Jahon | 21:26 / 08.04.2025
1195
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar ifloslangan havo keksalar miyasiga zarar yetkazishini aniqladi

Buni London universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatdi.

Foto: Unsplash

The Journals of Gerontology jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, havodagi azot dioksidi (NO2) va mayda zarrachalar (PM2.5) asosiy kognitiv qobiliyatlarning pasayishiga olib keladi.

NO2 atmosferaga birinchi navbatda yoqilg‘ining yonishi natijasida chiqadi. PM2.5 zarrachalari ko‘pincha benzin, moy, dizel yoqilg‘isi yoki yog‘ochning yonishi tufayli havoda paydo bo‘ladi.

Yangi tadqiqotda olimlar 65 va undan katta yoshdagi 1127 nafar keksaning ma’lumotlarini tahlil qilishdi.

Mutaxassislar guruhi 2008–2017 yillar davomida havo ifloslanishining ta’sirini o‘rganib chiqdi. Shuningdek, ishtirokchilarning xotirasini, ijro funksiyalarini (rejalashtirish, muammolarni hal qilish, yangi vaziyatlarga moslashish qobiliyati), til va umumiy kognitiv funksiyani baholadi.

Ma’lum bo‘lishicha, NO2 va PM2.5 miqdori eng yuqori bo‘lgan hududlarda yashovchi odamlar kognitiv testlarda ifloslanish darajasi o‘rtacha bo‘lgan hududlarda yashovchilarga qaraganda yomonroq natijalarga erishgan. Eng ishonchli dalil ishtirokchilarning til ko‘nikmalarida topilgan.

Bundan tashqari, havo ifloslanishining turli manbalari kognitiv salomatlikka turlicha ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi. Masalan, sanoat, uyni isitish va yoqilg‘ining yonishi natijasidagi ifloslanish nutq qobiliyatining yomonlashishi (so‘zlarni tezda topish va talaffuz qilish qobiliyati) bilan chambarchas bog‘liq edi.

Tadqiqot mualliflari havo ifloslanishi miya funksiyasining yomonlashishi bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid