Bugun o‘zbek futboli tarixidagi eng mudhish sana. 1979 yilda «Paxtakor» Minsk yo‘lida aviahalokatga uchragandi. Qirq olti yil o‘tgan bo‘lsa-da, bir futbol muxlisi uchun unutish ilojsiz bo‘lgan voqea, haligicha bu fojiaga guvoh bo‘lgan kishilar o‘sha dardni qayta-qayta his qilishi shubhasiz.

Ishonmasangiz, bugun bir aylanib Botkin qabristoniga boring – bugungi davr uchun biroz begona bo‘lgan manzaraga guvoh bo‘lasiz. Bir-birini tanimaydigan insonlar bir maqsad uchun tashrif buyurishadi, umumiy tanishlari, aniqrog‘i, suyuklilarini xotirlashadi, bir-birlariga hamdard bo‘lishadi. Riyo yo‘q, rasmga olib, internetga qo‘yish-ku xayollariga ham kelmaydi, chunki tasavvurda ular ancha eski davrga ko‘chib bo‘lishgan, o‘sha «Paxtakor» yigitlarini birma-bir ko‘z oldidan o‘tkazayotgan bo‘lishadi.

Qarangki, bu halokatdan 46 yil o‘tgan bo‘lsa, o‘sha reysda uchganlarning eng yoshi kattasi ham shu yoshda bo‘lgan ekan. Qaysidir ma’noda bir avlod davri o‘tibdi allaqachon.

***

Sergey Pokatilov 1975 yilda og‘ir jarohat oladi. Ammo uning irodasi va qat’iyligi ortga chekinishga yo‘l qo‘ymaydi hamda oradan uch yil o‘tib, 1978 yilgi chempionatning ikkinchi davrasida asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarib oladi. 28 yoshda edi.

Toshkentga kelishidan oldin shifokorlar Yuriy Zagumennixning hayotini bazo‘r saqlab qolishgandi. Ammo bu hayot nogironlik tamg‘asi ostida o‘tishi kerakligi qat’iy talab qilinadi. Futbolchining aql bovar qilmas irodasi natijasida u katta futbolga qaytadi. 32 yoshda bo‘lgan.

Vladimir Makarov futbol o‘ynashni Dushanbeda boshlagan, «Paxtakor»ga har jihatdan mos kelgandi, u jamoaviy futbolchi edi va bu jamoadoshlari bilan tezda til topishida va jamoaning ajralmas bo‘lagi bo‘lib qolishida muhim ahamiyat kasb etgandi. U ham 32 yosh.

Olim Ashirov fojia kuni 24 yosh bo‘lgan, u «Paxtakor»ga 17 yoshida kelgandi va himoya markazidan joy olgandi. Ampluasiga qaramay, u hujumga ham tez-tez qo‘shilar, bir necha muhim gollar muallifiga aylangandi.

Nikolay Kulikov futboldagi ilk qadamlarini Moskvada qo‘ygan, 1974 yilda esa O‘zbekistonga kelib, «Xonqa», «Yangiyer» kabi jamoalarda o‘zini ko‘rsatgan. 1977 yilda «Paxtakor»ga taklif qilinadi va jamoaning oliy ligaga qaytishida hissa qo‘shadi.

Ravil Agishev futbolchi sifatida Buxoroda tarbiya topadi, 16 yoshida «Paxtakor»ning o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tusha boshlaydi. 1978 yildan asosiy tarkib o‘yinlarida maydonga tushgan. Endigina 20 yoshga to‘lgandi.