Jahon | 21:41 / 01.07.2025
6205
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada qotil-hamshira ishi bo‘yicha yana uch kishi hibsga olindi

Politsiya shifoxona rahbariyatini jinoiy beparvolik va qo‘pol ehtiyotsizlik tufayli odam o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumonlamoqda.

Foto: SWNS

Buyuk Britaniyaning Chester shahridagi Chester shifoxonasining uch nafar menejeri hibsga olindi. Ular qo‘pol ehtiyotsizlik tufayli odam o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumonlanmoqda.

Hibsga olingan menejerlarning ismlari oshkor etilmadi. Sky News xabariga ko‘ra, hibslar shifoxona rahbariyatining jinoiy beparvoligi bo‘yicha tergov bilan bog‘liq. Avvalroq, Chester shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan Lyusi Letbi kamida 7 nafar chaqaloqni o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Shifoxona rahbariyatiga nisbatan jinoiy beparvolik bo‘yicha tergov 2023 yil oktyabr oyida, sobiq hamshira Lyusi Letbi hukm qilinganidan ikki oy o‘tib boshlangan. Mahalliy politsiya boshlig‘i Pol Xyuz so‘zlariga ko‘ra, tergov «shifoxona rahbariyati va ularning qaror qabul qilish jarayonlariga» qaratilgan. Tekshiruv shifoxonada «o‘limlar soni ko‘payganidan keyin rahbariyatning harakatlarida jinoyat belgilari» bor yoki yo‘qligini aniqlashdan iborat.

2025 yil mart oyida tergov kengaytirilib, unga qo‘pol ehtiyotsizlik tufayli o‘limga sabab bo‘lish ayblovi ham qo‘shilgan edi. Xyuz har ikki yo‘nalishda tergov harakatlari davom etayotgani va ish yuritish muddati belgilanmaganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 21 avgust kuni Manchester sudi Chester shifoxonasi neonatal bo‘limining 33 yoshli hamshirasi Lyusi Letbini 15 ta umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sud xulosasiga ko‘ra, hamshira sovuqqonlik bilan, «vahshiylik bilan chegaradosh o‘ta yovuz tarzda» 7 nafar chaqaloqni o‘ldirgan va yana 8 nafarini o‘ldirishga uringan.

Letbi sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatlari berdi va barchasini yutqazdi. U 2024 yil yanvar oyidan beri jazoni Angliyadagi yagona xususiy ayollar qamoqxonasi bo‘lgan Bronzefildda o‘tamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid