Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buyuk Britaniyada taniqli siyosatchi Enn Uiddikomb o‘ldirildi
Buyuk Britaniyada o‘ng konservativ qarashlari bilan tanilgan siyosatchi, sobiq parlament a’zosi Enn Uiddikomb o‘z uyida o‘ldirilgan holda topildi. Politsiya qotillikda gumon qilingan 26 yoshli erkakni qo‘lga olgan bo‘lib, hozircha jinoyat siyosiy sabablar bilan bog‘liq emasligi bildirilmoqda.
Britaniya politsiyasi ma’lum qilishicha, 78 yoshli Enn Uiddikombning jasadi 9 iyul kuni Angliya janubi-g‘arbidagi Devon grafligi hududida, Dartmur milliy bog‘i yaqinida joylashgan Heytor-Veyl qishlog‘idagi uyidan topilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar gumonlanuvchi qo‘lga olingach, voqea haqida 10 iyul kuni rasman axborot berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotgan 26 yoshli erkak Nyuton-Ebbot shahrida hibsga olingan. Devon va Kornuoll politsiyasi bosh konstebli Mett Longmanning ma’lum qilishicha, marhuma og‘ir tan jarohatlari olgan. Ayni paytda jinoyatning aniq sabablari va qanday sharoitda sodir etilgani ochiqlanmagan.
Politsiya gumonlanuvchi Britaniya fuqarosi ekanini ma’lum qildi va mazkur qotillik terrorchilik harakati yoki siyosiy motivlar bilan bog‘liq emasligi haqida dastlabki xulosani bildirdi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Enn Uiddikomb Britaniya Konservativ partiyasidan 1987–2010 yillarda parlamentning Quyi palatasi deputati bo‘lgan. U ayollarning abort qilish huquqini kengaytirishga qarshi qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan. Shuningdek, u mamlakatda o‘lim jazosini qayta tiklash tarafdori bo‘lgan, ammo evtanaziyani qonuniylashtirishga qarshi chiqqan.
1990–1997 yillarda bosh vazir Jon Meyjor hukumatida ijtimoiy ta’minot, bandlik va ichki ishlar sohalarida vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Parlamentni tark etgach, u televideniyedagi mashhur realiti-shoularda ishtirok etdi.
Keyinchalik Enn Uiddikomb Nayjyel Faraj rahbarlik qilgan Brexit Party safida Yevroparlament a’zosi bo‘ldi. 2023 yildan boshlab esa Faraj asos solgan va migratsiyaga qarshi qat’iy siyosati bilan tanilgan Reform UK partiyasining faol vakili va notiqi sifatida ish olib bordi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Enn Uiddikombning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, uni mamlakat siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan siyosatchi sifatida ta’rifladi.
«Bu juda dahshatli xabar. Uning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Enn Uiddikomb ko‘p yillar davomida Britaniya siyosiy hayotida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan shaxs edi», — dedi Starmer.
U, shuningdek, mamlakat qonun chiqaruvchilarining xavfsizligi davlat uchun ustuvor masala ekanini ta’kidlab, siyosiy qarashlardan qat’i nazar umumiy qadriyatlarni himoya qilishga chaqirdi.
Reform UK rahbari Nayjyel Faraj siyosatchining o‘limi uni qattiq larzaga solganini bildirib, jamoatchilik oldida faoliyat yurituvchi shaxslar hayoti tobora xavfli tus olayotganini ta’kidladi.
Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson ham Enn Uiddikombni «Brekzit g‘oyasining fidoyi tarafdori va kuchli notiq» deb atab, uning vafotini mamlakat uchun katta yo‘qotish sifatida baholadi.
Mavzuga oid
16:53 / 04.06.2026
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi
15:10 / 20.05.2026
Qo‘qonda 19 yoshli qiz qotillikka qo‘l urdi
00:04 / 20.05.2026
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
17:53 / 11.05.2026