnini egalladi.

Soliq qo‘mitasidagi texnik nosozlik

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlardan katta miqdorda pul yechib olgan. Qo‘mita buni “texnik nosozlik” bilan izohladi. Ya’ni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik 30,1 ming soliq to‘lovchiga ta’sir ko‘rsatgan.

Ma’lum bo‘lishicha, texnik nosozlik sabab soliq to‘lovchilardan qariyb 400 mlrd so‘m yechib olingan. Soliq organlari mablag‘larni soliq to‘lovchilarning hisob raqamlariga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rayotgani bildirilgan. Xususan, soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq G‘aznachilikka yuborilgan.

Qayd etilishicha, mablag‘larni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi. Shu bilan birga, tijorat banklarida hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi ta’minlandi. 13 avgust kuni soat 18:00 holatiga 20 608 ta sub’yektga 274,7 mlrd so‘m qaytarilishi ta’minlangan.

Qibrayda oshkora daraxtkushlik

Qibrayda daraxtlar aholi ko‘z o‘ngida kesib tashlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rinishicha, benzopila ko‘targan ishchi mahalliy aholi vakilining qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, mas’ullar nazorati ostida ko‘p qavatli turar joylar atrofidagi yosh va sog‘lom daraxtlarni tag-tugi bilan kesib tashlagan.

Tuman hokimligi buni hududni «ko‘kalamzorlashtirish maqsadi» bilan izohlagan. Ya’ni yopiq futbol maydoni qurish, hudud atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish hamda sayr qilish yo‘laklarni tashkil etish maqsadida qarovsiz bog‘dagi qurigan va parvarishlash imkoni mavjud bo‘lmagan 7 tup daraxt kesilgan.

Biroq Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi voqea joyida 10 tup daraxt kesilgani va o‘simlik dunyosiga 39 mln 758 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganini bildirgan. Shuningdek, daraxtlarni kesgan noma’lum fuqarolarning shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida Qibray tumani ichki ishlar bo‘limiga xat bilan murojaat qilingan.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid