Xominaiyni o‘ldirishga ruxsat bermagan Tramp, Erdo‘g‘anning rejalari va yadro arsenalini kuchaytirayotgan Xitoy – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

OAV: Tramp Isroilga Xominaiyni o‘ldirishga ruxsat bermadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni o‘ldirish rejasiga veto qo‘ydi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. «Eronliklar bitta amerikalikni o‘ldirdimi? Yo‘q. Ular shunday qilmaguncha, siyosiy rahbariyatdan (Eron) hech kimni yo‘q qilish g‘oyasi hatto stolda ham yo‘q», dedi ismi sir qolish sharti bilan jurnalistlarga AQSh ma’muriyatining yuqori martabali amaldori.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Amerikaning Fox News kanaliga bu ma’lumotni quyidagicha izohladi: «Hozir hech qachon bo‘lmagan suhbatlar haqida juda ko‘p yolg‘on xabarlar bor va men bunga qo‘shilmoqchi emasman. Aytishim mumkinki, biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilyapmiz va qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilamiz. Menimcha, Qo‘shma Shtatlar AQSh uchun nima yaxshi yoki nima yomon ekanini biladi».
Avvalroq The Wall Street Journal ismini oshkor etmagan isroillik mulozimga tayangan holda Xominaiyga hujum qilish «taqiqlanmagani»ni aytgan edi. WSJ manbasi qo‘shimcha qilishicha, Isroil agar bu Eron yadroviy dasturini yo‘q qilishga yordam bersa, Erondagi har qanday ehtimoliy nishonlarga zarba berishi mumkin. Eronga qarshi harbiy amaliyotning birinchi kunida Isroil harbiy-havo kuchlari Ali Xominaiyning qarorgohiga zarba bergani xabar qilingandi.
Isroil AQShni Eron bilan urushga qo‘shilishga chaqirmoqda
Isroil so‘nggi 48 soat davomida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi uning yadroviy dasturini yo‘q qilish uchun harbiy harakatlarga qo‘shilishga chaqirmoqda, deb xabar berdi Axios Isroildagi ikki yuqori martabali manbaga tayanib.
Isroilda Eronning Fordodagi yerosti uran boyitish zavodini yo‘q qilish uchun zarur bo‘lgan bunkerga qarshi bombalari yoki yirik bombardimonchi samolyotlari yo‘q. Axios ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar ikkalasiga ham ega va harbiy samolyoti parvozi masofasi ham bunga imkon beradi. Nashrning ta’kidlashicha, hatto bitta obektni bombardimon qilish orqali Qo‘shma Shtatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga tortiladi. Boshqa tomondan, Fordo zavodi ishlashda davom etsa, Isroilning Eron yadro dasturini butunlay yo‘q qilish maqsadiga erishib bo‘lmaydi.
Bu orada «Nimits» samolyot tashuvchisi boshchiligidagi AQSh dengiz kuchlari hujum guruhi Janubiy Xitoy dengizi suvlarini tark etib, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro sharoitida Yaqin Sharq tomonga harakatlanmoqda.
Urush ham davom etmoqda. Isroil bu orada Eron davlat televideniyesining markaziy ofisi va Tehronning 2 ta tumaniga zarba berdi. Eron televideniyesiga berilgan zarba jonli efirga tushib qolgan. Isroil mudofaa vazirini buni propagandaning ovozini o‘chirish, deya baholagan. Ayrim Eron nashrlari tunda Isroilga javob raketa zarbalari uchirilganini bildirgan.
Tinimsiz aviabombardirovkalar sharoitida Erondan ham, Isroilda ham tinch aholi qochib ketishni boshladi. Xususan, Tehrondan chiqishda katta tirbandliklar kuzatilayotgan bo‘lsa, havo hududi yopilgan isroilliklar kema va yaxtalarga katta pul to‘lab, Misrga o‘tib ketishga urinmoqda.
Erdo‘g‘an: Qisqa vaqtda hech kim bizga qarshi chiqishga jur’at etolmaydigan darajaga chiqamiz
Turkiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eron va Isroil urushiga to‘xtaldi.
«Har kun o‘tgan sayin, Eronning yadro obektlariga zarba berish bahonasi ostida boshlangan hujum aslida nihoyatda keng qamrovli va makkor maqsadlarni ko‘zlagani ayon bo‘lib bormoqda. Biz boshidanoq Eronning yadro dasturi muzokara stolida muhokama qilinishi kerakligini aytib kelamiz. Bugun ham o‘sha nuqtadamiz. G‘azoni butunlay vayron qilgan va mintaqadagi barcha davlatlarni qo‘rqitayotgan Isroil, ehtimol, xatolarini kelajakda anglab yetar, biroq u paytda kech bo‘ladi».
Erdo‘g‘an fikricha, Isroil tomonidan sodir etilayotgan har bir jinoyat va insoniyatga qarshi harakat ularning mavjudligiga va kelajagiga tahdid soladi. Erdo‘g‘an Isroil tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha AQSh, Rossiya, Eron, Misr va Saudiya yetakchilari bilan muzokara olib borganini hamda bu borada har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyorligini aytdi.
Erdo‘g‘anning aytishicha, so‘nggi voqealar fonida Turkiya o‘z raketa zaxiralarini yetarli darajaga olib chiqish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqmoqda:
«Biz o‘rta va uzoq masofali raketa zaxiralarimizni to‘xtatuvchi darajagacha yetkazish imkonini beradigan rejalar ustida ishlayapmiz. Umid qilamizki, qisqa vaqt ichida biz — hech kim bizga qarshi chiqishga jur’at eta olmaydigan darajadagi mudofaa salohiyatiga erishamiz», degan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.
Oq uy 36 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda
Donald Tramp ma’muriyati fuqarolari AQShga kirishi to‘liq yoki qisman taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini sezilarli darajada kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamentining davlat kotibi Marko Rubio imzolagan ichki diplomatik telegramma matniga tayanib Reuters agentligi xabar berdi.
Telegrammada aytilishicha, agar 60 kun ichida Vashington xavotirlari sabablarini bartaraf qilmasa, 36 «tashvishga sabab bo‘luvchi» davlat cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin. Xususan, ayrim mamlakatlar fuqarolari AQShdagi terrorchilik harakatlarida yoki «antisemit va antiamerika harakatlarida» qatnashgan», deya ma’lum qildi AQSh Davlat departamenti. Ro‘yxatdagi boshqa davlatlar AQSh ma’muriyati xohlaganidek o‘z fuqarolarini AQShdan chiqarib yuborishga yordam bermagan yoki «ishonchli shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni berish uchun vakolatli yoki hamkorlik qiluvchi hukumatga ega emas», deya ta’kidlagan idora. Yana boshqa ba’zi davlatlar tomonidan berilgan pasportlar Vashington tomonidan «shubhali» deb baholanadi.
Fuqarolari ikki oydan so‘ng AQShga kirishi to‘liq yoki qisman taqiqlanishi mumkin bo‘lgan 36 ta davlatlar qatoriga asosan Afrika davlatlari, shuningdek Misr, Qirg‘iziston va Suriya ham kiritilgan. Bishkekdagi AQSh elchixonasining konsuli mazkur masalalar yuzasidan rasmiy izoh berishi uchun Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga taklif etilgan.
Xitoy o‘zining yadroviy arsenalini hammadan tezroq kuchaytirmoqda
Dunyo yangi yadroviy qurollanish poygasining guvohi bo‘lyapti, unda deyarli barcha to‘qqiz yadroviy davlat — AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil o‘zlarining yadroviy arsenallarini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha jadal dasturlarni amalga oshirmoqda, deyiladi Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutining hisobotida.
Yangi yadro qurollarini joylashtirish jadallashib bormoqda va yaqin yillarda yangi jangovar kallaklar sonining o‘sishi eskilarini demontaj qilish tezligidan oshib ketadi, deb hisoblaydi hisobotda. «Sovuq urush tugaganidan beri davom etgan dunyoda yadro kallaklarining umumiy sonini qisqartirish davri yakunlanmoqda», dedi hisobot hammualliflaridan biri, «Ommaviy qirg‘in qurollari» dasturi tadqiqotchisi Xans M.Kristensen. «Buning o‘rniga, yadroviy arsenallarning ko‘payishi, yadroviy ritorikaning kuchayishi va yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlarni rad etish tendensiyasi aniq», — deydi Kristensen.
SIPRI ekspertlarining qayd etishicha, bu fonda Xitoyning yadro salohiyati ayniqsa tez o‘sib bormoqda. 2023 yildan beri Xitoy armiyasi o‘z arsenalini har yili 100 ga yaqin yadro kallaklariga ko‘paytirmoqda va jami zaxiralar tez orada 600 ta kallakka yetadi. Shu bilan birga, Xitoy qit’alararo ballistik raketalar uchun yuzlab yangi shaxtalar qurmoqda, bu esa 2020-yillarning oxiriga borib Rossiya va AQSh bilan tenglikka olib kelishi mumkin, deb taxmin qilmoqda SIPRI. Bu sur’atda Xitoy 2035 yilga borib 1500 ta jangovar kallakdan iborat arsenalni to‘plashi mumkin, ammo shunga qaramay, u Rossiya va Amerika zaxiralaridan sezilarli darajada kichikroq bo‘ladi. Shimoliy Koreya kichikroq miqyosda bo‘lsa-da, yadroviy arsenalini oshirish maqsadini agressivlik bilan ta’qib etmoqda, deya xulosa qiladi SIPRI.
Tavsiya etamiz
«Ba’zilar uchun genotsid daromadli» - BMT eksperti butun dunyoni Isroil bilan savdoni to‘xtatishga chaqirdi
Jahon | 18:56 / 04.07.2025
40 daraja issiq: bunaqa paytda xodimlar qanday huquqlarga ega?
Jamiyat | 17:15 / 03.07.2025
Issiqdan qanday saqlanish kerak? – JSST tavsiyalari
O‘zbekiston | 16:06 / 02.07.2025
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya deyarli barcha demografik statistikani maxfiylashtirdi
Jahon | 23:25 / 05.07.2025
-
O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston «yashil energiya» yo‘lagi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etdi
Iqtisodiyot | 23:07 / 05.07.2025
-
Buyuk Britaniya Suriya bilan diplomatik munosabatlarni tikladi
Jahon | 22:45 / 05.07.2025
-
Toshkentda tilanchilik bilan shug‘ullangan 70 kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi
Jamiyat | 22:35 / 05.07.2025
Mavzuga oid

14:59 / 05.07.2025
Sulhga “ijobiy” javob bergan Hamas, Yevropaga boj qo‘llagan Xitoy va «Katta ajoyib» qonunni imzolagan Tramp – kun dayjesti

13:34 / 04.07.2025
Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan BMT rasmiysi, rasman tan olingan «Tolibon» va Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgan Tramp – kun dayjesti

13:50 / 03.07.2025
Vayron bo‘layotgan G‘azo, jaziramada qolgan Yevropa va “Oreshnik” bilan qurollanayotgan Belarus – kun dayjesti

13:00 / 02.07.2025