Jahon | 12:26 / 04.07.2025
4611
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Trampning urushni tezroq tugatish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi

Tramp bilan oltinchi telefon suhbatida Putin Ukrainadagi maqsadlaridan qaytmasligini aytdi. AQSh prezidenti uni harbiy amaliyotlarni imkon qadar tezroq tugatishga undadi.

Foto: RIA Novosti

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida «Ukrainadagi harbiy amaliyotlarni imkon qadar tezroq to‘xtatish masalasini ko‘tardi», deya ma’lum qildi Kreml muzokaralardan so‘ng. Bunga javoban Putin «mojaro sabablarini bartaraf etish bo‘yicha o‘z maqsadlaridan qaytmasligini» aytdi, dedi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 3 iyul, payshanba kuni.

Unga ko‘ra, Kreml rahbari Ukraina bilan muzokaralar jarayonini davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilgan. Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarning ehtimoliy uchinchi raundining sanasi muhokama qilinmagan, Tramp va Putinning shaxsiy uchrashuvi haqida ham gap bo‘lmagan, biroq Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, «bu g‘oya havoda muallaq turibdi».

Bundan tashqari, Putin, uning yordamchisi ta’kidlashicha, Trampni 4 iyulda nishonlanadigan AQSh Mustaqillik kuni bilan tabriklab, Rossiya go‘yoki «Amerika davlatchiligining shakllanishida muhim rol o‘ynaganini» ta’kidladi.

Bundan tashqari, har ikki prezident Suriya, Eron va Yaqin Sharqdagi vaziyatni, shuningdek, «Rossiya Federatsiyasi va AQSh prezidenti ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan an’anaviy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi filmlarni almashish imkoniyatlarini» muhokama qildi, dedi Yuriy Ushakov.

Kremlga ko‘ra, telefon suhbati deyarli bir soat davom etgan va tomonlar muloqotni davom ettirishga kelishib olgan. «Suhbat ochiq, ishchan va aniq bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi Ushakov. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid