Yozda 40 daraja atrofida issiq bo‘lishi – O‘zbekiston uchun odatiy hol. Bunaqangi issiqda ishlash esa nafaqat qiyin, balki xavfli ham. Shu sabab ayrim davlatlarda havo juda isib yoki sovib ketganida, xodimlarning ish vaqti qisqartiriladi. Xo‘sh, bizda-chi, mehnat qonunchiligimizda normalar bormi? Hozirgidek jazirama kunlarda xodimlar qanday huquqlarga ega? Kun.uz shu kabi savollarga javob izladi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nodira G‘oyibnazarovaning aytishicha, milliy qonunchilikda yaxshi normalar yozilgan, faqat uni amalda qo‘llashni bilish kerak.

“Mehnat kodeksining yangi tahririda aniq normalar belgilab qo‘yildi va bu yerda aytyapti (205-modda): "Yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonada ishlaydiganlar, shuningdek, yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar beriladi”, – deydi u.

G‘oyibnazarovaning so‘zlariga ko‘ra, Mehnat kodeksida alohida toifadagi xodimlarning ish sharoitlari to‘g‘risidagi normalar bo‘lishi belgilangan. Bu qonunosti hujjatlarida aniqlashtiriladi.

“Alohida toifadagi xodimlar deganda biz avvallari voyaga yetmaganlar, homiladorligi bor bo‘lgan ayollar, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni tushunardik. Lekin hozirgi yangi Mehnat kodeksi alohida toifadagi xodimlarni kengaytirgan holatda barchasini qamrab olishga harakat qilgan. Masalan, pedagoglar, tibbiyot xodimlari, transport xodimlari, tabiiy iqlim sharoitida ishlayotganlar. Demak, tabiiy iqlim sharoiti deganda zararli, xavfli, o‘ta zararli, o‘ta xavfli sharoitlarda ishlayotganlar tushuniladi. Mana, oddiy novvoyni oling. Bu yoqdagi temperatura bilan tandirning oldidagi temperaturada qancha farq bor? Tandirning ichiga kirib chiqqanda o‘zidan qancha minerallarni yo‘qotadi? Demak, unda minerallarni organizmda saqlab qolishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘rishni talab etadigan o‘ziga yarasha me’yorlar belgilangan. Ya’ni alohida toifadagi xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqtlariga alohida talablar qo‘yilgan. Agar normal ish vaqti bir haftasida 40 soat bo‘ladigan bo‘lsa, alohida toifadagi xodimlarda, masalan, o‘ta zararli, o‘ta xavflida 36 soat belgilanyapti”, – deydi u.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksiga asosan, 30 daqiqadan 2 soatgacha tanaffuslar belgilanishi mumkin.

“Ish vaqtingiz bir kunda 8 soatdan oshadigan bo‘lsa, ikkita tanaffus berilishi ko‘zda tutilyapti. Ish vaqtingiz 8 soatgacha bo‘lsa, bitta tanaffus. Tanaffus davomiyligi 30 daqiqadan 2 soatgacha deyilyapti. Bu ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi, kasaba uyushmalari bilan kelishgan holda belgilanadi. Kasaba uyushmalari xodimlarning vakillik organi sifatida ish beruvchi bilan jamoa shartnomalarini imzolaydi”, – deydi federatsiya vakili.