London va Parij migrantlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvni muhokama qilmoqda
Kelishuv amalga oshsa, Britaniya mamlakatga La-Mansh orqali noqonuniy kirib kelgan migrantlarni Fransiyaga deportatsiya qilishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Reuters
London La-Mansh bo‘g‘ozi orqali qayiqda mamlakat hududiga noqonuniy ravishda kelgan migrantlarni Parijga deportatsiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Buyuk Britaniya va Fransiya bu boradagi kelishuvni muhokama qilmoqda, deb yozadi Financial Times.
Buning evaziga Britaniya Fransiyadan mamlakatda qolish huquqiga ega (jumladan, oilalarni birlashtirish dasturi doirasida) xorij fuqarolarini qabul qiladi. Fransiya Ichki ishlar vazirligi bu sxemadan boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari ham foydalanishiga umid qilmoqda.
«Bu pilot loyiha bo‘lib, kelajakdagi Yevropa kelishuviga asos bo‘lishi mumkin. Fransiya mazkur tashabbusni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», — deydi Fransiya IIV vakili.
Shunga qaramay, FT manbalarining ta’kidlashicha, ushbu sxemaning butun Yevropa Ittifoqi bo‘yicha keng qo‘llanishi dargumon — ko‘pgina mamlakatlar YeI a’zosi hisoblanmaydigan Buyuk Britaniya tomonidan deportatsiya qilingan migrantlarni qabul qilishni istamaydi. Gazeta suhbatdoshlarining qayd etishicha, Parij va London o‘rtasidagi muzokaralar hozircha dastlabki bosqichda, boshqa Yevropa davlatlarining ishtiroki haqida gapirishga hali erta.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri 8,2 ming kishi La-Mansh orqali kichik qayiqlarda Fransiyadan Buyuk Britaniyaga noqonuniy o‘tishga uringan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga ko‘p. Umumiy hisobda 2024 yilda 37 mingta shu kabi holat qayd etilgan.
Mavzuga oid

09:04
Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana kuchaytirdi

22:47 / 20.05.2025
Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming chet ellik Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda - Bastrikin

22:06 / 20.05.2025
AQSh 200 ming ukrainalikni deportatsiya qilishi mumkin

20:25 / 20.05.2025