O‘zbekiston | 19:00 / 04.04.2025
3265
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi o‘rinbosarlari bilan uchrashdi

Davlat rahbari BMT aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax va Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan bilan uchrashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax bilan uchrashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli instituti bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirish borasida ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

BMT yuqori darajali vakili mamlakatimizda «aqlli» va «yashil» shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan urbanizatsiya sohasidagi islohotlarni ijobiy baholadi.

Shaharlarni boshqarishga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy qilish, «yashil» qurilish standartlarini ishlab chiqish, shahar muhitida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha maxsus dasturni ishga tushirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda Butunjahon tozalik kunini o‘tkazish va Toshkentda tashkilot ofisini ochish masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha «yo‘l xaritasini» qabul qilishga kelishildi.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan bilan uchrashdi.

Davlat rahbari komissiyaning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini, shuningdek, transport, innovatsiyalar, to‘qimachilik, energetika, ekologiya va gender tenglik sohalarida, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida ko‘rsatilayotgan ekspertlik ko‘magini alohida qayd etdi.

Mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Mirziyoyev tomonidan 2023 yil noyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPeKA) birinchi sammitida bildirilgan tashabbuslarni amaliy ilgari surish jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan SPeKA 2030 yilgacha rivojlanish konsepsiyasi qabul qilingani, YeIK bilan savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolangani, Transkaspiy yo‘lagi doirasida raqamlashtirish va hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshida komissiya ko‘magida O‘zbekiston Aholining ekologiya holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotdan foydalanishi to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shildi.

Havo konvensiyasi va Sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilmoqda.

SPeKA dasturining Maqsadli jamg‘armasini tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid