Jahon | 15:22 / 10.04.2025
1217
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina YeIdan «vizasiz bojxona rejimi»ni uzaytirishni so‘radi

Kiyev Yevropa Ittifoqi Ukrainaning 2025 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarning barcha bandlarini ochish qarorini blokdan chiqarish bo‘yicha «konsensusga» erishishiga umid qilmoqda.

Foto: Getty images

Ukraina Bryusseldan Vengriya qarshiligiga qaramay, joriy yilning oxirigacha Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarning barcha olti bandini ochishini kutmoqda. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 9 aprel, chorshanba kuni Bryusselda «Ukraina-Yevropa Ittifoqi» assotsiatsiyasi kengashi yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina islohotlar sur’atini oshirishga intilmoqda va «urush tugagandan so‘ng darhol YeIning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun yillar ichida emas, balki oylar ichida sezilarli natijalarga erisha oladi». «Umuman olganda, biz chin dildan tayyormiz va muzokaralarning barcha olti bandi 2025 yilda ochilishini kutamiz», — dedi bosh vazir.

Nomzod davlat bilan muzokaralarni boshlash qarori YeIda bir ovoz tamoyili asosida qabul qilinadi. Vengriya allaqachon o‘z fuqarolari o‘rtasida so‘rov o‘tkazmaguncha Ukrainaga nisbatan bu jarayonga to‘sqinlik qilishini e’lon qilgan. Biroq, Denis Shmixal Bryusselda «konsensusga erishish» va «barcha zarur qarorlarni amalga oshirish» yo‘lini topish mumkinligiga umid qilmoqda. «O‘z navbatida, biz barcha islohotlar va qonunchilikni, xususan, Vengriyaning biz uchun savollari bo‘lgan milliy ozchiliklarga oid qonun hujjatlarini amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz», deb ta’kidladi hukumat rahbari.

Assotsiatsiya kengashi yig‘ilishida tomonlar 5 iyunda tugaydigan «vizasiz bojxona rejimi»ni uzaytirish masalasini muhokama qilishdi. Ushbu savdo imtiyozlari 2022 yilda Ukrainani Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan keyin qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy qilingan.

Ukraina uchun «Assotsiatsiya shartnomasining 29-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishga imkon topish va Yevropa Ittifoqi bilan deyarli bojsiz savdo qilish imkonini beruvchi ushbu chora-tadbirlarni birlashtirish» uchun savdo choralarini 2025 yil oxirigacha uzaytirishi muhim», dedi Shmixal. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumati «yevropalik hamkorlar bilan pragmatik muzokaralar olib boradi va o‘z mas’uliyat darajasini tushunadi». Shu bilan birga, u Ukraina ushbu muammoni hal qilish istiqbollariga «optimistik» qarashini ta’kidladi, chunki «hamkorlarimiz bizni yaxshi eshitishadi va Ukraina ehtiyojlarini tushunishadi».

Mavzuga oid