Jahon | 19:41 / 15.04.2025
3239
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning Sumiga zarbasini qoralovchi G7 rezolyutsiyasini blokladi

Donald Tramp ma’muriyati o‘z qarorini «tinchlik bo‘yicha muzokaralar uchun imkoniyat saqlab qolish ustida ish olib borayotgani» bilan izohladi.

Foto: REUTERS

AQSh «Katta yettilik» (G7) tarkibiga kiruvchi davlatlarni Rossiyaning Sumiga uyushtirgan raketa zarbalarini qoralovchi qo‘shma bayonotni imzolamasligi to‘g‘risida xabardor qildi, deb yozmoqda Bloomberg.

Diplomatik yozishmalar mazmunidan xabardor agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati o‘z qarorini «tinchlik bo‘yicha muzokaralar uchun imkoniyat saqlab qolish ustida ish olib borayotgani» va Rossiya hukumati bilan aloqada ekani bilan izohlagan.

2025 yilda «Katta yettilik»ka raislik qilayotgan Kanada G7’ning boshqa ishtirokchilarini AQSh qo‘llab-quvvatlovisiz rezolyutsiyani qabul qilishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida xabardor qilishga majbur bo‘lgan. Qayd etilishicha, bayonotda Sumiga hujum Rossiya urushni to‘xtatish niyatida emasligiga isbot bo‘la olishi keltirilgan.

RF armiyasi 13 aprel kuni Sumi shahri markaziga ikkita «Iskander» ballistik raketasini uchirdi. Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 35 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan, yana 119 kishi yaralangan. Rossiya Mudofaa vazirligi hujum Ukraina Qurolli kuchlarining «Seversk» tezkor-taktik guruhi qo‘mondonlik tarkibi yig‘ini o‘tkazilgan joyga berilganini va 60 dan ortiq harbiy xizmatchi «yo‘q qilinganini» bildirdi. Ukrainalik ayrim rasmiylar shu kuni Sumida 117-brigada harbiylarini mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Shuningdek, tarmoqlarda halok bo‘lgan harbiylar to‘g‘risida bir nechta nekrologlar ham paydo bo‘lgan.

Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiyaning Sumiga bergan zarbasidan so‘ng 50 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan. Yevropaning bir qancha yetakchilari, jumladan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Chexiya prezidenti Petr Pavel va Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham Kremlni qoralagan. Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers esa zarbani «harbiy jinoyat» va «aql bovar qilmaydigan shafqatsizlik» deb atadi.

Mavzuga oid