Jahon | 10:54 / 03.06.2025
5523
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘rgimchak to‘ri”: Ukrainadan hayratlanarli yurish

Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi zamonaviy urushlarda dronlar bilan nimalar qilish mumkinligini yangi rakursda ko‘rsatib berdi. Rossiyaning ichkari hududlarida turgan strategik aviatsiya jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Shuhrat Rasul va Abduvali Soyibnazarov bu hujum va uning fonida o‘tgan Istanbul muzokaralari haqida so‘z yuritdi.

— Murmansk va Irkutskdagi “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi Rossiya mudofaasining zaifligi natijasimi yoki Ukraina maxsus kuchlarining favqulodda muvaffaqiyati?

Shuhrat Rasul: Bu voqeani zaiflik deyishning o‘zi yetarli emas, “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi – Rossiya maxsus xizmatlari uchun to‘laqonli sharmandalik. Ukraina maxsus kuchlari Irkutsk viloyatidagi Belaya, Ryazan viloyatidagi Dyagilevo, Murmansk viloyatidagi Olenya, Ivanovo viloyatidagi Ivanovo aviabazalarini nishonga olgan. Dyagilevo va Ivanovadan aniq tasdiqlangan videomateriallar hali taqdim qilinmagani uchun talafotlar haqida aniq biror gap aytishga erta.

Irkutsk va Murmanskdagi bazada talafot ko‘rgan strategik bombardimonchilar mavjud, bular: A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlari. Tu-95 – 1960-1970 yillarda ishlab chiqarilgan, bugungi kunda Rossiya qurolli kuchlari ixtiyorida jami 56-57 ta bor, lekin jang qila oladigani 16 ta deb baholanadi. Ikkinchisi bu – Tu-22M3 samolyoti, ya’ni reaktiv dvigatelli samolyot hisoblanadi. U Tu-95 ga qaraganda zamonaviyroq, 1980-yillar oxirigacha ishlab chiqarilgan. U ham shu 50 donadan sal ko‘proq deb baholanadi, lekin ularning ham taxminan 30 foizi yaroqsiz.

Sababi bu samolyotlar, mana Tu-95, ellik yildan beri ishlab chiqarilmayapti. Chunki bunday qurilmalarni sobiq SSSR hududidagi davlatlardan mingga yaqin zavod-fabrikalar ishtirokida barpo etish mumkin bo‘lgan. Ittifoq parchalangach, bu tizim buzilib ketgan, zavodlar amalda yo‘q bo‘lib ketgan. Endi bunday turdagi strategik aviatsiyani Rossiya qayta ishlab chiqara olmaydi va ishlab chiqarmayapti ham.

“O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi natijasida Rossiya yadro triadasining (havoda, quruqlikda va suvda) strategik aviatsiya qismi zaiflashdi.

Irkutsk va Murmanskka berilgan zarba, bu assimetrik zarba bo‘ldi. Agar shu kuchlarga teng kuchlar bilan, masalan uzoqqa uchuvchi, o‘rta olislikdagi qanotli raketalar bilan zarba berganda, bu simmetrik deb aytish mumkin edi. Asimmetrik degani buning aksi, chunki kichkina 300-500 dollarlik dron borib, narxi 100 mln dollarlik samolyotni zararsizlantirdi.

Abduvali Soyibnazarov: Nazarimda, bu operatsiya Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan Buyuk Britaniya bilan birgalikda tayyorlangan. Bu operatsiyadan Rossiya federal xavfsizlik xizmati xabarsiz qolib ketishi mumkin emas. Bunday hujumni Rossiya maxsus xizmatlari avvaldan kutgan. Hujum tashkilotchilari FXX bnosining shundoqqina biqinida ish yuritgan, buni maxsus xizmatlarga sezdirmay qilish imkonsiz. Undan tashqari, Rossiyada biror bir kuchishlatar tizimlar xodimlarining iste’fo bermagani yoki hech kim javobgarlikka tortilmagani ayrim xulosalar chiqarishga undaydi. Masalan, bu yerdagi samolyotlarning barchasi ham haqiqiy emas, balki maket bo‘lgan. Undan tashqari, eskirgan uchoqlar bo‘lishi ham mumkin.

Rossiya Ukrainaga ataylab imkoniyat berib, o‘zining keskin hujumlari uchun asos yaratishi mumkin. Masalan, Ukrainaning strategik harbiy obektlari hamda Kiyevdagi G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bilan ochilgan yoki ochilayotgan harbiy sanoat korxonalariga ham zarba berilishi mumkin.

Suhbat davomida tahlilchilar Istanbulda o‘tkazilgan muzokara natijalari, frontdagi mavjud vaziyat va ehtimoliy sulh mavzularini ham muhokama qildi. Qizg‘in bahslarga boy suhbatni YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid