Jahon | 16:04 / 01.07.2025
4371
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Ukrainada halok bo‘lgan KXDR askarlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi

Pxenyandagi marosimda KXDR yetakchisi Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilgan askarning tobuti ustiga bayroq yopib qo‘ydi. Marosim Rossiya bilan strategik sheriklik shartnomasi imzolanganining bir yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tdi.

Foto: KRT via REUTERS

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida halok bo‘lgan KXDR askarlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 1 iyul, seshanba kuni Shimoliy Koreya davlat televideniyesi Kimning Pxenyandagi tantanali marosimda askarlardan birining tobutiga Shimoliy Koreya bayrog‘ini yopib qo‘ygani aks etgan kadrlarni namoyish etdi. Shimoliy Koreya rahbariga Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova hamrohlik qildi.

Xabarda aytilishicha, 29 iyun, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan marosim Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida harbiy kelishuv imzolanganining yilligi munosabati bilan tashkillashtirilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi «Har tomonlama strategik sheriklik» to‘g‘risidagi shartnomada mudofaa sohasida o‘zaro yordam ko‘rsatish bandi ham mavjud.

Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushida Moskvaning eng muhim tarafdorlaridan biridir. Aprel oyida Pxenyan o‘z askarlari jo‘natilgani va Rossiyaga qurol yetkazib berilganini tasdiqlagan edi. Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk viloyatida KXDR bo‘linmalari Ukraina qo‘shinlarini Rossiya hududidan siqib chiqarish uchun Rossiya tomonida jang qildi. Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, bu janglarda Shimoliy Koreyaning 600 ga yaqin askari halok bo‘lgan, minglab askarlar yaralangan.

Seshanba kuni Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreya qo‘shinlarining keyingi safarbarligi haqida «hech qanday alomat» yo‘qligini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid