Tel Avivdagi namoyishlar, Eron va AQShning yadroviy muzokarasi va AQShdan Xitoyga 104 foizli boj - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azoda fojia davom etayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada tinch aholi to‘xtovsiz qurbon bo‘lmoqda, Falastin eksklaviga yordam esa bir oydan beri kiritilmayapti.
«G‘azo qatl maydoniga aylandi, aholi beadad o‘lim davrida yashayapti», – dedi u BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi oldidan. U G‘azoga humanitar yordam — oziq-ovqat, dori-darmon, yonilg‘i va savdo mahsulotlarini olib kirish mutlaqo to‘xtaganini ta’kidladi.
Guterrish otashkesim vaqtida yordam yetkazish va garovdagilarni ozod qilish mumkin bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, Isroil okkupant davlat sifatida xalqaro huquq va 4-Jyeneva konvensiyasiga binoan o‘z burchlarini bajarishi shart.
Bu orada Isroil poytaxti Tel Avivda G‘azodagi urushga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘chalarga chiqqan minglab isroilliklar qisqa fursat ichida HAMAS bilan kelishuvga erishish, garovdagilarni ozod qilib, G‘azodagi urushni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Ular Binyamin Netanyahu siyosatini tanqid qilib, uning Vashingtonga safari garovdagilarni ozod qilishga yordam bermasligini ta’kidladi. Namoyishchilarga ko‘ra, hukumat ichki inqirozdan e’tiborni chalg‘itish uchun diplomatik harakatlar bilan ovora bo‘lmoqda.
Eron va AQSh yadroviy muzokara boshlaydi
Eron va AQSh shanba kuni yadroviy dastur yuzasidan muzokara boshlashga kelishib oldi. Donald Tramp bu uchrashuv bevosita bo‘lishini aytgan bo‘lsa, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy muzokaralar O‘mon vositachiligida o‘tishiga ishora qilgan.
Tramp muzokaralar «juda yuqori darajada» bo‘lishini bildirib, kelishuvga erishishni «katta yutuq» deb atadi. Aroqchiy esa bu muzokaralar «imkoniyat ham, sinov ham» ekanini ta’kidladi.
Ikki davlat vakillari sifatida Stiv Uitkoff va Abbos Aroqchiy O‘mon tashqi ishlar vazirligi rahbari vositachiligida muloqot olib boradi. Tramp avval Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyga yangi kelishuv bo‘yicha ikki oy muddatli talabnomani yuborgan edi.
Yangi shartlar 2015 yildagi Obama davridagi kelishuvdan ancha keskin bo‘lishi kutilmoqda: Eronga uran boyitish, yadroviy qurol va raketa ishlab chiqarish imkoniyatiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Moskvada Eron yadroviy dasturi muhokamalari
Eron, Rossiya va Xitoy diplomatlari Moskvada Eron yadroviy dasturi, BMT Xavfsizlik kengashining 2231-sonli rezolyutsiyasi va sanksiyalar masalasini muhokama qildi. Bu uchrashuv Pekindagi ilgarigi kelishuvlar asosida tashkil etilgan.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiyning aytishicha, muzokaralar samarali va konstruktiv ruhda o‘tgan. Tomonlar yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishgan.
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova uchrashuvni tasdiqlab, G‘arbning noqonuniy bosimlari tufayli mintaqadagi vaziyat yomonlashib borayotganini ta’kidladi.
Bu orada Rossiya Eronga qarshi AQSh tomonidan agressiya ko‘rsatilgan taqdirda, harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olmagani to‘g‘risida bayonot yangradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida yanvar oyida imzolangan hamkorlik bitimi harbiy ittifoq emas va uning doirasida bunday majburiyat ko‘zda tutilmagan. Biroq Rudenko har qanday mojaroda Moskva tinch yo‘l bilan hal etish va keskinlikni kamaytirish uchun harakat qilishini ta’kidladi.
Zelenskiy Belgorod oblastiga hujumni tasdiqladi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev birinchi marta Rossiyaning Belgorod oblastida o‘z qo‘shinlari borligini rasman tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya hududida, jumladan Belgorod va Kursk oblastlarida faol operatsiyalar olib bormoqda.
Zelenskiyning 8 apreldagi videomurojaatida aytishicha, bu harbiy amaliyotlar Sumi va Xarkiv yo‘nalishlaridagi bosimni kamaytirish hamda Donetskdagi frontni yengillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda. U Belgoroddagi harakatlari uchun 225-shturm polkini ham alohida maqtadi.
Bu Kiyev tomonidan Rossiya hududidagi operatsiyalar rasman tan olingan birinchi holatdir. Bundan avval Ukraina faqat turli imo-ishoralar bilan o‘z qo‘shinlari borligini bildirardi.
Belgiyadan Ukrainaga yordam
Belgiya Ukrainaga 1 mlrd yevro harbiy yordam va to‘rtta F-16 harbiy uchog‘ini taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi uchrashuvda e’lon qildi.
Yordam mablag‘lari Ukraina mudofaa salohiyatini oshirish va yangi qurol ishlab chiqarish uchun sarflanadi. Belgiya ikkita F-16’ni joriy yilda, yana ikkitasini kelgusi yilda yetkazib bermoqchi. Taqdim etish muddatlari Belgiyaning AQShdan F-35 samolyotlarini qabul qilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, navbatdagi «Ramshtayn» formatidagi uchrashuv Bryusselda bo‘lib o‘tadi. Unda havo hujumidan himoya tizimlari, kontingent joylashtirish va Ukrainada mudofaa sanoatini kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
AQShdan Xitoy importiga 104 foizli boj
9 apreldan boshlab AQSh Xitoydan keladigan tovarlarga 104 foizli umumiy boj joriy etadi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt ma’lum qildi. Unga ko‘ra, avvalgi 20 foizli bojga qo‘shimcha ravishda yana 84 foiz qo‘shiladi. Qo‘shimcha bojlar Pekinning AQShga nisbatan javob choralariga javob sifatida qo‘llanmoqda.
Vashington 7 aprelgacha Xitoydan AQSh mahsulotlariga joriy etilgan 34 foizli bojlarni bekor qilishni talab qilgan, ammo Pekin bunga rozi bo‘lmadi. Shundan so‘ng AQSh o‘z choralarini kuchaytirdi.
Bu e’londan so‘ng fond bozorlari pasayishga yuz tutdi. Dow Jones va S&P 500 indekslari kunning ikkinchi yarmida o‘sish sur’atini yo‘qotdi. Nasdaq ham sekinlashdi.
Xitoy bu qarorni Jahon savdo tashkilotida ko‘rib chiqish uchun rasman murojaat qildi. Ammo mazkur tashkilotning apellyatsiya organi 2019 yildan buyon faoliyat yuritmayapti.
Tramp Yevropaga shart qo‘ydi
Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga AQShdan 350 mlrd dollarlik energiya manbalarini sotib olishni talab qildi. Unga ko‘ra, shundagina Amerika bojlarini bekor qilish mumkin.
«Yevropa bizga nisbatan juda yomon munosabatda bo‘ldi. Endi ular bizdan energiya sotib oladi, chunki ularga kerak», — dedi Tramp Oq uydagi bayonotida.
Bu bayonot Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning ikki tomonlama bojlarni bekor qilish taklifiga javob bo‘ldi. Ammo Tramp buni «yetarli emas» deb baholadi.
2 aprelda AQSh Yevroittifoq mahsulotlariga 20 foiz, avtomobillarga esa 25 foiz boj joriy qilgan edi. Yevropa ayni damda AQShga qarshi javob choralarini tayyorlayapti. Bojlar 16 maydan kuchga kirishi mumkin.
AQSh boylari Tramp bojlariga qarshi
AQShda prezident Donald Trampning yangi tarif siyosati ortidan sarmoyadorlar orasida norozilik kuchaymoqda. Mashhur milliarderlar, jumladan Home Depot hammuassisi Ken Lengon va Tesla rahbari Ilon Mask Trampni qattiq tanqid qilmoqda.
46 foizli bojlar Viyetnam kabi davlatlarga nisbatan agressiv siyosat sifatida baholanmoqda. Lengon buni «hech qanday muzokaraga imkon qoldirilmagan, shoshmashosharlik bilan qabul qilingan qarorlar», deb atadi. Mask esa AQSh va Yevropa o‘rtasida bojsiz savdo hududi zarurligini ta’kidladi.
Sarmoyadorlar 10 foizli bir xil bojni va diplomatik yechimni taklif qilmoqda. Biroq hozircha Tramp siyosatini qayta ko‘rib chiqish niyatida emas.
AQSh mudofaa xarajatlarini oshirmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp va mudofaa vaziri Pit Hegsett kelasi yil uchun mudofaa budjeti 1 trln dollarga yetkazilishini e’lon qildi. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik mudofaa xarajati bo‘ladi.
Tramp bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Tramp armiyani mustahkamlash zarurligini aytdi, ammo mablag‘lar faqat Pentagonga tegishlimi yoki boshqa agentliklarni ham qamrab oladimi-yo‘qmi — aniqlik kiritmadi.
Hegsett ijtimoiy tarmoqda: «Bu birinchi trillion dollarlik mudofaa budjeti bo‘ladi», — deya tasdiqladi. Kongress joriy yilda 892 mlrd dollar ajratgan, yangi taklif esa tarixiy o‘sishni anglatadi.
Pentagon esa 8 foizli ichki xarajatlarni qisqartirib, modernizatsiya va tayyorgarlikka e’tiborni kuchaytiradi. Budjet hali Kongressda kelishilmagan.
Tavsiya etamiz
Zelenskiydan mamnun, Rossiya zarbalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Trampning oxirgi bayonotlaridan asosiy gaplar
Jahon | 16:21 / 28.04.2025
Turkiyalik erkak operatsiyadan keyin ona tilini unutib, boshqa tilda gapirishni boshladi
Jahon | 19:42 / 27.04.2025
Havo isib ketishi va qurg‘oqchilikka tayyor turishimiz kerak – Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 15:55 / 26.04.2025
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
YeChL. Dembelening goli "PSJ"ga "Arsenal" ustidan g‘alaba keltirdi
Sport | 03:25
-
«Men Ukrainani qutqaryapman» - Tramp
Jahon | 01:02
-
Niderlandiyadagi muzeyda bola 50 mln yevrolik kartinaga shikast yetkazdi
Jahon | 00:31
-
Fransiya Rossiya harbiy razvedkasini muntazam ravishda kiberhujumlar uyushtirib kelganlikda aybladi
Jahon | 23:49 / 29.04.2025
Mavzuga oid

13:55 / 17.04.2025
Insonparvarlik yordamisiz qolgan G‘azo, urushdan milliardlarni ishlayotgan KXDR va sulh imzolashga tayyor Armaniston - kun dayjesti

13:28 / 16.04.2025
G‘azoda tinchlikka yangi umid, Turkiya ta’siridan xavotirga tushgan Isroil va Trampdan Putinga so‘nggi muhlat - kun dayjesti

13:45 / 15.04.2025
G‘azodagi strategiyani o‘zgartirayotgan Isroil, yana Zelenskiyni ayblagan Tramp va AQShdan bojlarni bekor qilishni so‘ragan Xitoy - kun dayjesti

13:23 / 14.04.2025